Oʻsimliklar karantini va himoyasi sohasida raqamlashtirish va avtomatlashtirilgan xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirish orqali davlat xizmatlari samaradorligini oshirish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar asosiy maqsadli koʻrsatkichlar etib belgilansin:
(a) avtomatlashtirilgan xavfni boshqarish tizimini joriy qilish hisobiga bir yilda oʻrtacha:
(i) karantin ostidagi mahsulotlarning butligi (identifikatsiya) tekshiruvlari sonini 30 foizgacha qisqartirish;
(ii) olib kirilayotgan fitosanitar xavf darajasi oʻrta tovarlar nazoratiga vaqt sarfini oʻrtacha 3 ish kunidan 1 ish kuniga qisqartirish va xavf darajasi past boʻlgan tovarlar boʻyicha xavf profillari asosida avtomatik ravishda karantin koʻrigi dalolatnomasini rasmiylashtirish;
(iii) tadbirkorlik subyektlarining yuklarini koʻrik uchun yoʻnaltiriladigan omborlarda saqlash xarajatlarini 60 milliard soʻmgacha qisqartirish;
(b) fitosanitariya xavf darajasi qayta baholangan 119 ta TIF TN kod ostidagi tovarlarni karantin ostidagi mahsulotlar roʻyxatidan chiqarish;
(v) meva-sabzavot mahsulotlarini hududlararo tashishda sunʼiy toʻsiqlarga chek qoʻyish;
(g) meva-sabzavot mahsulotlari eksportida jozibadorlikni oshirish, mahsulotlarning xom uzilishi va saralanmasligining oldini olish, sifatli qadoqlashga oʻtish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi talablariga moslashtirish maqsadida karantin inspektorining ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishdagi ayrim funksiyalarini bajarishga koʻmaklashuvchi jamoatchi inspektor faoliyatini yoʻlga qoʻyish.
II. Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan 2026-yil 1-avgustdan boshlab karantin ostidagi mahsulotlar fitosanitariya nazoratini amalga oshirishda xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi (keyingi oʻrinlarda — xavflarni boshqarish tizimi) joriy qilinadi. Bunda:
(i) alohida yondashuv asosida har bir davlat va tovarning karantin va fitosanitar holati tahlil qilinib, xavflarni boshqarish tizimida karantin ostidagi mahsulotlar doimiy yangilab turiladigan xavflar profili orqali fitosanitar nazorat uchun tanlab olinadi;
(ii) xavflarni boshqarish tizimi Qoʻmitaning “E-Fitouz” AATda shakllantiriladi hamda Bojxona qoʻmitasining “Yagona darcha” BAT bilan toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiya qilinadi va amaliyotga joriy qilish boshlanadi;
(b) xavflarni boshqarish tizimini ishlab chiqish va uni doimiy texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(v) karantin ostidagi mahsulotlarni xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olish quyidagi asosiy mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi:
(i) karantin ostidagi mahsulotlarning zararli organizmlarni tashuvchanlik xususiyatidan kelib chiqib yuqori, oʻrta va past fitosanitar xavf darajasi;
(ii) karantin ostidagi mahsulotdan foydalanish maqsadlari (ekish, isteʼmol qilish, qayta ishlash va boshqalar);
(iii) mahsulot ishlab chiqarilgan va eksport qilinayotgan davlatning fitosanitar holati;
(iv) mahsulotga ishlov berilganlik darajasi (xom, yarim tayyor, qayta ishlangan va boshqalar);
(v) mahsulot importi nazoratida karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlarning aniqlanganlik holatlari;
(g) fitosanitar nazorat oʻtkazishda xavfni boshqarish tizimi faqat hujjatli tekshiruvga yoʻnaltirganda karantin ostidagi mahsulotlar uchun berilgan bir ariza asosida karantin koʻrigi dalolatnomasi avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi. Bunda yuk identifikatsiya qilishga va jismoniy nazoratga yoʻnaltirilmaydi va yuk egasining xohishiga koʻra bojxona omborlariga joylashtirilmasdan erkin muomalaga chiqariladi;
(d) karantin ostidagi mahsulotlarni fitosanitariya nazoratining xavf profillari va mezonlariga asoslangan xavflarni boshqarish tartibi Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
III. Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishdan eksportgacha boʻlgan jarayonlarni takomillashtirish
3. Belgilansinki, 2026-yilning avgust oyidan boshlab sinov tariqasida bir yil davomida 1-ilovaga muvofiq meva-sabzavotlarga ixtisoslashgan tumanlarda mahsulotlarni yetishtirishdan eksportgacha boʻlgan zanjirda fitosanitar nazoratni amalga oshirishda karantin inspektorining ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishdagi ayrim funksiyalarini bajarishga koʻmaklashuvchi jamoatchi inspektor faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
(a) jamoatchi inspektorlikka talabgorlar “Edukarantin.uz” platformasi orqali onlayn oʻquv kurslarida oʻqitiladi;
(b) Qoʻmitada tashkil etiladigan tanlov komissiyasi xulosasi asosida onlayn oʻquv kurslarini tamomlagan talabgorlar bilan Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari oʻrtasida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuziladi;
(v) Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari bilan shartnoma tuzgan talabgorlarga Qoʻmita tomonidan guvohnoma, Qoʻmitaning logotipi tushirilgan nimcha, bosh kiyim (kepka) va maxsus jihozlar beriladi;
(g) jamoatchi inspektorlar faoliyatini Qoʻmitaning axborot tizimi orqali baholash tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
(d) jamoatchi inspektorlar faoliyatining samaradorlik koʻrsatkichlaridan (KPI) kelib chiqqan holda ushbu faoliyat davom ettiriladi;
(j) jamoatchi inspektorlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda jamoatchi inspektorlarning xulosasi asosida rasmiylashtirilgan har bir ichki fitosanitariya sertifikati toʻlovining Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladigan qismining 50 foizi ularga toʻlov sifatida yoʻnaltiriladi.
4. Shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan boshlab olib kirilayotgan fitosanitar xavfi yuqori boʻlgan karantin ostidagi urugʻlik va koʻchat mahsulotlari fitosanitar nazoratdan oʻtkazilguniga qadar ularni saqlash uchun foydalaniladigan bino va inshootlar (omborlar)ga qoʻyilgan fitosanitar talablarga muvofiq boʻlgan joylarda saqlanadi, mahsulotlarni olib kirgan transport vositalarida bojxona omborlariga tushirilmagan holda vaqtincha saqlash bundan mustasno.
5. Belgilansinki, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda mahsulot tarkibidagi pestitsid va nitrat qoldiq miqdorlarining importchi davlatlar tomonidan qoʻyilgan talablarga muvofiqligini aniqlashda mahsulot yetishtirilgan ekin maydoni hamda hosil hajmidan kelib chiqib akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarda tekshirilganligi toʻgʻrisidagi ijobiy xulosa taqdim etiladi yoki “Agrokoʻmakchi” mobil ilovasidagi “dala daftari”ga mahsulotlarni yetishtirish davomida pestitsidlardan foydalanish toʻgʻrisidagi kiritib borilgan maʼlumotlar inobatga olinadi. Bunda:
(a) akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar hamda ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmat turlari va narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Qoʻmitaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi;
(b) mahsulotlardan namuna olish uchun zarur boʻlgan sarflash materiallari va namunalarni laboratoriyalarga yetkazib berish xizmatlari xususiy sektordagi laboratoriyalar bilan kelishuv asosida koʻrsatiladi hamda mazkur xizmatlarni koʻrsatishda yuzaga keladigan haqiqiy xarajatlar laboratoriyalar tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi;
(v) mazkur band ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2029-yil 1-yanvardan boshlab meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2029-yil 1-yanvarga qadar hududlarda meva-sabzavot mahsulotlarini saralash, saqlash, qadoqlash va eksport qilishga ixtisoslashgan agrologistika markazlari tashkil qilinishini taʼminlasin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari yoʻnalishida tadbirkorlarga yengilliklar berish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-apreldagi “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-67-son Farmoniga muvofiq:
(a) majburiy tartibda fitosanitariya sertifikatlanishi lozim boʻlgan mahsulotlar roʻyxatidan chiqariladigan ayrim tovarlar turlari belgilangani;
(b) mazkur yoʻnalishda nazorat va ruxsat etish tartib-taomillarini xalqaro amaliyotga moslashtirish chora-tadbirlari doirasida nazorat ostidagi tovarlar roʻyxatlari yangilanishi belgilanganligi;
(v) Qoʻmita tomonidan xalqaro amaliyotdan kelib chiqib fitosanitariya sertifikatlanishi lozim boʻlgan mahsulotlar roʻyxatidan chiqariladigan tovarlar roʻyxati shakllantirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
11. Qoʻmita:
(a) 2026-yil 1-iyulga qadar xavflarni boshqarish tizimini joriy qilish boʻyicha texnik topshiriq ishlab chiqib, tasdiqlasin;
(b) 2026-yil 15-iyulga qadar xavflarni boshqarish tizimini:
(i) Qoʻmitaning “E-Fitouz” AATda shakllantirish;
(ii) Bojxona qoʻmitasining “Yagona darcha” BAT bilan toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev belgilansin.
14. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-may,
PQ-193-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-maydagi PQ-193-son qaroriga1-ILOVA
Sinov tariqasida jamoatchi inspektor faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan meva-sabzavot mahsulotlariga ixtisoslashgan tumanlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-maydagi PQ-193-son qaroriga2-ILOVA
Fitosanitariya tartib-taomillarini soddalashtirish hamda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari yoʻnalishida tadbirkorlarga yengilliklar berish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-maydagi PQ-193-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-146-son qaroriga 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlariga ixtisoslashtirilgan nufuzli xalqaro koʻrgazma va yarmarkalar
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi maydonlaridagi qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni koʻpaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-465-son qarorining 9-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilansinki, mazkur shtat birliklari, istisno tariqasida, 2025 — 2027-yillar uchun joriy etiladi hamda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan saqlanadi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-136-son qaroriga 6-ilovaning 6-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-sentabrdagi “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-286-son qaroriga 4-ilovaning 44 va 45-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududini oʻsimliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish va oʻsimliklar karantini sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 65-son qarorida:
(a) Oʻsimliklar karantini ostidagi mahsulotlar uchun karantin ruxsatnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
(i) 21-bandidagi “30 kungacha uzaytiriladi” soʻzlaridan keyin “, bir kalendar yilga karantin ruxsatnomasi berilgan hollar bundan mustasno” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
(ii) 2-ilovaning 11-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
(b) Oʻsimliklar karantini ostidagi mahsulotlar uchun fitosanitariya sertifikatlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaning 7-pozitsiyasidagi “oʻn foizi” soʻzlari “yigirma foizi” soʻzlari bilan almashtirilsin”.
6. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-son qarori bilan tasdiqlangan Vazirliklar, qoʻmitalar va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladigan davlat bojlari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan toʻlovlardan, maʼmuriy va moliyaviy jazolardan ajratmalar miqdorlarining 30-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin: