2026-yil 1-iyun kuni oʻtkazilgan madaniyat, sanʼat va adabiyot xodimlari bilan sohalarni yanada rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, ijodkorlarga munosib shart-sharoitlar yaratish hamda sohada xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholgʻu, tasviriy va amaliy sanʼat hamda adabiyot kabi yoʻnalishlarda ijodiy birlashmalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va qoʻllab-quvvatlash;
(b) ijodkorlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ularning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki sonini 2027-yilda 20 foizga, gʻoliblar sonini 30 foizga, 2030-yilga qadar ishtirokchilar sonini 5 baravarga, gʻoliblar sonini esa 2 baravarga oshirish;
(v) shoir va yozuvchilar tomonidan har yili kamida 50 ta eng sara asarlar yaratilishini, milliy adabiyotning eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinishini taʼminlash;
(g) ijodkorlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, jumladan, har yili 1 ming nafar ijodkorni uy-joy bilan taʼminlash, 3 ming nafarini bepul davolash;
(d) nodavlat teatr va teatr-studiyalar sonini 2028-yilda 50 taga yetkazib, teatr sohasida xususiy sektor ishtirokini 25 foizga oshirish.
II. Sohada isteʼdodlarni yuzaga chiqarishning yangi tizimini joriy etish
2. Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va keng ijodkorlar jamoatchiligining 1-ilovaga muvofiq madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalarni (keyingi oʻrinlarda — ijodiy birlashmalar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Belgilansinki:
(a) ijodiy birlashmalarning ijodiy rahbarlari va ularga tashkiliy masalalarni hal etishda koʻmaklashuvchi hamrahbarlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi;
(b) ijodiy rahbar oʻz yoʻnalishida yangi iqtidorlarni yuzaga chiqarishga masʼul hisoblanadi;
(v) ijodiy birlashmalarga biriktirilgan hamrahbarlar:
(i) ijodiy birlashma hamda uning yoʻnalishiga mos ijodkorlar va jamoalar faoliyatini samarali tashkil etish hamda ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga masʼul hisoblanadi;
(ii) ijodiy birlashma yoʻnalishi boʻyicha mahalla — tuman — viloyat — respublika darajasidagi tanlovlar va madaniy tadbirlarning yillik reja-grafigini ijodiy rahbarlar bilan birgalikda tasdiqlaydi hamda ularni tashkil qiladi;
(iii) xalqaro va respublika tanlovlari gʻolib va sovrindorlarining gastrol safarlarini tashkil etishga hamda xalqaro festival va tanlovlarda ishtirok etishiga koʻmaklashadi;
(g) hamrahbarlarga oʻzlari bevosita rahbar boʻlgan muassasa (tashkilot, korxona) va uning tizim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ijodiy birlashmalarga mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat beriladi;
(d) ijodiy birlashmalarning faoliyatini moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan homiylik xayriyalari metsenatlik koʻmagi hisoblanadi hamda ularga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar qoʻllanadi;
(j) 2027-yildan boshlab ijodiy birlashmalarning yillik ijodiy hisoboti shaklida Milliy ijodkorlar qurultoyi oʻtkaziladi hamda unda ijodiy birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
(i) ijodkorlarning badiiy kechasi, mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi;
(ii) bir yil davomida har oyda 5 million soʻm miqdorida gonorar toʻlanadi;
(iii) uch yil davomida Oʻzbekiston boʻylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi, bunda tashish xarajatlari boʻyicha olinmay qolgan daromadlar keyinchalik har oyda qoplab beriladi;
(iv) davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajati toʻliq qoplanadi.
4. Isteʼdodlarni aniqlash va rivojlantirish, ularning prodyuserlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydigan biznes loyihalarni moliyalashtirish maqsadida Madaniyat vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamgʻarmaga 2026-yil 1-iyulga qadar respublika budjeti hisobidan 200 milliard soʻm mablagʻ ajratish chorasini koʻrsin hamda 2027-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida har yili kamida 200 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
6. Madaniyat vazirligi 2026-yil 1-iyuldan boshlab Jamgʻarma hisobidan ochiq va shaffof tizim asosida eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish tizimini yoʻlga qoʻysin.
7. Madaniyat vazirligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2027-yildan boshlab har yili teatr, cholgʻu, xor va raqs yoʻnalishida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻrtasida tuman — viloyat — respublika darajasida tanlovlarni oʻtkazib borishni yoʻlga qoʻysin. Bunda:
(a) har bir yoʻnalish boʻyicha respublika darajasidagi tanlovda gʻolib deb topilgan umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga oʻz ijodini targʻib qilish, sahna dekoratsiyalari va liboslari, musiqa asboblari xarid qilish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 500 million soʻmdan grant beriladi;
(b) respublika tanlovi gʻoliblari madaniyat va sanʼat yoʻnalishlari boʻyicha davlat taʼlim tashkilotlariga kirishda ijodiy imtihondan ozod etiladi va ularga maksimal ball beriladi.
8. 2026-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga milliy cholgʻu asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foiz qismini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tizimi joriy qilinsin.
III. Sohani qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish
9. Belgilansinki, 2026-yil 1-sentabrdan 2036-yil 1-yanvarga qadar:
(a) asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish boʻlgan subyektlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi xususiy taʼlim tashkilotlari qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yer soligʻi, mol-mulk soligʻidan, ularda ishlovchi xodimlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;
(b) xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekiston hududida kino mahsulotini yaratish bilan bogʻliq faoliyati natijasida olgan daromadlari Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga toʻlov manbaida soliq solishda soliq bazasiga kiritilmaydi.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi hamda Madaniyat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonning 9-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini taqdim etish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Quyidagilarni davlat budjeti mablagʻlari hisobidan har yili moliyalashtirish tizimi joriy etilsin:
(a) yiliga kamida 50 ta eng sara asarlarni yaratish uchun shoir va yozuvchilarga ijodiy buyurtma berish;
(b) opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar boʻyicha har yili kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun ijodkorlarga davlat buyurtmasi berish;
(v) har yili milliy adabiyotning eng sara 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar oʻtkazish xarajatlarini qoplab berish;
(g) Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarni nashr etish uchun qogʻoz xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish;
(d) sheʼriyat bilan sanʼatni uygʻunlashtirgan holda tashkil etiladigan eng sara 100 ta sheʼriy konsertlarni oʻtkazish boʻyicha davlat buyurtmasi berish.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu Farmonning 11-bandida belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun respublika budjeti hisobidan 2026-yilda 25 milliard soʻm, 2027-yildan boshlab har yili 50 milliard soʻm ajratsin.
13. Isteʼdodlar va ularning ustozlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
(a) madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari gʻolib va sovrindorlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
(i) Gran-pri va 1-oʻrin gʻolibi — xalqaro tanlov boʻyicha 300 million soʻm, respublika tanlovi boʻyicha 100 million soʻm miqdorida;
(ii) 2-oʻrin sohibi — xalqaro tanlov boʻyicha 200 million soʻm, respublika tanlovi boʻyicha — 50 million soʻm miqdorida;
(iii) 3-oʻrin sohibi — xalqaro tanlov boʻyicha 100 million soʻm, respublika tanlovi boʻyicha 25 million soʻm miqdorida;
(b) tanlovlarning gʻolib va sovrindorlarini tayyorlagan oʻqituvchi (konsertmeyster)ning oylik maoshiga bir yil davomida 100 foizgacha ustama Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;
(v) nufuzli xalqaro tanlovlarning gʻolib (sovrindor)lari va ularning oʻqituvchi (konsertmeyster)larining tanlovlarda ishtirok etishi xarajatlari toʻliq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
(g) ushbu bandda nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralari xususiy sektorda faoliyat yurituvchi shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi;
(d) ushbu bandda nazarda tutilgan nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida aniqlanadi.
IV. Soha vakillarining ijtimoiy taʼminotini yanada mustahkamlash
14. 2026-yil 1-iyuldan boshlab har yili 1000 nafar uy-joyga muhtoj madaniyat, sanʼat va ijodiy soha vakillariga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yoʻlga qoʻyilsin, bunda:
(a) Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari ajratishda boshlangʻich toʻlov kredit oluvchi tomonidan 2-ilovada belgilangan miqdorlarda shakllantiriladi, bunda shakllantiriladigan boshlangʻich toʻlovning 50 foizi hamda kredit muddatining birinchi besh yili davomida toʻlanadigan kredit foizlarining 10 foizlik punktdan oshgan qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi;
(b) boshlangʻich toʻlovning 50 foizini qoplab berish Iqtisodiyot va moliya vazirligining “subsidiya.idm.uz” dasturiy taʼminot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari madaniyat sohasi vakillarini zarur uy-joylar bilan taʼminlashga masʼul etib belgilansin.
16. Bir hududdan boshqa hududga kelib ishlayotgan va ushbu hududda oʻz uy-joyiga ega boʻlmagan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari vakillariga uy-joy ijarasi toʻlovlarining bir qismini quyidagi miqdorlarda qoplab berish tartibi joriy etilsin:
(a) Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur Farmonning 14 va 16-bandlarida nazarda tutilgan xarajatlar uchun 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjetidan 50 milliard soʻm ajratsin.
18. 2026-yil 1-iyuldan boshlab ijodiy birlashmalarning tavsiyasi asosida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi xarajatlarni qoplab berish yoʻlga qoʻyilsin:
(a) har yili 1 ming nafargacha Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davolanish boʻyicha imtiyozga ega boʻlmagan, biroq oʻz faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari vakillariga yuqori texnologik operatsiyalarni oʻtkazish;
(b) har yili 2 ming nafargacha madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari vakillariga sugʻurta mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq boʻlmagan ixtiyoriy tibbiy sugʻurta badallari uchun xarajatlarning 50 foizini qoplab berish;
(v) har yili 100 nafargacha sohada kamida 10 yil ishlagan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari vakillariga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi sanatoriylarida bepul davolanish.
19. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab budjetdan moliyalashtiriladigan teatr va konsert-tomosha muassasalarida faoliyat yurituvchi raqs jamoasining badiiy rahbari, baletmeysteri, repetitorlari, balet artistlarining lavozim maoshlarini mehnatga haq toʻlashning bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga va (yoki) Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyentlari miqdori Davlat budjeti hisobidan 2 baravarga oshirilgan holda qoʻllanadi;
(b) davlat muassasalarida raqs sanʼati sohasida faoliyat yuritayotgan raqqos va raqqosalarni imtiyozli ish staji bilan pensiyaga chiqarishda talab etiladigan 20 yillik ish stajining kamida 15 yili raqqos va raqqosalik faoliyatidan iborat boʻlgan taqdirda, qolgan 5 yili uchun baletmeyster va balet boʻyicha repetitor faoliyati bilan shugʻullangan davrni inobatga olishga ruxsat beriladi.
20. Nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2026-yil 1-sentabrdan boshlab hududlarda inklyuziv ijodiy ustaxonalar tashkil qilinsin. Bunda inklyuziv ijodiy ustaxonalarni tashkil etish hamda ularni darsliklar va ijod uchun zarur anjomlar bilan taʼminlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili 30 milliard soʻm ajratib boriladi.
21. 2026-yil 15-iyundan boshlab 3-ilovaga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi aeroport va temir yoʻl vokzallaridagi “VIP” zallardan bepul foydalanish huquqi berilsin.
V. Sohada nodavlat sektor faolligini oshirish
22. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
(a) nodavlat teatr va teatr-studiyalarning quyidagi xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi:
(i) har yili 50 ta sahna asari yaratish xarajatlari;
(ii) har oyda xususiy binoni ijaraga olish xarajatlarining bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha boʻlgan qismi;
(b) davlat madaniyat obyektlari ularning boʻsh vaqtlarida nodavlat teatr va teatr-studiyalarga spektakl namoyish etish uchun ijara toʻlovisiz foydalanish uchun beriladi. Bunda tomosha zallari uchun talabgorlar ikkita yoki undan koʻp boʻlgan taqdirda, ular orasida tanlov oʻtkaziladi;
(v) ushbu bandning “a” kichik bandida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun har yili Davlat budjetidan qoʻshimcha 10 milliard soʻm ajratiladi.
23. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda (Nukus shahri va viloyatlar markazlari bundan mustasno) konsert-tomosha tadbiri tashkil etilgan va bir tadbir doirasida 1 000 tadan ortiq bilet sotilgan taqdirda, konsert-tomosha tashkilotchilariga sotilgan biletlar qiymatining 20 foiziga teng boʻlgan miqdorda subsidiya beriladi;
(b) davlat va nodavlat teatrlarga oʻzi faoliyat yuritayotgan joyda sahnalashtirilgan spektakl uchun sotilgan har bir chiptaga qoʻshimcha 10 ming soʻm, boshqa hududga chiqqan holda namoyish etilgan taqdirda, 20 ming soʻm miqdorida subsidiya beriladi.
24. Belgilansinki, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab har yili 500 ming nafar oʻqituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol oʻquvchi va talabalarga hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilalarning bir nafar farzandiga, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucher beriladi, bunda:
(a) vaucher qiymatidagi mablagʻlar shaxslarning nomiga ochiladigan ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi;
(b) vaucher berish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli ravishda Davlat budjeti mablagʻlari hamda Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
VI. Kinoindustriya sohasini yanada rivojlantirish
25. Xususiy kinostudiyalarning mustaqil faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda sohada erkinlik va raqobat muhitini shakllantirish maqsadida:
(a) Milliy kinematografiya, kinokompaniya va kinoteatrlar tarmogʻini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy kengash faoliyati hamda har bir filmga maslahatchilar guruhini biriktirish amaliyoti tugatilsin;
(b) davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarning mavzusidan kelib chiqib, soha mutaxassislaridan iborat haq toʻlanadigan ekspert guruhlari tashkil qilib borilsin. Bunda Badiiy kengash tomonidan maʼqullangan va (yoki) ishlab chiqarishga tushirilgan loyihalarni yakunlash ushbu kengash tomonidan amalga oshiriladi va ular boʻyicha ekspert guruhlarining xulosasini olish talab etilmaydi;
(v) “Oʻzbekfilm” kinokonserni” davlat muassasasiga “milliy” maqomi berilsin hamda uning faoliyati mahalliy va xalqaro kinostudiyalarga xizmat koʻrsatuvchi kinokonsern sifatida yoʻlga qoʻyilsin;
(g) Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan oʻtkaziladigan “Oltin Humo” milliy kino taqdimoti nufuzini oshirish maqsadida 2027-yildan boshlab har yili 5 milliard soʻm ajratib borilishini taʼminlasin.
26. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq davlat buyurtmasi asosida kino, shu jumladan, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi loyihalari yaratilishida:
(a) marketing va reklama xarajatlari uchun film budjetining 30 foiz miqdorigacha mablagʻlarni ajratishga ruxsat beriladi;
(b) xarid shartnomalarini ekspertizadan oʻtkazish talabi bekor qilinadi;
(v) filmlar namoyishidan tushgan mablagʻlarning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qoʻshimcha ragʻbat sifatida beriladi.
VII. Hududlarda madaniyat tadbirlarini tashkil etish va kitobxonlikni rivojlantirish
27. 2026-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahar, Samarqand va Namangan viloyatlari hokimliklari huzurida madaniy tadbirlarni tashkil etish direksiyalari (keyingi oʻrinlarda — direksiyalar) faoliyati yoʻlga qoʻyilsin.
28. Belgilansinki:
(a) direksiyalar tegishli hokimliklar muassisligida masʼuliyati cheklangan jamiyatlar shaklida tashkil etiladi, boshqa tadbirkorlarga direksiya ustav fondiga oʻz pul mablagʻlari bilan ishtirok etishiga ruxsat beriladi;
(b) direksiyalar tegishli hududda joylashgan, madaniy, ommaviy, konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilishi mumkin boʻlgan binolar, majmualar, pavilyonlar, stadionlar, sahnalar, zallarga (keyingi oʻrinlarda — madaniyat obyektlari) ega boʻlgan barcha davlat muassasalari, shu jumladan, konsert, teatr, madaniyat saroylari bilan majburiy ravishda, shunday bino va inshootlarga ega xususiy tashkilotlar bilan esa oʻzaro kelishuvlar asosida xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida shartnomalar imzolaydi;
(v) direksiyalar tuzilgan shartnomalar asosida har bir madaniyat obyektining har kunlik ish rejimi, ularning band va boʻsh vaqtlari haqida onlayn rejimda maʼlumot olib turadi;
(g) direksiyalar madaniyat obyektlarining boʻsh vaqtidan samarali foydalanish maqsadida ularda madaniy tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etadi, oʻzi jalb qilgan tadbir tashkilotchilari bilan madaniy maskanlarning mulkdorlari nomidan shartnomalar tuzadi;
(d) direksiyalar tomonidan mulkdor nomidan tuzilgan shartnomalarga asosan madaniyat obyektlarini tadbirlar uchun ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning xizmat koʻrsatish shartnomasida tomonlar oʻzaro kelishuv asosida belgilaydigan qismi direksiyalarga oʻtkazib beriladi;
(j) direksiyalar oʻzlari tuzgan shartnoma asosida oʻtkaziladigan ommaviy tadbirlarga ruxsat olish boʻyicha tartib-taomillarning bajarilishini bevosita oʻzi taʼminlaydi.
29. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Madaniyat vazirligining takliflari asosida 2026-yil yakuniga qadar 50 tadan 100 tagacha chekka va olis hududlardagi mahallalarda namunali mahalla kutubxonasi va kitob doʻkonlarini tashkil qilsin. Bunda Yoshlar ishlari agentligi:
(a) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda namunali mahalla kutubxonalarining badiiy, ilmiy-ommabop, maʼrifiy, hujjatli va biografik adabiyotlar bilan toʻldirilishini;
(b) Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi bilan birgalikda ushbu kutubxonalar faoliyati toʻliq raqamlashtirilishini taʼminlasin;
(v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab ushbu kutubxonalarda “Mutolaa” platformasidan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratsin.
30. 2026-yil 1-iyuldan boshlab Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik musiqali teatri, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri va Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilsin.
VIII. Taʼlim tizimini takomillashtirish
31. 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 10 tadan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida, tajriba tariqasida, musiqa, tasviriy sanʼat va texnologiya darslarini ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiq “Art” oʻquv dasturi asosida takomillashtirilgan holda oʻqitish yoʻlga qoʻyilsin. Bunda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Art” yoʻnalishlariga mos holda jihozlash xarajatlari mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
32. Belgilansinki, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
(a) bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari mehnatiga haq toʻlash miqdorlari umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash miqdorlariga tenglashtiriladi;
(b) umumiy oʻrta taʼlim muassasalari hamda bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻqituvchilari ish haqiga oʻquvchilarining cholgʻularni ijro etishi darajasidan kelib chiqib, har oyda 20 foizgacha ustama toʻlash tartibi joriy etiladi;
(v) bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda ixtisoslashgan maktablar bilan umumiy taʼlim muassasalari oʻrtasida ijodiy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi hamda ijodiy jamoalar tomonidan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida davriy ravishda konsert-tomosha dasturlari va mahorat darslari oʻtkazib boriladi;
(g) har bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasida musiqa va sanʼat yoʻnalishida kamida 4 tadan toʻgarak tashkil qilinadi.
33. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya ikki oy muddatda yosh ijodkorlarning startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi 10 ta oliy taʼlim muassasasiga Davlat budjeti va Oliy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda 50 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.
34. Kasbiy taʼlim agentligi tizimidagi Respublika musiqa va sanʼat texnikumi hamda Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk texnikumi oliy maktab sifatida qayta nomlangan holda Madaniyat vazirligi tizimiga oʻtkazilsin, bunda Respublika musiqa va sanʼat oliy maktabi hamda Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk oliy maktabida:
(a) bitiruvchilarga kasbiy taʼlim toʻgʻrisida davlat namunasidagi diplom beriladi;
(b) iqtidorli bitiruvchilarga belgilangan tartibda oʻz oʻqishini tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlarining ikkinchi bosqichidan davom ettirish imkoni yaratiladi;
(v) talabalarga taniqli ijodkorlar biriktiriladi va ularga oliy taʼlim tashkiloti professor-oʻqituvchisiga teng miqdorda mehnatga haq toʻlash shartlari qoʻllanadi.
35. Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi hamda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi negizida Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va sanʼat xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil qilinsin.
IX. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
36. Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
37. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
38. Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
39. Ushbu Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.
40. Farmon ijrosini nazorat qilish va masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-iyun,
PF-103-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoniga1-ILOVA
Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarida tashkil etiladigan ijodiy birlashmalarning yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoniga2-ILOVA
Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlari hamda ijodkorlarga ipoteka kreditlari ajratishda xarid qilinadigan uy-joylarning boshlangʻich toʻlovini shakllantirish miqdorlari
Izoh:
1) boshlangʻich toʻlov miqdorini hisoblashda uy-joyning Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdorlarida belgilangan narxigacha boʻlgan qismi hisobga olinadi;
2) sotib olinayotgan kvartiraning narxi uy-joyning qayta moliyalashtiriladigan eng koʻp miqdoridan oshgan taqdirda ham boshlangʻich toʻlov ushbu ilovaga muvofiq shakllantiriladi. Bunda boshlangʻich toʻlovning oshgan qismi kredit oluvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoniga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi aeroport va temir yoʻl vokzallaridagi “VIP” zallardan bepul foydalanish huquqi beriladigan davlat mukofotlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoniga4-ILOVA
Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi
Izoh: Zaruratga koʻra, ishlab chiqilishi belgilangan normativ-huquqiy hujjat loyihalari birlashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoniga5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi “Kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-190-son Farmoniga 4-ilovadan 624 va 640-pozitsiyalar chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi “Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-183-son qarori 7-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(b) Markaz unga ajratilgan mablagʻlar, shu jumladan, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Ekspertlar kengashi xulosalariga muvofiq ijodiy tanlovda gʻolib chiqqan ishlab chiqarish subyektiga bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish boʻyicha buyurtmalar beradi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyundagi “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirishning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash haqida”gi 458-son qarorida:
(a) 1a-ilovaning izoh qismi quyidagi mazmundagi 3-band bilan toʻldirilsin:
“3. Sirk va teatrlarning Bosh baletmeyster, sahnalashtiruvchi-baletmeyster, raqs jamoasining badiiy rahbari, baletmeyster, balet boʻyicha repetitor xodimlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan hisoblanadigan bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 2 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi”;
(b) 2a-ilovaning izoh qismi quyidagi mazmundagi 4-band bilan toʻldirilsin:
“4. Teatrlar balet artisti xodimlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan hisoblanadigan bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 2 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi”;
(v) 3a-ilovaning izoh qismi quyidagi mazmundagi 4-band bilan toʻldirilsin:
“4. Konsert tashkilotlari Bosh baletmeyster, raqs guruhining badiiy rahbari, sahnalashtiruvchi baletmeyster, baletmeyster, balet boʻyicha repetitor xodimlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan hisoblanadigan bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 2 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi”;
(g) 4a-ilovaning izoh qismi quyidagi mazmundagi 4-band bilan toʻldirilsin:
“4. Konsert tashkilotlari, musiqa va raqs jamoalari, shuningdek, sirklardagi balet artisti xodimlari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan hisoblanadigan bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 2 koeffitsiyentga oshirilgan holda belgilanadi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-oktabrdagi “Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning roʻyxatini hamda ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 637-son qaroriga 1-ilovaning 1-pozitsiyasi “IV qism. teatrlar, konsert tomosha va boshqa tomoshabob teatr muassasalari artistlari” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin: