PF-104-son Farmon · 04.06.2026

Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-104
  • Qabul qilingan sana:04.06.2026
  • Kuchga kirgan sana:05.06.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/26/104/0563

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-243-son Farmoni ijrosini taʼminlash, qurilish sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish hamda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida qaror qilaman:

I. Asosiy maqsad

1. Quyidagilar mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) qurilishga ruxsat olishda aholi va tadbirkorlarning vaqt resurslari va moliyaviy xarajatlarini 2 barobargacha qisqartirish;

(b) qurilish sohasida sunʼiy intellektni joriy etish va davlat xizmatlarini koʻrsatishda inson omilini qisqartirish;

(v) qurilish jarayonlarida shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash.

II. Davlat xizmatlarini soddalashtirish

2. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tomonidan Toshkent shahrida bino-inshootlarning ixtisoslashishini oʻzgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda oʻz hududida qoʻshimcha bino-inshootlar qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish va arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish boʻyicha davlat xizmatlarini bitta bosqichda koʻrsatish amaliyoti joriy qilinganligi hamda oʻzining ijobiy natijalarini berganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab respublikaning barcha hududlarida mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan davlat xizmatlarini birlashtirib, yagona davlat xizmati — arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etilsin. Bunda mazkur talablar bosh rejasi raqamlashtirilgan aholi punktlari boʻyicha inson omilisiz (avtomatik ravishda) shakllantiriladi.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) 2026-yil 1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash “bitta ariza — bir toʻlov — barcha ulanish nuqtalari” tamoyili asosida kompozit shaklda amalga oshiriladi;

(b) 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahri, 2027-yil yakuniga qadar qolgan hududlar boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va boshqa muhandislik-kommunikatsiya tashkilotlarining tegishli tarmoqlardagi yuklamalar, mavjud zaxira va ulanish nuqtalari haqidagi maʼlumotlari geografik axborot tizimi (GIS) shaklida “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilinadi.

Bunda mazkur maʼlumotlar asosida obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni berish jarayonlari bosh reja raqamlashtirilgan aholi punktlarida toʻliq inson omilisiz amalga oshiriladi;

(v) hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlariga (keyingi oʻrinlarda — hududiy kengash) raislik qilish tegishliligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklanadi;

(g) binoning konstruksiyasi, mustahkamligi va yongʻin xavfsizligiga taʼsir qilmaydigan, quvvati va maqsadi oʻzgarmagan holda shaharsozlik norma va qoidalariga zid boʻlmagan loyihadagi rejaviy tuzilish (planirovka)da oʻzgarishlar mavjud boʻlganda, ushbu bino loyihasini shaharsozlik ekspertizasidan oʻtkazish jarayonida loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi;

(d) qurilish sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qoʻshimcha 5 ish kuni beriladi.

III. Sohani raqamlashtirishni kengaytirish va sunʼiy intellektni joriy etish

5. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:

(a) qurilish obyektlarini nazorat qilishda videokuzatuv kameralaridan foydalanish hamda ulardan olingan maʼlumotlarni Qurilish obyektlarini onlayn kuzatish markazida tahlil qilish amaliyotida qurilishi yangidan boshlanadigan quyidagi obyektlarda videokuzatuv kameralarini majburiy oʻrnatish choralarini koʻrsin:

(i) tadbirkorlik subyektlari tomonidan quriladigan koʻp kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat obyektlarida;

(ii) budjet mablagʻlari hisobidan quriladigan qiymati 3 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan obyektlarda, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bundan mustasno;

(b) qurilish subyektlari tomonidan yuritilishi majburiy boʻlgan ijro hujjatlarini raqamlashtirsin hamda ularni qogʻoz shaklida talab etish tartibini bekor qilsin;

(v) qurilishga ruxsat berish va foydalanishga qabul qilish boʻyicha arizalarni sunʼiy intellekt orqali tahlil qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etsin.

6. Vazirlik huzurida xoʻjalik hisobida faoliyat yuritadigan davlat muassasasi shaklidagi Shaharsozlik sohasida iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish respublika markazi tashkil etilsin hamda uning asosiy vazifalari va funksiyalari etib quyidagilar belgilansin:

(a) “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasini yuritish hamda uning samarali ishlashi bilan bogʻliq funksiyalarni bajarish;

(b) shaharsozlik sohasida narxlarni shakllantirish tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish;

(v) qurilish resurslari bozorini monitoring va tahlil qilish;

(g) Vazirlik tizimidagi qurilish sohasida davlat xaridlarini tashkil etish konsalting markazlari faoliyatini metodologik taʼminlash hamda muvofiqlashtirish.

IV. Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat faoliyatini takomillashtirish

7. Belgilansinki, loyiha-qidiruv faoliyatini rivojlantirish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida:

(a) davlat hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi kamida 50 foiz boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va ular muassisligidagi korxonalarning xaridlari doirasida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish xizmati narxini obyektlarning murakkablik toifasidan kelib chiqqan holda belgilashga ruxsat etiladi. Bunda obyektlar boʻyicha mualliflik nazoratini yuritish uchun buyurtmachi va loyiha tashkilotlari oʻrtasida alohida shartnoma tuziladi va toʻlov amalga oshiriladi;

(b) 2026-yil 1-iyuldan boshlab yangi obyektlar boʻyicha loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini bir vaqtda amalga oshirish (parallel qurilish) amaliyoti bekor qilinadi hamda tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Bunda:

(i) tadbirkorlik subyektlarining oʻz mablagʻlari hamda jalb qilinadigan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar (koʻp kvartirali uy-joylar bundan mustasno) boʻyicha bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi;

(ii) qurilish-montaj ishlari obyektning har bir bosqichi (qismi) boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilgandan va Inspeksiya tomonidan roʻyxatga olingandan soʻng reja-grafik asosida boshlanadi;

(iii) qurilish-montaj ishlarini belgilangan tartib-taomillarga muvofiq olib borish jarayonlari Inspeksiya tomonidan “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasida monitoring qilib boriladi;

(iv) budjet tizimi budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarda bosqichma-bosqich tayyorlanadigan loyiha asosida qurilish-montaj ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qaror (farmoyish)lari bilan amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi;

(v) Vazirlik Inspeksiya bilan birgalikda 2027-yil yakuniga qadar tajriba-sinovning ijobiy natijalariga koʻra uni davom ettirish va boshqa yoʻnalishlarda tatbiq etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

(v) “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida pudratchisi aniqlanadigan, shuningdek, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravarigacha boʻlgan obyektlarning davlat xaridlari boʻyicha texnik topshiriqlarini ekspertizadan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinadi.

8. Vazirlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda pudrat tashkilotlarining lizing asosida jalb etilgan maxsus texnika vositalari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining reyting baholash jarayonlarida inobatga olinishini (zarur maʼlumotlarni tegishli tashkilotlarning axborot-dasturiy tizimlaridan integratsiya asosida olgan holda) taʼminlasin.

9. Pudrat va loyiha tashkilotlari ularning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida 2029-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, qurilish ishlarida foydalaniladigan maxsus texnika vositalarini hamda laboratoriya va instrumental koʻrik asbob-uskunalarini olib kirishda bojxona bojidan ozod etilsin. Bunda Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda bojxona bojidan ozod etiladigan maxsus texnika vositalari roʻyxatini tasdiqlasin.

10. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Markaziy bank Vazirlik bilan birgalikda:

(a) mahalliy loyiha va pudrat tashkilotlarini xalqaro tenderlarda ishtirok etishga tayyorlash va ularning talablarini oʻrgatish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etsin, bunda har bir hududdan reyting koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan kamida 5 tadan loyiha va pudrat tashkilotlarini jalb etsin;

(b) yuqori malakali va tajribali xorijiy mutaxassislarni konsultant sifatida jalb qilgan holda (tenderlarda yutib berish majburiyati bilan) tenderlarda ishtirok etish, jumladan, tegishli materiallarni tayyorlash, hujjatlarni rasmiylashtirish, konsorsiumlar tuzish hamda shu kabi boshqa tashkiliy-texnik masalalarni oʻrgatishni yoʻlga qoʻysin;

(v) 2026-yil 1-avgustga qadar xalqaro tenderlarda gʻolib boʻlgan mahalliy loyiha va pudrat tashkilotlarini ragʻbatlantirish tizimini joriy etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

11. Koʻp kvartirali uylardan foydalanishda nazorat tadbirlarini kuchaytirish maqsadida:

(a) ekspluatatsiya muddati 50 yildan oshgan koʻp kvartirali uylarda qayta rejalashtirish ishlarini amalga oshirish taqiqlansin, bundan mustahkamlash ishlari mustasno;

(b) koʻp kvartirali uylarda kafolat muddati davomida yuzaga kelgan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha Inspeksiyaning koʻrsatmasini bajarmagan pudrat tashkilotlarining reyting koʻrsatkichlariga jarima ballarini qoʻllash amaliyoti joriy etilsin.

V. Kadrlar salohiyatini oshirish

12. Boshqaruv samaradorligi agentligi Vazirlik va Inspeksiya bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar:

(a) Vazirlik va Inspeksiyaning markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari hamda loyiha tashkilotlari mutaxassislari uchun shaharsozlik, arxitektura va qurilish sohasi rivojlangan ilgʻor xorijiy davlatlarda stajirovkalarni tashkil etsin. Bunda stajirovka dasturining aniq maqsad va natijalarga yoʻnaltirilganligi, amaliy koʻnikmalarga ustuvorlik berilganligi, olingan tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish hamda stajirovka yakunida amaliyotga joriy etish rejalarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilsin;

(b) sohani raqamlashtirish va sunʼiy intellektni qoʻllashni oʻrgatishda malaka oshirish va oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.

13. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Vazirlik bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Namangan davlat texnika universiteti va Qarshi davlat texnika universitetida Avstriyaning Vena universiteti va Italiyaning Sapiyensa universiteti bilan hamkorlikda qurilish va arxitektura boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish (yoki filiallar ochish) toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

14. Qurilish sohasini yanada isloh qilish, ayrim tartib-taomillarni soddalashtirish va jarayonlarni raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

16. Vazirlik ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov belgilansin.

18. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 4-iyun,

PF-104-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF-104-son Farmoniga1-ILOVA

Qurilish sohasini yanada isloh qilish, ayrim tartib-taomillarni soddalashtirish va jarayonlarni raqamlashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF-104-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5017-son Farmonining 1-bandi uchinchi xatboshisidagi “uning huzuridagi “Issiqlik taʼminoti obyektlari boʻyicha injiniring kompaniyasi” MCHJ” soʻzlari “Vazirlik huzuridagi “Issiqlik taʼminoti obyektlari boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-27-son Farmoniga ilovaning 121-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-151-son Farmonida:

(a) 2-ilovada:

(i) 4-pozitsiyaning “Qayta tashkil qilinayotgan tashkilotning faoliyatiga oid qoidalar va izohlar” ustuni quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini texnik qoʻllab-quvvatlash va qamrovini yanada kengaytirish maqsadida, tizimdan foydalanganlik uchun Markazga va Jamgʻarmaga belgilangan amaldagi toʻlovlar turi, miqdori va manbai saqlab qolingan holda, yangi tatbiq etilgan elektron platformalardan foydalanishda zaruriy toʻlovlar joriy qilinishi mumkin (toʻlovlar turi, miqdori, manbai va tartib-taomillari Vazirlik tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda belgilanadi)”;

(ii) 8-pozitsiyaning “Qayta tashkil qilinayotgan tashkilotning nomi” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Issiqlik taʼminoti obyektlari boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi”;

(iii) 9-pozitsiyada:

“Tashkilotning amaldagi nomi” ustunidagi “, “ToshkentboshplanLITI” DUK” soʻzlari chiqarib tashlansin;

“Qayta tashkil qilinayotgan tashkilotning nomi” ustunidagi “, “ToshkentboshplanLITI” soʻzi chiqarib tashlansin;

“Qayta tashkil qilinayotgan tashkilotning faoliyatiga oid qoidalar va izohlar” ustunida:

toʻrtinchi xatboshidagi “va Samarqand shaharlari, Toshkent viloyati shaharlari va shaharchalarining” soʻzlari “shahrining” soʻzi bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“Bosh loyiha institutlari shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish jarayonlarida, zarur hollarda, ayrim yoʻnalishdagi oʻziga xos ishlarni bajarish va xizmatlarni koʻrsatishda, bir-birini yordamchi loyihachi sifatida jalb qilishi mumkin.

Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur materiallarni yigʻish, muhandislik-geologiya qidiruv va topogeodeziya ishlarini bajarish hamda ularni ekspertizalardan oʻtkazish bosh loyiha institutlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan shartnoma tuzgan holda amalga oshiriladi, shuningdek, ushbu xarajatlar mazkur hujjatlarni ishlab chiqish qiymatiga kiritiladi”;

(v) 4-ilovada:

(i) “Issiqlik taʼminoti obyektlari boʻyicha injiniring kompaniyalari” va “Issiqlik taʼminoti davlat tashkilotlari” bloklari chiqarib tashlansin;

(ii) “Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish Respublika markazi” bloki “Issiqlik taʼminoti obyektlari boʻyicha injiniring kompaniya davlat muassasasi” bilan almashtirilsin;

(iii) “ToshkentboshplanLITI” bosh loyiha instituti” bloki “Qurilish sohasida iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish Respublika markazi” bloki bilan almashtirilsin;

(g) 5-ilovaning 16-pozitsiyasi “Chora-tadbirlar” ustunidagi “b” kichik bandi “tashkilotlarning” soʻzidan keyin “(jumladan, ustav kapitalidagi davlat ulushi boʻyicha aksiyador vakolatlarini amalga oshirish vazirlikka berilgan jamiyatlarning)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-apreldagi “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-66-son Farmoniga 3-ilovaning 4-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-259-son Farmoniga 1-ilovaning 20-bandi qoʻyidagi tahrirda bayon etilsin:

“20. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi milliy normativ hujjatlar, davlat standartlarini ishlab chiqish va qayta ishlash”.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-sentabrdagi “Respublikada kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-378-son qarorining 2-bandi uchinchi xatboshisidagi “Issiqlik taʼminoti” AJ huzuridagi “Issiqlik taʼminoti obyektlari boʻyicha injiniring kompaniyasi” MCHJ” soʻzlari “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Issiqlik taʼminoti obyektlari boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi “Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-416-son qarorida:

(a) 13-bandning toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

(b) 15-banddagi “Qurilish vazirligi” soʻzlari “Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023-2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-299-son qarorining 10-bandida:

(a) uchinchi xatboshidagi “va Samarqand shaharlari, Toshkent viloyati shaharlari va shaharchalarining” soʻzlari “shahrining” soʻzi bilan almashtirilsin;

(b) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Qishloq qurilish loyiha” instituti — qishloq aholi punktlarini rivojlantirish tarhlari loyihalarini ishlab chiqadi, shuningdek, buning uchun topogeodeziya va muhandislik-geologiya qidiruv ishlarini bajaradi”;

(v) toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;

(g) quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Qayd etilsinki, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur materiallarni yigʻish, muhandislik-geologiya qidiruv va topogeodeziya ishlarini bajarish hamda ularni ekspertizalardan oʻtkazish bosh loyiha institutlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi, shuningdek, ushbu xarajatlar mazkur hujjatlarni ishlab chiqish qiymatiga kiritiladi”.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-fevraldagi “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-78-son qaroriga 3-ilovaning 9 va 10-pozitsiyalari “Davlat xizmati (funksiyasi) nomi” ustunidagi “yuritish” soʻzidan keyin “(tashabbuskorning tanlovi asosida)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

10. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi “Muomalaga chiqarilayotgan gʻildirakli transport vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi 237-son qaroriga 1-ilovaning rus tilidagi matnida 3-bandi yigirma birinchi xatboshisidan “ne boleye odnogo raza za kalendarniy god” soʻzlari chiqarib tashlansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.