PQ-279-son Qaror · 27.07.2026

Toshkent shahrini 2026-2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-279
  • Qabul qilingan sana:27.07.2026
  • Kuchga kirgan sana:29.07.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/279/0795

Toshkent shahrida yuqori va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash borasida tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, xizmat koʻrsatish sohasidagi mavjud zaxira va imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda turistik salohiyatni roʻyobga chiqarish orqali aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar Toshkent shahrini 2026-2027-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) 2026-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 11,7 foizga, sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,5 foizga, bozor xizmatlari hajmi 19 foizga, qurilish ishlari hajmi 17,3 foizga oʻsishini taʼminlash;

(b) 2026-yilda 9 milliard AQSH dollari, 2027-yil yakuniga qadar 10 milliard AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish;

(v) tarixiy, madaniy va koʻngilochar obyektlarni tashkil etish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish.

2. Toshkent shahrining 2026-2027-yillarga moʻljallangan yalpi hududiy mahsulot hajmi va uning tarkibi boʻyicha prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Toshkent shahar hokimligiga poytaxtni rivojlantirish bilan bogʻliq strategiya va dasturlarni hamda ularning “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, uni amalga oshirish va natijalarini taqdim etib borish maqsadida xalqaro konsalting kompaniyalari hamda ekspertlarni “taklif soʻrovi” orqali Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jalb qilishga ruxsat etilsin.

II. Sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari

4. Belgilansinki, 2031-yil 1-yanvarga qadar Toshkent shahrida, eksperiment tariqasida, quyidagi tartib joriy qilinadi:

(a) barcha tumanlarni maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bogʻlash, ularning salohiyatini oshirish va yangi loyihalarni koʻpaytirish maqsadida:

(i) har bir tumanga loyihalarni joylashtirish uchun maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari hududidan Toshkent shahar hokimi qarori bilan yer maydonlari biriktiriladi;

(ii) Toshkent shahrining boshqa tumanida yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektining barcha ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqa tijorat faoliyati maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari hududida amalga oshirilgan taqdirda, ushbu tadbirkorlik subyektiga maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari ishtirokchisi maqomi beriladi hamda unga ushbu maqom bilan bogʻliq barcha imtiyozlar va preferensiyalar qoʻllanadi;

(b) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Toshkent invest kompaniyasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) hamda maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat zonalari direksiyalari tomonidan “taklif soʻrovi” orqali loyiha tashkilotlarini jalb qilib, yer uchastkalari va davlat koʻchmas mulk obyektlari qurilish uchun ruxsat beruvchi va loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan holda tayyor biznes (keyingi oʻrinlarda — tayyor biznes) shaklida elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishi mumkin. Bunda:

(i) loyiha hujjatini rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlar tayyor biznesning boshlangʻich narxiga qoʻshiladi;

(ii) ushbu xarajatlar elektron onlayn auksion savdolari natijasida tushgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;

(v) Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan yer uchastkalari va munitsipal koʻchmas mulk obyektlari toʻgʻridan-toʻgʻri Kompaniyaga uning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga berilishi mumkin. Bunda Kompaniyaga munitsipal koʻchmas mulk obyektlari yoʻq qilish (utilizatsiya qilish) qiymatida va yer uchastkalari ijara huquqining qiymatiga yer soligʻi stavkasiga kamaytiruvchi koeffitsiyentlarning eng yuqori miqdorini qoʻllash orqali aniqlanadigan qiymatda beriladi;

(g) Kompaniyaga uning ustav kapitaliga berilgan yer uchastkalari va munitsipal koʻchmas mulk obyektlari negizida Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan tayyor obyektlarni qurib yoki rekonstruksiya qilib, elektron onlayn auksion savdolarida sotish huquqi beriladi. Bunda Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasidan olingan mablagʻlar obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;

(d) bir yer uchastkasi yoki davlat koʻchmas mulk obyekti negizida ikki yoki undan ortiq tayyor biznes shaklidagi loyihalar tayyorlanib, ular elektron onlayn auksion savdolarga chiqarilishi mumkin;

(j) davlat koʻchmas mulk obyektlari va yer uchastkalariga tayyor biznes shaklida rasmiylashtirilgan qurilishga ruxsat beruvchi barcha hujjatlar elektron onlayn auksion savdolari natijalari boʻyicha auksion gʻolibiga rasmiylashtirilgan hisoblanadi va auksion gʻolibidan ushbu hujjatlarni olish bilan bogʻliq toʻlov undirilmaydi. Bunda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismi boʻyicha toʻlovlar (keyingi oʻrinlarda — infratuzilma toʻlovlari) yuzasidan shartnoma auksion natijalariga asosan Kompaniya va auksion gʻolibi oʻrtasida imzolanadi;

(z) renovatsiya loyihasini amalga oshirish samaradorligini taʼminlash, renovatsiya hududidagi mulkdorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida Kompaniya tomonidan renovatsiya hududidagi mulkdorlarga kompensatsiya va ijara sifatida taqdim etiladigan “kvartiralar banki” shakllantiriladi. Bunda:

(i) “kvartiralar banki”ni shakllantirish uchun turar va noturar joylar “taklif soʻrovi” orqali xarid qilinadi;

(ii) renovatsiya hududidagi mulkdorlarga kompensatsiya hisobiga va ijaraga berish hamda boshqacha tarzda tasarruf qilish tartibi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlanishi mumkin;

(iii) Kompaniyaga “kvartiralar banki”ni shakllantirishda Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan foydalanishga ruxsat etiladi;

(i) investor va Kompaniya bilan birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlarini tekshirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilishdan oldin Toshkent shahar hokimligi bilan kelishiladi, bundan inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf soluvchi omillar mavjud boʻlgan holatlar mustasno;

(k) davlat-xususiy sheriklik loyihalari soddalashtirilgan tartibda elektron onlayn auksion savdolari orqali realizatsiya qilinganda, auksion natijalari boʻyicha bayonnoma davlat-xususiy sheriklik bitimini vakolatli organdan roʻyxatdan oʻtkazishga asos boʻladi.

5. Belgilansinki:

(a) “Toshkent shahar sanoat zonalari direksiyasi” va “Industrial hududni boshqarish direksiyasi” davlat muassasalari hamda “Toshkent invest kompaniyasi” AJ tomonidan 2-ilovadagi bino va inshootlar hamda yer maydonlarida 3-ilovaga muvofiq mexanizm asosida koʻp qavatli sanoat obyektlari barpo etiladi;

(b) barpo etiladigan koʻp qavatli sanoat obyektlarida ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida loyiha qiymatidan qatʼi nazar tadbirkorlik subyektlariga maydoni 1 000 metr kvadratgacha bino va inshootlar hamda ularning bir qismini xarid qilish uchun Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan tijorat banklari orqali 7 yil muddatga, shundan 2 yilgacha imtiyozli davr bilan milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi. Bunda tijorat bankining marjasi 4 foiz miqdorida belgilanadi;

(v) koʻp qavatli sanoat obyektlari hududida dual taʼlim tizimi joriy etiladi, kovorking, biznes, marketing va tadqiqot markazlari, zamonaviy mehmonxonalar, yotoqxona, laboratoriya, omborxona va yordamchi majmualar, umumiy ovqatlanish majmualari barpo etiladi hamda bojxona, soliq, sertifikat va ruxsat beruvchi boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishga koʻmaklashuvchi hamda buxgalteriya va audit xizmatlarini koʻrsatuvchi markaz tashkil etiladi;

(g) Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qaroriga asosan sanoat sohasi infratuzilma toʻlovidan ozod qilinganligini hisobga olib, mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq koʻp qavatli sanoat obyektlari hududida quriladigan, ushbu bandning “v” kichik bandida nazarda tutilgan obyektlarni barpo etishda tadbirkorlik subyektlari infratuzilma toʻlovidan ozod qilinadi.

III. Toshkent shahri infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari

6. “Oʻn besh minutlik shahar” zamonaviy urbanistik konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida:

(a) Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi 10 milliard soʻm mablagʻ hisobidan Toshkent shahar davlat oʻrmon xoʻjaligiga ajratiladigan yer maydonlarida:

(i) zamonaviy-intensiv koʻchatxona barpo etish, manzarali daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirish;

(ii) yashil belbogʻ va yashil bogʻlar barpo etish;

(iii) joriy yil kuz mavsumidan boshlab Toshkent shahridagi aholi yashash punktlaridan 15 daqiqalik piyoda masofada, shu jumladan, ustuvor ravishda koʻp kvartirali uylarga tutash boʻlgan boʻsh yer uchastkalarida namunaviy tarzda kichik yashil bogʻlar tashkil qilish;

(iv) ajratilgan mablagʻlarning samarali sarflanishini taʼminlash choralarini koʻrsin;

(b) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda:

(i) koʻp kvartirali uylarga tutash boʻlgan boʻsh yer uchastkalarida barpo etilgan yashil bogʻlarning koʻp kvartirali uylarning mulkdorlariga va boshqaruvchilariga shartnoma asosida biriktirilishini taʼminlasin;

(ii) aholining barpo etilgan yashil bogʻlardan unumli foydalanishini tashkil etish maqsadida koʻp kvartirali uylarning mulkdorlari va boshqaruvchilari tomonidan shartnoma shartlariga muvofiq yashil bogʻlarni saqlash, parvarish qilish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarining amalga oshirilishi ustidan doimiy monitoring olib borilishini taʼminlasin;

(iii) yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarini barpo etishga koʻp kvartirali uylarning boshqaruvchilarini hamda turar va noturar joy mulkdorlarini jalb qilish maqsadida jamoatchilikka loyihaning mazmun-mohiyatini daraxt ekish mavsumiga qadar doimiy ravishda targʻib qilib borsin.

7. Belgilansinki:

(a) renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan hududdagi:

(i) davlat koʻchmas mulk obyektlari Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan Kompaniya ustav kapitaliga Toshkent shahar hokimligining ulushini oshirish hisobiga yoʻq qilish (utilizatsiya qilish) qiymatida beriladi;

(ii) davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlari qaroriga asosan ularga tegishli koʻchmas mulk obyektlari mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan aniqlanadigan qiymatda Kompaniyaga sotib olish toʻlovlarini uch yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri sotiladi;

(b) renovatsiya loyihasi doirasida Kompaniyaga investorlar va pudrat tashkilotlarini jalb qilgan holda Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan obyektlarni qurib yoki rekonstruksiya qilib elektron onlayn auksion savdolari orqali sotishga ruxsat beriladi. Bunda renovatsiya hududidagi tayyor biznes shaklidagi loyihani qurilish-montaj ishlarini bajarish boʻyicha pudrat tashkilotlari belgilangan tartibda tanlab olinadi.

8. Toshkent shahrida suv resurslarini zamonaviy yondashuv asosida boshqarish, suv balansini yuritish va ulardan samarali, shu jumladan, qayta foydalanish maqsadida Toshkent shahar hokimligi huzurida Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklida Suv resurslarini boshqarish markazi tashkil etilsin va unga 4-ilovaga muvofiq vazifalar yuklansin.

9. Toshkent shahar hokimligining 2031-yilga qadar, shu jumladan, xorijiy investorni jalb etgan holda “Toshkent shahrida yopiq drenaj tizimi va yangi kanallarni qurish, kanal va kollektorlarni taʼmirlash, yashil hududlarni sugʻorish uchun yomgʻir suvini yigʻadigan inshootlar barpo qilish” loyihasini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:

(a) Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi qurilish ishlari boʻyicha buyurtmachi etib belgilanadi;

(b) loyihani amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar xorijiy investor tomonidan jalb etilishiga ruxsat beriladi.

IV. Savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi chora-tadbirlar

10. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, aholi va tadbirkorlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida xoʻjalik jamiyati boshqaruv organlarining qarorlari asosida ommaviy savdolarga chiqariladigan bozorlar va savdo komplekslari hamda ularning shoxobchalari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Toshkent shahar hokimligining mazkur qarorga 5-ilovada keltirilgan obyektlarni savdoga chiqarishda Kompaniyani buyurtmachi sifatida belgilash hamda savdolarni quyidagi mexanizmlar asosida amalga oshirish boʻyicha taklifiga rozilik berilsin:

(a) bozor va savdo komplekslari tegishli xoʻjalik jamiyati boshqaruv organlarining qarorlariga muvofiq Kompaniya bilan tuziladigan topshiriq shartnomasiga asosan Kompaniya tomonidan tayyor biznes shaklida ishlab chiqilgan loyiha asosida savdolarga chiqariladi, bunda:

(i) bozor va savdo komplekslari boʻyicha master rejani ishlab chiqish Kompaniya tomonidan Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

(ii) bozor va savdo komplekslarini sotishdan tushgan mablagʻlarning 1 foizi hamda savdoga chiqarish xarajatlari Kompaniyaga oʻtkazib beriladi;

(b) bozor va savdo komplekslarini savdoga chiqarishda ular oʻrnida zamonaviy ekobozor, savdo va xizmat koʻrsatish, koʻngilochar markazlar hamda koʻp qavatli avtoturargoh tashkil etish sharti belgilanadi;

(v) bozor va savdo komplekslari binolari mazkur qarorning 4-bandi “v” va “g” kichik bandlarida nazarda tutilgan mexanizm asosida ularning ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Kompaniyaga oʻtkazilib, ular negizida loyihalar amalga oshirilishi mumkin.

12. Belgilansinki, xususiy sektorni jalb etish orqali davlatga qarashli ijtimoiy soha obyektlaridan samarali foydalanish, ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish va daromadlarini oshirish maqsadida ijtimoiy soha obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarmagan holda ulardan quyidagi mexanizmlar orqali xususiy sektor tomonidan foydalanilishiga ruxsat etiladi:

(a) ijtimoiy soha obyektlaridagi boʻsh turgan bino va inshootlarni 5 yilgacha ushbu sohada foydalanish uchun ijaraga berish;

(b) ijtimoiy soha obyektlariga tutash boʻsh turgan yer uchastkalari negizida ushbu sohada foydalaniladigan obyektlarni barpo etgan holda obyektni davlatga topshirib, ulardan 10 yilgacha tekin foydalanish.

V. Turizm sohasidagi chora-tadbirlar

13. Toshkent shahrida 2030-yilga qadar gastronomik va turizm, soyali sayr va tunu kun ishlaydigan koʻchalarni tashkil etishning asosiy koʻrsatkichlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi va Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda Toshkent shahrida 2026-yilda aholi gavjum, gastronomik, turizm hamda sohil boʻyidagi koʻchalarda loyihalarni amalga oshirishga 2026-yilda Davlat budjetida nazarda tutilgan mablagʻlardan iqtisod qilingan qismi hisobidan 175 milliard soʻm mablagʻ ajratish choralarini koʻrsin.

15. Toshkent shahar hokimligining shahar markaziy va turizm koʻchalari, xiyobonlar, poytaxt aholisi va mehmonlari tashrif buyuradigan obyektlar atrofida zamonaviy loyihalar asosida 2026-yilda 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasini soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

16. Belgilansinki:

(a) sanitariya-gigiyena shoxobchalarini joylashtirish uchun yer uchastkalari Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqiladigan loyihalar asosida soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi;

(b) Toshkent shahar hokimligi tomonidan elektron onlayn auksion savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyektlari quradigan yangi sanitariya-gigiyena shoxobchalari markazlashgan ichimlik va oqova suv tarmoqlariga belgilangan tartibda ulab beriladi.

17. Turizm qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda har oyda turistlarni jalb qilish mumkin boʻlgan kamida 30 ta obyekt toʻgʻrisidagi maʼlumot, rasm va videolarning xalqaro xaritalarga kiritib borilishini taʼminlasin.

18. Toshkent shahar hokimligiga mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Toshkent shahrining onlayn xaritasiga shahar infratuzilmasi, qurilish, ijtimoiy hamda boshqa obyektlarga oid maʼlumotlarni shakllantirib, 3D shaklida joylashtirish maqsadida mobil xaritalash (mapping) va lazerli skanerlash majmuasi bilan jihozlangan maxsus avtomobil va SLAM asosidagi 3D skanerlash qurilmalarini “taklif soʻrovi” orqali xarid qilishga ruxsat berilsin.

VI. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari

19. Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda:

(a) Olmazor tumanida joylashgan Yoshlar markazi binosida yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga oʻqitish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish yoʻnalishlarida Yoshlar kreativ parkini tashkil etsin. Bunda Yoshlar kreativ parkida ishlab chiqilgan loyihalar va tashabbuslarga IT-park hamda kreativ parklarga berilgan imtiyoz va preferensiyalar qoʻllaniladi;

(b) loyihani tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarning “Yoshlar ventures” venchur jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida, Toshkent shahar mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hamda tuman “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanishini taʼminlasin.

20. Belgilansinki:

(a) kitoblar savdosini tashkil etish uchun taqdim etiladigan munitsipal mulk hisoblangan bino va inshootlar Toshkent shahar hokimi qarori bilan kitoblar savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga tekin foydalanish huquqi asosida toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi;

(b) “Toshkent kitob tijorat” uyushmasiga aʼzo boʻlgan kitoblar savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga aholi gavjum joylarda, bozorlarda, yirik savdo markazlarida, shoh koʻchalarda yengil konstruksiyali kitob doʻkonlarini oʻrnatish, “Book cafe”larni tashkil qilish, poytaxtda barpo etilayotgan 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritadigan sayilgohlarda “kitob koʻchasi” faoliyatini yoʻlga qoʻyishga ruxsat beriladi;

(v) maydoni 5 ming metr kvadratdan ortiq savdo markazlarida kitob doʻkonlarini tashkil etishning majburiy tartibi joriy qilinadi;

(g) yiliga kamida 3 ming nafar fuqaroni dual taʼlim asosida tekin oʻqitayotgan sanoat va xizmat koʻrsatish sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga, istisno tariqasida, Kasbiy taʼlim agentligi bilan kelishgan holda Toshkent shahar hokimi qarori bilan:

(i) texnikum va boshqa davlat mulki obyektlarining bino va inshootlari ularni taʼmirlash va jihozlash sharti bilan 10 yil muddatgacha tekin foydalanish huquqi bilan berilishi mumkin;

(ii) 1 500 metr kvadratgacha boʻlgan boʻsh yer maydonlarida bino va inshoot barpo etish, uni davlatga topshirish hamda keyinchalik undan 15 yil muddatgacha tekin foydalanish sharti bilan loyihani amalga oshirish huquqi beriladi.

VII. Davlat mulki va yer uchastkalaridan samarali foydalanish

21. Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasiga ajratilgan, hozirda foydalanilmayotgan Toshkent viloyati Zangiota tumani Chigʻatoy-Oqtepa qishlogʻida joylashgan 50 gektar boʻsh yer uchastkasi negizida quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat-xususiy sheriklik loyihasini (keyingi oʻrinlarda — DXSH loyihasi) amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

(a) tomchilatib sugʻorish tizimlari bilan jihozlangan koʻchat yetishtirish boʻyicha pitomnik tashkil etish;

(b) loyihani amalga oshirishda Toshkent shahar hokimligini davlat sherigi etib belgilash va xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash;

(v) xususiy sherikka yer uchastkasini davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddatiga (25 yilgacha boʻlgan davrga) foydalanish maqsadini saqlagan holda maqsadli foydalanish uchun ijara huquqi asosida berish.

22. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda quyidagilar inobatga olinsin:

(a) xususiy sherik tomonidan 10 million AQSH dollari miqdorigacha investitsiya kiritish, har yili kamida 5 ming dona manzarali daraxt va 35 million dona buta koʻchatlarini yetishtirish va yetkazib berish;

(b) DXSH loyihasi doirasida zamonaviy landshaft, floristika va dekorativ hovuzlar dizayni boʻyicha “shourum”lar tashkil etish, mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, mahorat darslari, tajriba almashish va oʻquv treninglarini yoʻlga qoʻyish;

(v) yer uchastkasida faqat pitomnik barpo etish bilan bogʻliq bino va inshootlar qurilishiga ruxsat berish, shuningdek, DXSH loyihasi yakunlangach, barcha bino va inshootlar demontaj qilinib, yer uchastkasini keyinchalik maqsadli foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish;

(g) xususiy sherik oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki loyihani amalga oshirishdan voz kechgan taqdirda, mazkur DXSH loyihasini soddalashtirilgan tartibda toʻgʻridan-toʻgʻri boshqa xususiy sherik bilan amalga oshirish, bunda yangi xususiy sherik avvalgi shartlar asosida barcha majburiyatlarni toʻliq qabul qiladi;

(d) davlat sherigining ulushini yer uchastkasiga ijara huquqining yer soligʻi qiymati asosida hisoblanadigan qiymatda belgilash, bunda baholash tartibi amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi;

(j) DXSH loyihasi doirasida Toshkent shahar hokimligi va uning tuzilmalari, shuningdek, davlat sherigi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat etilishi, shu jumladan, xususiy sherik tomonidan yetishtirilgan mahsulotni davlat sherigiga foyda taqsimoti doirasida sotish imkoniyatini berish, bunda davlat sherigiga beriladigan mahsulotning narxi aniqlangan oʻrtacha bozor narxidan kamida 10 foiz arzon qiymatda beriladi;

(z) DXSH loyihasi amal qilish davrida zaruratga koʻra Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasining soʻroviga asosan qabriston tashkil etish uchun talab etiladigan yer uchastkasi qaytarilishi mumkin. Bunda DXSH loyihasi boʻyicha bitim muddati tugagandan soʻng yer uchastkasi Toshkent shahar hokimligi ixtiyoriga qabriston tashkil etish maqsadida qaytariladi.

23. Toshkent shahar hokimligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining quyidagi takliflari maʼqullansin:

(a) 7-ilovaga muvofiq davlat mulki obyektlarini (keyingi oʻrinlarda — Obyektlar) baholangan qiymatda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish hamda ularni sotishdan tushgan mablagʻlarni savdoga chiqarish xarajatlarini chegirgan holda Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirish;

(b) Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan Mirzo Ulugʻbek tumani “Beshkapa” MFY Buyuk Ipak yoʻli koʻchasi hududidagi boʻsh turgan 10 gektar yer uchastkasida mazkur qarorga 7a-ilovadagi tashkilotlarga maʼmuriy binolar hamda boshqa zarur bino va inshootlarni qurish;

(v) mazkur qarorga 7a-ilovadagi tashkilotlar uchun maʼmuriy binolar hamda boshqa zarur bino va inshootlar qurilishida buyurtmachi etib Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasini belgilash.

24. Toshkent shahar hokimligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi, Energetika vazirligi hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan birgalikda:

(a) mazkur qarorga 7a-ilovadagi tashkilotlar uchun quriladigan maʼmuriy binolar hamda boshqa zarur bino va inshootlar boʻyicha yangilangan master reja ishlab chiqilishini hamda u asosida Toshkent shahrining bosh rejasiga oʻzgartirishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilishini;

(b) maʼmuriy binolar qurish boʻyicha tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar qisqa muddatda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

VIII. Toshkent shahriga kirish va chiqishda zamonaviy kemping majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari

25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PF-202-son Farmoniga muvofiq Toshkent shahriga kirish va chiqishdagi 5 ta yoʻl-patrul xizmati maskanlarining Toshkent viloyati hududiga koʻchirilishi, zamonaviy kemping majmualari tashkil etilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Bunda:

(a) Kompaniya zamonaviy kemping majmualarini barpo etish boʻyicha investitsiya loyihalarini tayyorlash uchun masʼul hisoblanadi;

(b) kemping majmualarini barpo etish uchun moʻljallangan yer uchastkalari investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi;

(v) Kompaniyaning loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlari elektron onlayn auksion savdosi gʻolibi tomonidan qoplab beriladi.

26. Energetika vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent shahri hududidan kemping majmualariga olib boruvchi yoʻllar va ularga tutash hududlardagi kommunikatsiya va aloqa tarmoqlarini xatlovdan oʻtkazsin va koʻchirilishi lozim boʻlgan tarmoqlar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

IX. Mahalliy hokimliklar moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish orqali ularning mustaqilligini taʼminlash

27. Toshkent shahri va tumanlari hokimliklarining yil davomida amalga oshiriladigan xarajatlari va ularni moliyalashtirish manbalarini biznes-reja asosida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

28. Belgilansinki, Toshkent shahri va tumanlari hokimlarining biznes-rejalari tegishli Xalq deputatlari kengashida har yili 1-martga qadar himoya qilinadi.

29. Vazirlar Mahkamasi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash tartibini huquqiy eksperiment tariqasida joriy etish muddatini 2031-yil 1-yanvarga qadar uzaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

X. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

30. Toshkent shahrini 2026-2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

31. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

32. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov, J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev hamda Toshkent shahar hokimi Sh.B. Umurzakov belgilansin.

33. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 27-iyul,

PQ-279-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga1-ILOVA

Toshkent shahrining 2026-2027-yillarga moʻljallangan yalpi hududiy mahsulot hajmi va uning tarkibi boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga2-ILOVA

“Toshkent shahar sanoat zonalari direksiyasi” va “Industrial hududni boshqarish direksiyasi” davlat muassasalari hamda “Toshkent invest kompaniyasi” AJ tomonidan koʻp qavatli sanoat obyektlari barpo etilishi rejalashtirilgan bino va inshootlar hamda yer maydonlari

Izoh: Toshkent shahar hokimligi va tuman hokimliklari tasarrufidagi yer uchastkalari hamda bino va inshootlar negizida koʻp qavatli sanoat obyektlarini qurish Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan ushbu roʻyxatga qoʻshish orqali amalga oshiriladi.

* “Industrial hududni boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tomonidan obyektni baholangan qiymatda uch yil muddatga foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olish masalasi jamiyatning boshqaruv organlari qarori asosida amalga oshiriladi va keyinchalik koʻp qavatli sanoat obyekti quriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga3-ILOVA

“Toshkent shahar sanoat zonalari direksiyasi” va “Industrial hududni boshqarish direksiyasi” davlat muassasalari hamda “Toshkent invest kompaniyasi” AJ tomonidan bino va inshootlar hamda yer maydonlari negizida koʻp qavatli sanoat obyektlarini barpo etish

I. “Toshkent shahar sanoat zonalari direksiyasi” va “Industrial hududni boshqarish direksiyasi” davlat muassasalari (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tomonidan koʻp qavatli sanoat obyektlarini barpo etish

1. Toshkent shahar hokimligi Direksiya tomonidan tayyorlangan Koʻp qavatli sanoat obyektini barpo etish konsepsiyasini tasdiqlaydi.

2. Direksiya oʻziga operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli bino va inshootlar hamda yer uchastkalari negizida konsepsiya asosida loyihani amalga oshirish hududlari chegaralarini belgilaydi.

3. Toshkent shahar hokimi qaroriga asosan Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Direksiya yoki tashabbuskor investorni jalb qilish orqali tashkil etiladigan jamiyat tomonidan loyiha amalga oshiriladigan hududdagi bino va inshootlarni bosqichma-bosqich qurish (buzish, rekonstruksiya qilish, qayta taʼmirlash va taʼmirlash) ishlari amalga oshiriladi.

4. Direksiya koʻp qavatli sanoat obyektlari hududida joylashtiriladigan tadbirkorlar bilan umumiy mulkni saqlash shartnomasini tuzadi, bunda ushbu xizmatlar uchun toʻlovlar Direksiyaga yoʻnaltiriladi.

5. Direksiyaga quyidagi huquqlar beriladi:

(a) loyihani investorlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshirish uchun ularni elektron onlayn auksion savdolari orqali jalb qilish;

(b) oʻzi tomonidan quriladigan koʻp qavatli sanoat obyektlarini tadbirkorlik subyektlariga, istisno tariqasida, mustaqil ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri sotish, shu jumladan, qurilish yakunlangunga qadar investitsiya shartnomalarini tuzish. Bunda oldi-sotdi shartnomasi kadastr hujjatlarini tadbirkorlarga mulk huquqi asosida rasmiylashtirishga asos boʻladi va undan kelib tushgan mablagʻlar Direksiyaga yoʻnaltiriladi.

6. Direksiya va tashabbuskor investor ishtirokida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi tashkilot (keyingi oʻrinlarda — Tashkilot) tashkil etilganda uning ustav kapitalidagi Direksiyaning ulushi Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan loyiha hududidagi bino va inshootlar hamda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqining baholangan qiymati (bino va inshootlar hamda ularni buzish xarajatlarini chegirgan holda) hisobiga shakllantiriladi hamda mazkur mulkiy majmua Tashkilotga qayta rasmiylashtiriladi. Bunda Direksiyaning ulushi 50 foizdan kam boʻlishi lozim.

7. Direksiya tomonidan mulkiy majmuani sotish va (yoki) ijaraga berish yoxud loyihani amalga oshirishdan, jumladan, Direksiya tomonidan oʻz ulushini Tashkilotga sotishdan tushgan mablagʻlar (savdolarga chiqarish, sotish hamda Direksiya va/yoki tashabbuskor investor bilan tuzilgan investitsiya shartlarida nazarda tutilgan daromadlar va xarajatlar chegirib qolingan holda) toʻliq hajmda Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi va uning hisobi alohida yuritiladi.

8. Barpo etiladigan bino va inshootlarning tegishli maydoni Direksiya tomonidan birinchi navbatda oʻz hududlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish uchun taklif etiladi.

Bunda tadbirkorlik subyektlari ekologik talablarga javob beradigan ishlab chiqarish sohasi, asbob-uskunalar xususiyatidan kelib chiqqan holda sanoat maqsadlarida foydalaniladigan ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va logistika majmualariga tegishli ijara yoki oldi-sotdi shartnomasi asosida koʻchiriladi.

II. “Toshkent invest kompaniyasi” AJ tomonidan koʻp qavatli sanoat obyektlarini barpo etish

1. Toshkent shahar hokimligi “Toshkent invest kompaniyasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tomonidan tayyorlangan koʻp qavatli sanoat obyektini tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlaydi.

2. Kompaniya oʻzining balans qiymatida ustav fondiga berilgan tegishli bino va inshootlar hamda yer uchastkalari negizida konsepsiya asosida loyihani amalga oshirish hududlari chegaralarini belgilaydi.

3. Kompaniya:

(a) bino va inshootlarni qurish uchun bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlarini belgilangan tartibda aniqlaydi;

(b) bino va inshootlar hamda yer uchastkalarida oʻz mablagʻlari hisobidan qurilish ishlarini amalga oshiruvchi tashabbuskor investorlarni elektron onlayn auksion savdolari natijasiga koʻra jalb qiladi.

4. Koʻp qavatli sanoat obyektlari hududini rivojlantirish loyihasida Kompaniya bino va inshootlar hamda yer uchastkalari va zarur hollarda mablagʻlar, investor esa qurilish ishlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar bilan qatnashadi.

5. Kompaniya va investor ishtirokida tashkil etiladigan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi tashkilot ustav kapitalidagi Kompaniya ulushi Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan koʻp qavatli sanoat obyektlari hududidagi bino va inshootlar hamda yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqining baholangan qiymati (bino va inshootlar hamda ularni buzish xarajatlarini chegirgan holda) hisobiga shakllantiriladi hamda ushbu yer uchastkasi mazkur tashkilotga rasmiylashtiriladi.

6. Barpo etiladigan bino va inshootlarning tegishli maydoni Kompaniya, Direksiya va investor tomonidan birinchi navbatda Direksiya hududida joylashgan tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish yoki uzoq muddatli ijaraga taklif etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga4-ILOVA

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Suv resurslarini boshqarish markazi” davlat muassasasining asosiy vazifalari

1. Toshkent shahrida mavjud suv resurslarini kompleks hisobga olish, monitoring qilish va yagona suv balansini shakllantirish va yuritish.

2. Toshkent shahrida yer usti va yer osti suvlari, ichimlik, texnik, oqova hamda yomgʻir suvlaridan samarali foydalanish boʻyicha yagona siyosatni amalga oshirishda ishtirok etish.

3. Toshkent shahrida suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni tejash va isrofgarchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish.

4. Toshkent shahrida tozalangan oqova suvlar, yomgʻir suvlari va boshqa muqobil suv manbalaridan qayta foydalanish tizimini rivojlantirish.

5. Toshkent shahrida suv taʼminoti va suv chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlash.

6. Toshkent shahrida suv resurslarini boshqarish sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda raqamli boshqaruv va geoaxborot tizimlarini yuritish.

7. Toshkent shahrida suv resurslariga oid maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va yagona elektron maʼlumotlar bazasini yuritish.

8. Toshkent shahrida iqlim oʻzgarishi taʼsirida suv resurslarini boshqarish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish.

9. Toshkent shahridagi suv sohasidagi davlat organlari, kommunal tashkilotlar, tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.

10. Toshkent shahrida xalqaro moliya institutlari va donorlar ishtirokida hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan suv sohasidagi investitsiya loyihalarini tayyorlash hamda ushbu loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga5-ILOVA

Ommaviy savdolarga chiqariladigan bozorlar va savdo komplekslari hamda ularning shoxobchalari

Izohlar:

1. Toshkent shahar hokimligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining kelishilgan takliflari asosida Vazirlar Mahkamasining roziligi bilan jamiyat boshqaruvi organlarining tegishli qarorlariga koʻra Toshkent shahrida boshqa dehqon (oziq-ovqat) bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari (savdo komplekslari)ning shoxobchalari hamda ularning boʻsh turgan maydonlari master rejalar va belgilanadigan shartlar asosida baholangan qiymatda elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.

2. Davlat ulushi yoki bino va inshootlar sotilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga6-ILOVA

Toshkent shahrida 2030-yilga qadar gastronomik va turizm, soyali sayr va tunu kun ishlaydigan koʻchalarni tashkil etishning

* Barpo etiladigan gastronomik va turizm, soyali sayr va tunu kun ishlaydigan koʻchalarning manzilli roʻyxati Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga7-ILOVA

Belgilangan tartibda elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan hamda evaziga yangi maʼmuriy bino qurib beriladigan munitsipal mulklar

Izoh: mazkur bino va inshootlar quyidagi shartlarda savdoga chiqariladi:

obyektlarni unda joylashgan tashkilotlar yangi qurilgan maʼmuriy binolarga koʻchib oʻtganidan soʻng savdo gʻoliblariga boʻshatib berish;

savdo gʻolibi tomonidan 1 oy ichida sotib olish toʻlovlarining kamida 35 foizini toʻlab berish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga7a-ILOVA

Maʼmuriy binolar hamda boshqa zarur bino va inshootlar qurib beriladigan tashkilotlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga8-ILOVA

Toshkent shahrini 2026-2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha

(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-iyuldagi PQ-279-son qaroriga9-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi “Toshkent shahrini 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-112-son Farmonining 3-bandidagi “2027” raqami “2031” raqami bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-59-son qarori 6-bandining beshinchi xatboshisi “, Toshkent shahri hududlari bundan mustasno” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-iyuldagi “Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha huquqiy eksperimentni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-236-son qarorining 1-bandidagi “2027” raqami “2031” raqami bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-dekabrdagi “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-368-son qarorida:

(a) 11-band birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“11. Toshkent shahar hokimligi va Raqamli texnologiyalar vazirligining intellektual transport tizimlarini (dasturiy taʼminotlarini) ishlab chiqaruvchi dunyodagi yetakchi kompaniyalar hamda aholi soni 3 million nafar va transport vositalar soni 1 milliondan yuqori boʻlgan shaharlarda transport va yoʻl infratuzilmasini boshqarishning zamonaviy intellektual transport tizimlarini joriy etish tajribasiga ega boʻlgan kompaniyalarning quyidagilarni nazarda tutuvchi dasturiy taʼminotini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:”;

(b) 12-banddagi “Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Toshkent shahrida yaratilayotgan intellektual transport tizimini ishlab chiqish” soʻzlari “qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda intellektual transport tizimini xarid qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin;

(v) 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“13. Toshkent shahar hokimligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda:

(a) 2026-yil 1-mayga qadar intellektual transport tizimini xarid qilish uchun texnik topshiriq Markaz tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligiga taqdim qilinishini;

(b) 2027-yil 1-fevralga qadar texnik topshiriqqa muvofiq intellektual transport tizimi xarid qilinishini, foydalanish uchun funksional buyurtmachiga topshirilishini;

(v) 2027-yil 1-martga qadar intellektual transport tizimi dasturiy taʼminoti (tizimlari bilan birga) Toshkent shahar hokimligining yoʻl va transport infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan uni qoʻshimcha jihozlagan holda Toshkent shahri vaziyatlar markazining server quvvatlariga joylashtirilishini;

(g) vazirlik, idora va tashkilotlarning mazkur qarorga 6-ilovaga muvofiq axborot tizimlari intellektual transport tizimiga integratsiya qilinishini;

(d) 2026-yil 1-noyabrga qadar Toshkent shahrining transport master rejasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, jumladan, yoʻl va transport infratuzilmasini rivojlantirish, avtomobil yoʻllari, koʻpriklar va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish hamda modernizatsiya qilish, shuningdek, shaharda yoʻl harakati samaradorligi va xavfsizligini oshirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlanishini taʼminlasin”;

(g) 14-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

(d) 9-ilova 12 va 13-pozitsiyalarining “Chora-tadbirlar nomi” ustunidagi “ishlab chiqish” soʻzlari “qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xarid qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.