PQ-288-son Qaror · 03.08.2026

Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-288
  • Qabul qilingan sana:03.08.2026
  • Kuchga kirgan sana:04.08.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/288/0812

Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish, ushbu shaxslarga xizmat koʻrsatuvchi maxsus muassasalar faoliyatini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:

(a) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar (keyingi oʻrinlarda — boshpanasiz shaxslar)ga xizmat koʻrsatuvchi muassasalar faoliyatini takomillashtirish;

(b) boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy va boshqa xizmatlar bilan qamrab olish orqali jamiyatga toʻlaqonli integratsiya qilish.

II. Maxsus muassasalar faoliyatini takomillashtirish

2. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik)ning quyidagi takliflari maʼqullansin:

(a) ichki ishlar organlarining Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlarini Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari (keyingi oʻrinlarda — Ijtimoiy markazlar) deb qayta nomlash;

(b) boshpanasiz shaxslarni Ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyotini bekor qilish.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:

(a) Ijtimoiy markazlarga boshpanasiz shaxslar ularning roziligi bilan joylashtiriladi;

(b) Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana hamda ushbu markazlarga ajratilgan mablagʻlar hisobidan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlanadi;

(v) Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar individual rejalarga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olinadi;

(g) Ijtimoiy markazlar Agentlikka ajratilgan shtat birliklari hisobidan bir nafardan ijtimoiy xodim bilan toʻldiriladi. Bunda nomzodlarni ijtimoiy xodim lavozimiga tayinlash hamda ijtimoiy xodimning vazifa va funksiyalarini belgilash Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

III. Boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy va iqtisodiy reintegratsiya qilish

4. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab boshpanasiz shaxslar bandligini taʼminlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi joriy etilsin:

(a) tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarining ishchi-mutaxassis, muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlari birinchi navbatda Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar hisobidan shakllantiriladi. Bunda boshpanasiz shaxslarni ishga jalb etish ularning roziligi asosida Ijtimoiy markazlarning yoʻllanmasiga muvofiq amalga oshiriladi;

(b) tadbirkorlik subyektlari tomonidan Ijtimoiy markazlar hududida Bandlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari (keyingi oʻrinlarda — bandlik markazlari) tashkil etiladi hamda ularda boshpanasiz shaxslar tegishli hududdagi mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qisqa muddatda oʻzlashtiriladigan va ishga joylashish imkoniyati yuqori boʻlgan kasblar, shu jumladan, xizmat koʻrsatish, yetkazib berish, qurilish, taʼmirlash, maishiy xizmat, oshpazlik va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha kasb-hunarga oʻqitiladi;

(v) Ijtimoiy markazlar hududida joylashgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlari Toshkent shahrida ijara toʻlovining eng kam miqdoriga 0,25 koeffitsiyent qoʻllangan holda, qolgan hududlarda ijara toʻlovining eng kam miqdorida balansda saqlovchi tomonidan bandlik markazlarini tashkil etish istagini bildirgan nodavlat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlariga tasarruf etish huquqisiz 5 yilgacha muddatga (uzaytirish huquqi bilan) toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga beriladi.

5. Belgilansinki, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan boshpanasiz shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etiladi hamda ularni kasbga oʻqitish boʻyicha tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari orqali vaucherlar ajratiladi.

IV. Boshpanasiz shaxslarni qoʻllab-quvvatlash

6. Boshpanasiz shaxslarni vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy xizmatlar bilan taʼminlash jarayonlariga nodavlat sektorni keng jalb etish maqsadida:

(a) Agentlik tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga boshpanasiz shaxslarga vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish faoliyatini amalga oshirish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali davlat ijtimoiy buyurtmalari beriladi;

(b) davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida xizmat koʻrsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlarning ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlari Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga jalb qilib boriladi;

(v) Agentlik tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida xizmat koʻrsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlarga boshpanasiz shaxslarni aniqlash, ular bilan ishlash, vaqtinchalik boshpana bilan taʼminlash, ijtimoiy xizmatlarga yoʻnaltirish va jamiyatga reintegratsiya qilish boʻyicha uslubiy va amaliy koʻmak koʻrsatib boriladi.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) boshpanasiz shaxslar Ijtimoiy markazlarda boʻlgan davrida ushbu muassasaga vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi;

(b) boshpanasiz shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq davlat boji, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi. Bunda “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan yordam koʻrsatish uchun shaxsning Ijtimoiy reyestrda turishi va “mahalla yettiligi” qarori qabul qilinishi boʻyicha talab istisno tariqasida qoʻllanmaydi.

8. Boshpanasiz shaxslarni aniqlash, shaxsiga aniqlik kiritish, ijtimoiy va boshqa xizmatlar bilan qamrab olish ishlarini jadallashtirish maqsadida Agentlik va uning hududiy boʻlinmalariga quyidagi huquqlar berilsin:

(a) boshpanasiz shaxslarning chet davlat fuqaroligiga mansubligi yoki mansub emasligi toʻgʻrisida soʻrovnomalar kiritish;

(b) boshpanasiz shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, arxiv maʼlumotlari va boshqa axborot manbalari orqali ularning shaxsi va huquqiy maqomini aniqlash boʻyicha choralar koʻrish;

(v) boshpanasiz shaxslarning fuqaroligi:

(i) aniqlangan taqdirda, ularning kelib chiqqan davlatiga ixtiyoriy ravishda qaytishiga koʻmaklashish yoki qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlishining huquqiy asoslarini rasmiylashtirish choralarini koʻrish;

(ii) aniqlanmagan yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan ularni fuqaroligi boʻlmagan shaxs sifatida tan olish va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini rasmiylashtirish bilan bogʻliq tadbirlarni belgilangan tartibda amalga oshirish.

V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

9. Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Ichki ishlar vazirligi:

(a) Agentlik bilan birgalikda 2026-yil 1-oktabrga qadar tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilgan holda Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslarni vaqtincha turar joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyatini yaratsin;

(b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov belgilansin.

12. Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya boʻyicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 3-avgust,

PQ-288-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-avgustdagi PQ-288-son qarorigaILOVA

Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.