Tashqi savdo siyosati amalga oshirilayotganda ilgari toʻlangan bojxona bojini qaytarish, bojxona boji stavkasini pasaytirish va bojxona bojini toʻlashdan ozod etish tarzida tarif imtiyozlari berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari quyidagilarga nisbatan beriladi:
1) xalqaro yoʻnalishda yuklar, bagaj va yoʻlovchilar tashishni amalga oshiradigan transport vositalariga, shuningdek ularning yoʻlda qatnov vaqtida, oraliq toʻxtash punktlarida bir maromda ishlashi uchun zarur boʻlgan yoki transport vositalarida yuz bergan avariyalarga (nosozliklarga) barham berish uchun bojxona hududidan tashqarida olingan moddiy-texnika taʼminoti predmetlariga va anjomlariga, yoqilgʻiga, oziq-ovqatga va boshqa mol-mulkka;
2) Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasiga, chet el valyutasiga (numizmatika maqsadida ishlatiladigan valyuta bundan mustasno), shuningdek qimmatli qogʻozlarga;
3) dengizda ov bilan band boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi kemalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan ijaraga olingan (fraxt qilingan) kemalarning faoliyatini taʼminlash uchun bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan moddiy-texnika taʼminoti predmetlariga va anjomlariga, yoqilgʻiga, oziq-ovqatga va boshqa mol-mulkka, shuningdek ularning bojxona hududiga olib kiriladigan ov mahsulotiga;
4) davlat mulkiga aylantirilishi lozim boʻlgan tovarlarga;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda insonparvarlik yordami sifatida olib kiriladigan tovarlarga;
6) davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tashkilotlar va shaxslar yoʻnalishlari boʻyicha xayriya yordami maqsadlarida, shu jumladan texnik yordam koʻrsatish (grantlar) uchun olib kiriladigan tovarlarga;
7) uchinchi davlatlar uchun moʻljallangan va bojxona nazorati ostida bojxona hududidan bojxona tranziti bojxona rejimida olib oʻtiladigan tovarlarga;
8) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha toʻliq yoki qisman xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari (qarzlari, kreditlari) hisobidan Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida yuridik shaxslar tomonidan olinadigan tovarlarga;
Bunda Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari (qarzlari, kreditlari) hisobidan sotib olinadigan tovarlar boʻyicha imtiyozlar qoʻllanilmaydi.
10) chet ellik investorlar, chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida turgan chet davlatlar fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy ravishda yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona hududiga olib kiriladigan mol-mulkka;
11) Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga umumiy summasi ellik million AQSH dollari ekvivalentidan ortiq boʻlgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyani amalga oshirgan chet ellik yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga, basharti olib kirilayotgan tovarlar ularning oʻz ishlab chiqarish mahsuloti boʻlsa;
12) mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlar olib borish uchun moʻljallangan va loyiha hujjatlariga muvofiq mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan chet ellik investor yoki boshqa shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarga, shuningdek investor tomonidan bojxona hududidan olib chiqiladigan, mahsulot taqsimotiga oid bitimga muvofiq investorga tegishli boʻlgan mahsulotga;
13) Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshashi ishlab chiqarilmaydigan, tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan texnologik asbob-uskunalarga;
14) maxsus vakolatli davlat organining yozma shakldagi tasdigʻi boʻlgan taqdirda, telekommunikatsiyalar operatorlari hamda tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalarini sertifikatlashtirish boʻyicha maxsus organ tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalariga;
14-1) maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari;
15) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, olimpiya hamda paralimpiya sport turlari boʻyicha federatsiyalar (assotsiatsiyalar) takliflari asosida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan shakllantiriladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha davlat hamda nodavlat sport-taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun xorijdan import qilinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan maxsus sport kiyim-boshlari (ekipirovkalari), poyabzal, sport anjomlari, jihozlari va uskunalari uchun belgilangan bojxona boji stavkasining ellik foiziga;
16) tovarlarni qayta ishlashda hosil boʻladigan chiqindilarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganda.