BK · 168-modda

168-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, shuningdek tumanlar va shaharlar budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqish hamda tasdiqlash

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari tomonidan hisobot davri uchun taqdim etilgan tegishli budjetlarning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni oʻz partiyalar guruhlarida va doimiy komissiyalarida (qoʻmitalarida) dastlabki tarzda muhokama qilish asosida koʻrib chiqadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari tegishli budjetlar ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni hisobot yilidan keyingi yilning 10-mayidan soʻng tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlariga taqdim etadi.

Tegishli budjetlarning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etish muddatlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan belgilanadi.

Tegishli budjetlarning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlari qarorlari bilan tasdiqlanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar hamda shaharlar Kengashlari tegishli budjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet mablagʻlaridan va budjetdan tashqari mablagʻlardan samarali foydalanilishi, shuningdek erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish huquqiga ega.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotning tashqi auditi natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosalari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining masʼul vakillari ishtirokida muhokama qilinadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.