Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini (bundan buyon matnda Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi deb yuritiladi) va budjetnomani ishlab chiqish jarayonini tashkil etadi hamda muvofiqlashtirib boradi;
birinchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar roʻyxatini tasdiqlaydi;
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va budjetnomani koʻrib chiqish hamda tegishli xulosa taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi;
budjetnomani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga taqdim etadi;
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritadi;
davlat boshqaruvi organlarining Davlat budjetini va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan oʻtkazish va baholash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga taqdim etish shakllarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etish shakllarini belgilaydi;
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni har chorakda koʻrib chiqadi;
oʻtgan moliya yili uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni, shuningdek joriy moliya yili uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarni tashqi auditdan oʻtkazish hamda baholash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik hisobotlarni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tezkor xulosasi bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etadi;
ushbu Kodeksning 145 va 149-moddalarida nazarda tutilgan hollarda moliya yili mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlarga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining tegishli xulosasi bilan birgalikda koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritadi;
Davlat budjeti daromadlari prognozini choraklar va hududlar kesimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovlariga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.