Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari:
tegishli budjet loyihasini ishlab chiqish va uni ijro etish jarayonini tashkil etadi hamda muvofiqlashtirib boradi;
budjet soʻrovi olinishiga qarab tegishli budjetlarning loyihalarini tuzish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, ularni tayyorlash tartibi va muddatlarini belgilaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti loyihasini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari loyihalarini tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga koʻrib chiqish va qabul qilish uchun taqdim etadi;
ushbu Kodeksning 146 — 148-moddalarida nazarda tutilgan tartibda moliya yili mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlari parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, tumanlar va shaharlar budjetlarining ijrosi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik va yillik hisobotlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlariga tushumlar toʻliq va oʻz vaqtida tushishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga budjet soʻrovini tuzish uchun ajratiladigan budjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini koʻrib chiqadi hamda tasdiqlaydi;
qonunchilikda belgilanadigan alohida soliqlar boʻyicha belgilangan stavkalarga pasaytiruvchi va oshib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritish toʻgʻrisida hududlarning faoliyatni amalga oshirish joyining xususiyatlarini inobatga olgan holda qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda mahalliy budjetlarning parametrlarini hamda ularning ijrosi haqidagi hisobotlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan koʻrib chiqish hamda tasdiqlash jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ham taʼminlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli moliya yili uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan Davlat budjeti daromadlari prognozining oʻz hududiga tegishli qismining choraklar va tumanlar (shaharlar) kesimidagi taqsimotini tasdiqlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga:
navbatdagi yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalarini koʻrib chiqish hamda tegishli xulosani taqdim etish uchun;
oʻtgan moliya yili uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni tashqi auditdan oʻtkazish hamda baholash uchun yuboradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.