Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aylanma kassa mablagʻi — moliya yilida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida turgan budjet mablagʻlarining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdori;
birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan qonun bilan belgilangan miqdorda ajratiladigan budjet mablagʻlarini taqsimlovchi yuridik shaxs;
budjetdan ajratiladigan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlaridan budjet tashkilotlari hamda budjet mablagʻlari oluvchilar uchun nazarda tutiladigan pul mablagʻlari;
budjet jarayoni — budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish, ularning shakllantirilishini, tuzilishini hamda ijrosini nazorat qilish, budjet tizimi budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek ular oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar jarayoni;
budjet jarayoni ishtirokchilari — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat moliyaviy nazorat organlari, budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar;
budjet mablagʻlarini taqsimlovchi — birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi va ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi;
budjet sohasidagi vakolatlar — budjet jarayoni ishtirokchilarining budjet munosabatlari sohasidagi vakolatlari;
budjet ssudasi — qaytarish sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalariga, rezident-yuridik shaxsga ajratiladigan pul mablagʻlari;
budjet soʻrovi — oʻrta muddatli davr uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni olishga boʻlgan ehtiyojni asoslashni nazarda tutuvchi hujjat;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari — qonunchilikda nazarda tutilgan manbalar hisobidan budjet tashkiloti tasarrufiga kelib tushadigan mablagʻlar;
budjet tizimi budjetlari — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari;
budjetlararo transfertlar — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, davlat maqsadli jamgʻarmalariga hamda buning aksicha oʻtkaziladigan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga hamda buning aksicha oʻtkaziladigan mablagʻlar;
vaqtinchalik kassa uzilishi — joriy moliya yilining muayyan davrida budjet tizimi budjetlarining xarajatlari daromadlaridan vaqtinchalik oshib ketishi;
Davlat budjetining birlamchi profitsiti — muayyan davr uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat koʻrsatish boʻyicha foiz toʻlovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat budjeti profitsiti;
Davlat budjetining birlamchi taqchilligi — muayyan davr uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat koʻrsatish boʻyicha foiz toʻlovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat budjeti taqchilligi;
Davlat budjeti profitsiti — muayyan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti daromadlarining uning xarajatlaridan oshib ketishi;
Davlat budjeti taqchilligi — muayyan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlarining uning daromadlaridan oshib ketishi;
davlat moliyaviy nazorati — budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida davlat moliyaviy nazorati obyektlarining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlarini va boshqa hujjatlarni oʻrganish, tahlil qilish hamda taqqoslash;
davlat moliyaviy nazorati obyektlari — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar, davlat maqsadli jamgʻarmalari, belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari;
davlat tashqi qarzi — davlat tomonidan xorijdan mablagʻlar jalb etilishi natijasida yuzaga kelgan Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari yigʻindisi;
davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish — aktivlarni jalb etish, bu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi-rezidentlarning kreditlarini (qarzlarini) toʻlashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga kelishi;
davlat xaridlari — budjet tizimi budjetlarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlari;
davlat qarzi — Oʻzbekiston Respublikasining ichki mablagʻni va xorijdan mablagʻ jalb qilish natijasida yuzaga kelgan majburiyatlari;
daromadlar va xarajatlar smetasi — budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalarining tegishli yil choragi yoki moliya yili uchun kutilayotgan tushumlari va xarajatlari aks ettiriladigan hujjat;
donorlar — Oʻzbekiston Respublikasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmagan yuridik va jismoniy shaxslarga begʻaraz asosda mablagʻlar ajratadigan davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumat tashkilotlari, chet el fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan roʻyxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari;
dotatsiya — budjet tizimi budjetlariga ularning oʻz daromadlari yetishmagan taqdirda daromadlar bilan xarajatlar oʻrtasidagi farqni qoplash uchun qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablagʻlari;
jamlanma xarajatlar smetasi — budjet mablagʻlarini taqsimlovchi tomonidan oʻz tasarrufidagi budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalari asosida tuziladigan xarajatlar smetasi;
ikkinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga biriktiriladigan va oʻziga ajratiladigan budjet mablagʻlarini taqsimlovchi yuridik shaxs;
umumiy fiskal balans — Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini hamda davlat dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan ajratiladigan depozit, budjet ssudalari va kredit liniyalari hamda ularning qaytarilishi oʻrtasidagi farqni oʻz ichiga olgan jamlanma balans;
fiskal tavakkalchiliklar — budjet jarayoni ishtirokchilari uchun budjet tizimi budjetlari mablagʻlarini shakllantirish va sarflashda moliyaviy resurslardagi yoʻqotishlarni baholash;
moliya yili — birinchi yanvardan oʻttiz birinchi dekabr kuni oxirigacha boʻlgan vaqtni oʻz ichiga oluvchi davr;
moliyaviy majburiyatlar — budjet tashkilotlarida va budjet mablagʻlari oluvchilarda ularga pul mablagʻlarini oʻtkazish majburiyatini yuklovchi hujjatlar, shu jumladan ijro hujjatlari asosida yuzaga keladigan majburiyatlar;
subvensiya — muayyan maqsadlarga sarflash sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablagʻlari;
subsidiya — tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish va ularni realizatsiya qilishni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning oʻrnini qisman qoplash uchun budjet tizimi budjetlari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan pul mablagʻlari;
tartibga soluvchi daromadlar — budjet tizimi budjetlari oʻrtasida ajratmalar normativlari belgilanadigan soliqlar, yigʻimlar va davlat bojlari, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlar. Soliq boʻlmagan toʻlovlarga budjet tizimi budjetlariga kelib tushadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻlmagan toʻlovlar kiradi;
xarajatlar moddasi — budjet tizimi budjetlari xarajatlarining iqtisodiy yoʻnalishi va toʻlovlarning aniq turlari boʻyicha belgilovchi budjet tasnifining bir qismi;
xarajatlar smetasi — budjet tashkiloti yoki budjet mablagʻlari oluvchi tomonidan moliya yili uchun tuziladigan va tasdiqlanadigan, uning uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar xarajatlar moddalari boʻyicha aks ettiriladigan hujjat;
shtat jadvali — doimiy xodimlar lavozimlari va boʻsh oʻrinlar nomlarining soni va lavozim maoshlarining miqdorlari koʻrsatilgan roʻyxatni oʻz ichiga oladigan, budjet tashkiloti tomonidan tuziladigan hujjat;
shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida ochiladigan, budjet tizimi budjetlari ijrosi bilan bogʻliq operatsiyalarni aks ettirish uchun moʻljallangan tahliliy hisob registrlari;
yuridik majburiyatlar — tuzilgan shartnomalar, shuningdek tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlari asosida budjet tashkilotlarida va budjetdan mablagʻ oluvchilarda yuzaga keladigan majburiyatlar;
Yagona gʻazna hisobvaragʻi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochiladigan milliy yoki chet el valyutasidagi maxsus bank hisobvaragʻi;
oʻtkazib beriladigan daromadlar — tegishli maʼmuriy-hududiy birlikda shakllanadigan va yuqori turuvchi budjetga oʻtkaziladigan, ular qayerda shakllangan boʻlsa, keyinchalik oʻsha maʼmuriy-hududiy birlik budjetiga oʻtkazib beriladigan daromadlar;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti (Davlat budjeti) — davlatning davlat vazifalari va funksiyalarini moliyaviy jihatdan taʼminlash uchun moʻljallangan markazlashtirilgan pul jamgʻarmasi;
Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti — budjet tizimi budjetlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining barcha tushumlari va xarajatlari hamda davlat tashqi qarzi hisobidan davlat dasturlariga doir xarajatlar boʻyicha tuziladigan budjet;
gʻaznachilik boʻlinmalari — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar gʻaznachilik xizmati boshqarmalari, tumanlar va shaharlar boʻyicha gʻaznachilik xizmati boʻlinmalari;
gʻaznachilik memorial orderi — mablagʻlarni bir shaxsiy gʻazna hisobvaragʻidan boshqa shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazish uchun foydalaniladigan toʻlov hujjati;
hududiy budjet mablagʻlarini taqsimlovchi — oʻz tasarrufida Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan, Toshkent shahri shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan mablagʻ oluvchi tashkilotlarga ega boʻlgan yuridik shaxs, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan va Toshkent shahri shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkiloti yoki budjet mablagʻlari oluvchi;
hududiy iqtisodiyot va moliya organlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya boʻlimlari;
oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya — oʻrta muddatli davr uchun soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilovchi hujjat.