Ishonchli boshqaruvchi qonunda va mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor huquqlarini amalga oshiradi.
Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni boshqarish sohasidagi harakatlarni amalga oshirish natijasida qoʻlga kiritgan huquqlar ana shunday mol-mulk tarkibiga kiritiladi. Ishonchli boshqaruvchining ana shunday harakatlarni amalga oshirishi natijasida vujudga kelgan majburiyatlar shu mol-mulk hisobidan bajariladi.
Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvga topshirilgan koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga berishni va garovga qoʻyishni faqat bu hol mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirishga haqli.
Ishonchli boshqaruvda boʻlgan mol-mulkka huquqlarni himoya qilish uchun ishonchli boshqaruvchi oʻzining huquqlari har qanday buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega (ushbu Kodeksning 228, 229, 231, 232-moddalari).
Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvning muassisiga va foyda oluvchiga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bilan belgilangan muddatlarda va tartibda oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etib turadi.