FPK · 204-modda

204-modda. Sudyaning ishni sud muhokamasiga tayyorlash boʻyicha harakatlari

Sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash tartibida quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:

1) ishga uchinchi shaxslarning jalb etilishi yoki kirishishi toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi va ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilgan, mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslarni ushbu Kodeksning 203-moddasiga muvofiq soʻroq qiladi;

2) ishni koʻrishda vakillarning qatnashishi masalasini hal qiladi;

3) ishda prokurorning ishtirok etishi toʻgʻrisidagi va sud protsessida ishtirok etish uchun tegishli davlat boshqaruvi organini jalb etish haqidagi masalani hal qiladi;

4) sherik daʼvogarlarning, sherik javobgarlar va uchinchi shaxslarning ishga kirishishi toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi, shuningdek ishga daxldor boʻlmagan javobgarni almashtirish haqidagi masalani hal qiladi;

5) guvohlarni sud majlisiga chaqirish toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi;

6) tashkilotlardan yoki fuqarolardan ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni talab qilib oladi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarga sudga taqdim etish uchun bu dalillarni olishga doir soʻrovlar beradi;

7) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrlarini inobatga olgan holda, ekspertiza tayinlash va mutaxassis jalb etish toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi;

8) kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan holda, joyga chiqib koʻzdan kechirishni amalga oshiradi;

9) boshqa sudlarga sud topshiriqlari yuboradi;

10) ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi;

11) bir turdagi ishlarni birlashtirish va bir nechta talabni alohida ish yuritishga ajratish toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi;

12) daʼvoni va dalillarni taʼminlash masalasini hal qiladi;

13) taraflarni yarashtirish choralarini koʻradi;

14) sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga bunday sud majlisida ishtirok etish huquqini tushuntiradi.

Sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlash tartibida boshqa zarur protsessual harakatlarni ham amalga oshiradi.

Sudyaning ishni sud muhokamasiga tayyorlash boʻyicha harakatlari sudya tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarni chaqirmagan holda ajrim bilan rasmiylashtiriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.