Yuk, qoʻl yuki yoki yoʻlovchi yonidagi buyumlarning yoʻqolgani, kamomadi va ularga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi:
a) tashish uchun olingan qiymati eʼlon qilingan yuk yoki qoʻl yukining yoʻqolgani, kamomadi yoxud unga yetkazilgan zarar uchun – eʼlon qilingan qiymati miqdorida, agar tashuvchi eʼlon qilingan qiymat haqiqiy qiymatdan balandligini isbot qilsa — haqiqiy qiymat miqdorida;
b) qiymati eʼlon qilinmagan holda tashish uchun qabul qilingan yukning yoki qoʻl yukining, shuningdek yoʻlovchi yonidagi buyumlarning yoʻqolganligi, kamomadi yoxud ularga yetkazilgan zarar uchun — Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda fuqarolik qonunchiligida belgilangan tartibda va miqdorlarda javobgar boʻladi.
Agar yetkazilgan zarar tashuvchi yoki uning vakolatli shaxslari oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida qasddan qilingan yoki qoʻpol ehtiyotsizliklari natijasi ekanligi isbotlansa javobgarlik meʼyorlari qoʻllanilmaydi.
Havo kemasida hayvonlarni kuzatib borayotgan shaxsning oʻlimi yoki uning sogʻligiga yetkazilgan zarar uchun, agar bu halokat hayvonlarning xatti-harakati tufayli roʻy bergan boʻlsa, tashuvchi javobgar boʻlmaydi.
Hayvonlarning oʻlimi yoki jarohatlangani uchun, agar bu koʻngilsizlik tabiiy sabablarga koʻra yoki ularni kuzatib borayotgan shaxsning xatti-harakati natijasida roʻy bergan boʻlsa, tashuvchi javobgar boʻlmaydi.