Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi, qaror ishni koʻrgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) apellyatsiya instansiyasi sudining nomi, qarorni qabul qilgan sud tarkibi, sud majlisi kotibi;
2) ishning raqami, qaror qabul qilingan sana va joy;
3) apellyatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning protsessual holati;
4) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, shuningdek ular vakillarining va sud protsessi boshqa ishtirokchilarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
5) nizo predmeti;
6) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana, uni qabul qilgan sudyaning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;
7) ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni;
8) apellyatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan hal qiluv qarorining qonuniyligini va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida talab bildirilishiga doir asoslar;
9) apellyatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan yozma fikrda bayon qilingan vajlar;
10) ishda ishtirok etuvchi va sud majlisida hozir boʻlgan shaxslarning tushuntirishlari;
11) apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan aniqlangan ish holatlari; sudning ushbu holatlar toʻgʻrisidagi xulosalari uchun asos boʻlgan dalillar; sud qarorni qabul qilishda amal qilgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar; sudning u yoki bu dalillarni rad etishiga va ishda ishtirok etuvchi shaxslar havola qilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllamaganligiga doir sabablar;
12) agar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori toʻliq yoki qisman oʻzgartirilgan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudi uning xulosalariga qoʻshilmaganligining sabablari;
14) apellyatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar.
Apellyatsiya instansiyasi sudining qarorida ishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻrtasida sud xarajatlarining taqsimlanishi koʻrsatiladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi qarorining koʻchirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga u qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay ushbu Kodeksning 188-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.