JIK · 102-modda

102-modda. Ragʻbatlantirish choralari

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan ushbu Kodeks 97-1-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan mezonlar asosida ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan quyidagi ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi:

tashakkur eʼlon qilish;

ilgari qoʻllanilgan intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash;

yorliq, qimmatli sovgʻa yoki pul mukofoti bilan taqdirlash;

qoʻshimcha posilka, yoʻqlov yoki banderol olishga ruxsat etish;

qoʻshimcha uchrashuv yoki masofali video-uchrashuv yoxud telefon orqali soʻzlashuv huquqini berish;

oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish uchun pul summasini koʻpaytirish;

yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkazish, manzil-koloniyalarda saqlanayotgan shaxslar bundan mustasno.

Yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʻtkazish tariqasidagi ragʻbatlantirish mahkumlarga ushbu Kodeks 75-moddasining uchinchi qismiga muvofiq qoʻshimcha pul sarflash huquqini, shuningdek:

umumiy, qattiq tartibli koloniyalarda va tarbiya koloniyalarida ― yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta uchrashuv, bir marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv, bitta posilka yoki yoʻqlov olish;

maxsus tartibli koloniyalarda ― kameralardan umumiy turar joylarga oʻtkazish hamda yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bir marta masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali soʻzlashuv, bitta banderol olish;

turmalarda ― yil mobaynida qoʻshimcha ravishda bir marta qisqa muddatli uchrashuv, bitta posilka yoki yoʻqlov olish huquqini beradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.