JIK · 109-modda

109-modda. Mahkumlarni intizomiy boʻlinmaga kiritib qoʻyish tariqasidagi jazoni qoʻllash xususiyatlari

Jazoni ijro etish muassasalarining intizomiy boʻlinmalariga quyidagilar kiradi:

manzil-koloniyalar va tarbiya koloniyalarining hibsxonalari;

umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalarning hibsxonalari va karserlari;

tergov hibsxonalarining va turmalarning karserlari.

Mahkumlar hibsxonalar va karserlarga oʻn besh sutkagacha, tarbiya koloniyalarining hibsxonalariga esa, oʻn sutkagacha boʻlgan muddatga kiritib qoʻyiladi.

Jazoni oʻtash tartibini ashaddiy buzuvchi mahkumlar umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalarning karserlariga olti oygacha, ayollar saqlanadigan koloniyalarda esa — uch oygacha boʻlgan muddatga oʻtkazib qoʻyiladi.

Hibsxonalarga kiritib qoʻyilgan mahkumlarga uchrashuv, masofali video-uchrashuv, telefon orqali soʻzlashuv, oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish, posilka, yoʻqlov va banderollar olish hamda joʻnatish, xatlar va boshqa joʻnatmalar yuborish taqiqlanadi. Ularga chekish, stolda oʻynaladigan oʻyinlardan foydalanishga ruxsat etilmaydi. Mahkumlar har kuni muddati bir yarim soatlik sayrdan foydalanish huquqiga ega.

Karserlarda mahkumlarga uchrashuv, masofali video-uchrashuv, telefon orqali soʻzlashuv, posilka, yoʻqlov va banderollar olish hamda joʻnatish, stolda oʻynaladigan oʻyinlardan foydalanish taqiqlanadi.

Umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalarning karserlariga oʻtkazilgan mahkumlar quyidagi huquqlarga ega:

oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizigacha pul sarflash;

har kuni muddati ikki soatlik sayrdan foydalanish.

Maxsus tartibli koloniyalarning, tergov hibsxonalari va turmalarning karserlarida mahkumlarni yakka saqlash belgilanadi.

Mahkumlarni intizomiy boʻlinmaga kiritib qoʻyish va oʻtkazish muassasa boshligʻining jazo muddati koʻrsatilgan qarori asosida hamda tibbiy ruxsatnoma boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.

Mahkumlar intizomiy boʻlinmalardan davolash-profilaktika muassasalariga oʻtkazilgan taqdirda ular davolash-profilaktika muassasalarida boʻlgan vaqt jazoni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanadi.

Intizomiy boʻlinmalarga:

I guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;

homiladorlik va tugʻish boʻyicha ishdan ozod etilgan, shuningdek yonida emizikli bolasi bor ayollar kiritilmaydi.

Intizomiy boʻlinmalarda saqlanayotgan mahkumlar mehnatga jalb etilmaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.