Bosqinchilik, yaʼni oʻzganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot yoki sogʻliq uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatib yoxud shunday zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitib sodir etilgan boʻlsa, —
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bosqinchilik:
a) qurol yoki qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan boshqa narsalarni ishlatib;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
v) ancha miqdordagi mulkni talon-toroj qilish bilan bogʻliq holda sodir etilgan boʻlsa, —
sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bosqinchilik:
a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 242-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs tomonidan;
b) koʻp miqdorda;
v) uy-joyga, omborxona yoki boshqa binolarga gʻayriqonuniy ravishda kirgan holda;
g) badanga ogʻir shikast yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa, —
oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bosqinchilik:
a) juda koʻp miqdorda;
b) oʻta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
oʻn besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.