Uy qamogʻi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asoslar mavjud boʻlganida uning yoshini, sogʻligʻi holatini, oilaviy ahvolini va boshqa holatlarni hisobga olgan holda qamoqqa olish maqsadga nomuvofiq deb topilgan taqdirda qoʻllaniladi.
Uy qamogʻi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining jamiyatdan toʻliq yoxud qisman ajratib qoʻyilib, oʻzi mulkdor, ijaraga oluvchi sifatida yoki boshqa qonuniy asoslarda yashab turgan turar joyda taqiqlar (cheklovlar) yuklatilgan, shuningdek uning ustidan nazorat amalga oshirilgan holda boʻlishidan iborat boʻladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining sogʻligʻi holatini hisobga olgan holda tibbiy muassasa uy qamogʻida saqlash joyi etib belgilanishi mumkin.
Uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash toʻgʻrisidagi sudning ajrimida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi duchor qilinadigan ozodlik boʻyicha aniq taqiqlar (cheklovlar), shuningdek oʻrnatilgan taqiqlarga (cheklovlarga) rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish zimmasiga yuklatilayotgan organ koʻrsatiladi.
Oʻziga nisbatan uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan shaxsga quyidagi taqiqlar (cheklovlar) oʻrnatilishi mumkin:
1) muayyan shaxslar bilan aloqada boʻlish;
2) xat-xabar olish va joʻnatish;
3) har qanday aloqa vositalaridan foydalanish va ular yordamida soʻzlashuvlar olib borish;
4) uy-joyni tark etish.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi barcha taqiqlarga (cheklovlarga) yoxud ulardan ayrimlariga duchor etilishi mumkin.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi himoyachi, qonuniy vakil, belgilangan taqiqlarga (cheklovlarga) rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi zimmasiga yuklatilgan organ, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud bilan soʻzlashish uchun, shuningdek zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni, tez tibbiy yordamni, yongʻin xavfsizligi xizmatini, qutqaruv xizmatini va boshqa shoshilinch xizmatlarni chaqirish uchun telefon aloqasidan foydalanish huquqidan cheklanishi mumkin emas. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻz yashash joyidagi uy qamogʻini ijro etish zimmasiga yuklatilgan ichki ishlar organiga har bir shunday qoʻngʻiroq haqida xabar beradi.
Qamoqqa olinganning yashash joyi qoʻriqlanishi mumkin. Zarur hollarda uning xulq-atvori ustidan nazorat oʻrnatiladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining uy-joyidan chiqishi boʻyicha oʻrnatilgan taqiqlarga (cheklovlarga) rioya etishi ustidan nazorat amalga oshirilayotganda ichki ishlar organi uning yashash joyida boʻlishini sutkaning istalgan vaqtida tekshirishga haqli.
Tekshirish kunduzgi vaqtda koʻpi bilan bir marta va tungi vaqtda koʻpi bilan bir marta oʻtkaziladi.
Zarur hollarda, uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaxsga nisbatan elektron kuzatish vositalari qoʻllanilishi mumkin.
Uy qamogʻini ijro etish gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining yashash joyidagi ichki ishlar organi zimmasiga yuklatiladi.
Agar tibbiy koʻrsatuvlarga koʻra gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi sogʻliqni saqlash muassasasiga olib kelingan va yotqizilgan boʻlsa, sud oʻrnatgan taqiqlarning (cheklovlarning) amal qilishi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini oʻzgartirish yoxud bekor qilish masalasi prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi sud tomonidan hal etilguniga qadar davom etadi. Tegishli sogʻliqni saqlash muassasasining hududi uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini ijro etish joyi hisoblanadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi surishtiruv organiga yoki dastlabki tergov organiga, shuningdek sudga nazorat qiluvchi organning transport vositasida olib boriladi.
Uy qamogʻida jamiyatdan toʻliq ajratib qoʻyilgan sharoitda boʻlgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachi, qonuniy vakil bilan uchrashuvlari ushbu ehtiyot chorasi ijro etilayotgan joyda oʻtkaziladi.
Uy qamogʻining muddati, uni uzaytirish va uning ustidan shikoyat qilish tartibi ushbu Kodeksning 241, 243, 245 — 248-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bilan belgilanadi.
Oʻrnatilgan taqiqlar (cheklovlar) uy qamogʻida boʻlgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan buzilgan taqdirda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilishi mumkin.