Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Qonunda nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda va surishtiruv yoki dastlabki tergov davomida qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanganda prokuror, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorda ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini qamoqqa olish yoki uni uy qamogʻiga joylashtirish zaruratini keltirib chiqargan asoslar bayon qilinadi.
Prokuror qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, iltimosnoma qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror va zarur materiallarni sudga yuboradi. Agar iltimosnoma ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan qoʻzgʻatilayotgan boʻlsa, qaror va koʻrsatilgan materiallar ushlab turish muddati tugashidan kamida sakkiz soat oldin sudga taqdim qilinishi kerak.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma jinoyat sodir etilgan yoki surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmaganda esa yoxud qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi materialni koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran sakkiz soat ichida, lekin ushlab turishning eng koʻp muddatidan kechiktirmay koʻrib chiqiladi.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma prokuror, himoyachi, ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi ishtirokida koʻrib chiqiladi. Ushlab turilgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sud majlisiga olib kelinadi. Sud majlisida gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining qonuniy vakili, shuningdek surishtiruvchi, tergovchi ishtirok etishga haqli. Zarur boʻlgan hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi, himoyachi bundan mustasno. Qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnoma ayblanuvchining ishtirokisiz koʻrib chiqiladi.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokuror maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur ehtiyot chorasini qoʻllash zarurligini asoslab beradi. Shundan soʻng gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, himoyachi, sudda hozir boʻlgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
Sudya gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
1) qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida;
2) qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashni rad qilish toʻgʻrisida;
2-1) qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashni rad qilish va uy qamogʻi yoki garov tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash toʻgʻrisida;
2-2) uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashni rad qilish va garov tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash toʻgʻrisida;
3) taraflar qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashning asoslanganligi yoki asoslanmaganligiga doir qoʻshimcha dalillarni taqdim etishlari uchun ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatdan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirish toʻgʻrisida.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad qilingan va garov tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan taqdirda, gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini ushlab turish muddati garov kiritish imkonini berish uchun sud tomonidan koʻpi bilan qirq sakkiz soatgacha boʻlgan muddatga uzaytiriladi, koʻrsatilgan muddatda garov kiritilmagan taqdirda qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan hisoblanadi.
Sudyaning qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi yoki uni qoʻllashni rad qilish toʻgʻrisidagi ajrimi u oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro qilinishi kerak. Sudyaning ajrimi ijro uchun prokurorga, maʼlumot uchun esa gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga yuboriladi. Sudyaning ajrimi ustidan ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin.
Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
1) sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) sudyaning ajrimini bekor qilish va gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini qamoqdan, uy qamogʻidan ozod qilish yoxud unga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashga haqli.
Qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad qilingan taqdirda, aynan oʻsha gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan mazkur masala boʻyicha takroran sudga murojaat qilishga qamoqqa olishni yoki uy qamogʻini qoʻllashni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yoʻl qoʻyiladi.