JPK · 271-modda

271-modda. Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik

Jinoyat ishini yuritish chogʻida Jinoyat kodeksining 230 — 241-moddalarida nazarda tutilgan, odil sudlovga qarshi qaratilgan jinoyatni sodir etgan protsess ishtirokchilari ushbu Kodeksning umumiy qoidalariga binoan javobgarlikka tortiladilar.

Bundan tashqari protsessual majburiyatlarni buzganliklari uchun, xususan:

jabrlanuvchilar va guvohlar — surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning guvohlantirishdan, ekspertizadan oʻtish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar taqdim etish toʻgʻrisidagi qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortganlik uchun;

uyida olib qoʻyish, tintuv oʻtkazilayotgan shaxslar, shuningdek, mol-mulki xatlangan shaxslar (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning yaqin qarindoshlaridan tashqari) — surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning talabi bilan izlanayotgan ashyolarni berishdan bosh tortganlik uchun;

aloqa muassasalarining xodimlari — sudning pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi ajrimini bajarmaganlik yoki yetarli darajada bajarmaganlik uchun;

mansabdor shaxslar va fuqarolar — basharti ular hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirishga, tergov eksperimenti oʻtkazishga, murdani eksgumatsiya qilishga, olib qoʻyish va tintuv oʻtkazishga toʻsqinlik qilsalar;

protsess ishtirokchilari — surishtiruv, dastlabki tergov maʼlumotlarini yoki yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini oshkor qilganlik uchun, agar ular maʼlumotlarni oshkor qilishga yoʻl qoʻyilmasligi haqida tegishincha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoxud sud tomonidan ogohlantirilgan boʻlsa;

korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari — surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, mutaxassis, ekspert, tarjimon, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, xalq maslahatchilarining kelishiga toʻsqinlik qilganlik, jinoyatning sabablariga va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarga barham berish toʻgʻrisidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning taqdimnomasini yoki sudning xususiy ajrimini bajarmaganlik yoxud talab darajasida bajarmaganlik uchun qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishlari mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.