JPK · 521-16-modda

521-16-modda. Jinoyat ishini taftish tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida koʻrish tartibi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida jinoyat ishini taftish tartibida koʻrishda sud majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday jinoyat ishi va kimning taftish tartibidagi shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganligini eʼlon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini eʼlon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, tarjimonning familiyasini, ismini va otasining ismini maʼlum qiladi.

Raislik qiluvchi hozir boʻlgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar hamda iltimosnomalar bor-yoʻqligini, ular taftish tartibidagi shikoyatda, protestda bayon etilgan iltimosnomalarni quvvatlashi-quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimosnomalar mavjud boʻlganda sud ular boʻyicha ajrim chiqaradi.

Ishni koʻrish sudyalardan biri tomonidan birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi hukmining, ajrimining, taftish tartibida berilgan shikoyatning yoki protestning mazmunini qisqacha bayon etish bilan boshlanadi.

Sudyaning maʼruzasidan keyin sud taftish tartibida shikoyat (protest) bergan tarafning maʼruzasini va boshqa tarafning eʼtirozlarini eshitadi. Bir nechta shikoyat mavjud boʻlgan taqdirda, soʻzga chiqish navbati taraflarning fikrlari hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Agar taftish tartibida berilgan shikoyatlar bilan bir qatorda prokurorning taftish tartibida bildirilgan protesti mavjud boʻlsa, soʻz birinchi navbatda unga beriladi.

Taftish instansiyasi sudining majlisida ishtirok etayotgan prokuror koʻrib chiqilayotgan taftish tartibida berilgan shikoyatlar yuzasidan fikrini bildiradi, protestda koʻrsatilgan vajlarni bayon etadi.

Taraflar oʻz vajlarini bayon etish bilan birga taftish tartibida berilgan shikoyatda (protestda) keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki rad etib sudga qoʻshimcha materiallarni taqdim etishga haqli.

Qoʻshimcha materiallar taqdim etilgan hollarda, sud taraflarga ular bilan tanishib chiqish va oʻz vajlarini bayon etish imkonini beradi.

Jinoyat ishini taftish tartibida koʻrishda sud ushbu Kodeks 483-moddasining uchinchi qismiga amal qilgan holda toʻliq yoki qisman sud tergovini oʻtkazishga haqli.

Sud tergovi yakunlanganidan soʻng sud taraflarning muzokaralariga oʻtadi.

Sud muzokaralari ushbu Kodeksning 449-moddasi qoidalari asosida oʻtkaziladi, bunda shikoyat (protest) bergan shaxs birinchi boʻlib soʻzga chiqadi.

Taraflarning muzokaralari tamomlanganidan keyin raislik qiluvchi mahkumga (oqlangan shaxsga), agar u sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, oxirgi soʻz beradi, shundan soʻng sud qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi.

Taftish instansiyasi sudining qarori ushbu Kodeksning 497-31-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.

Taftish instansiyasi sudining qarorini eʼlon qilish ushbu Kodeksning 473, 497-31-moddalari qoidalariga koʻra amalga oshiriladi.

Taftish instansiyasi sudida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi. Sud majlisining bayonnomasi ushbu Kodeksning 426-moddasida koʻrsatilgan muddatlarda tayyorlanishi kerak. U bilan sud majlisining barcha ishtirokchilari tanishishga haqli. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan ushbu Kodeksning 427-moddasida nazarda tutilgan tartibda mulohazalar bildirilishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.