MJK · 220-1-modda

220-1-modda. Qurolning qonunga xilof muomalasi

Pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish qurolini, oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish, ulardan foydalanish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtish —

qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Pnevmatik, signal beruvchi, tigʻli sovuq, uloqtirish qurolini, oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli litsenziyalarisiz ishlab chiqarish, taʼmirlash, realizatsiya qilish —

qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u pnevmatik, signal beruvchi, tigʻli sovuq, uloqtirish qurolini va oʻzini oʻzi himoya qilish qurolini oʻz ixtiyori bilan topshirsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.