MK · 253-modda

253-modda. Ish haqini toʻlash muddatlari

Xodimlarga ish haqi toʻlash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam boʻlishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, oʻn olti kundan koʻp boʻlmagan tanaffus bilan ikki qismga boʻlingan holda (boʻnakda va qolgan qismi miqdorida) toʻlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ish haqi oyiga bir marta toʻlanadigan xodimlarning ayrim toifalari belgilanishi mumkin.

Ish haqi toʻlanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida toʻlanadi.

Xodimga tegishli boʻlgan ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishi va miqdori boshqa toʻlovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bogʻliq qilib qoʻyilmasligi kerak.

Ish beruvchi xodimning soʻroviga koʻra uni ish beruvchi tomonidan xodimning ish haqini hisob-kitob qilish chogʻida amalga oshirilgan hisoblashlar va ushlab qolishlar toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.

Ish beruvchi ish haqini toʻlash kechiktirilganligi uchun xodim oldida ushbu Kodeksning 333-moddasida belgilangan miqdorda moddiy javobgar boʻladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.