MSK · 261-modda

261-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) oʻrganish

Ushbu Kodeksning 249 — 255-moddalarida belgilangan qoidalarga muvofiq berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan oʻrganiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) unga ilova qilingan materiallar bilan birga, zarur boʻlgan taqdirda esa ishni talab qilib olgan holda oʻrganadi.

Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) oʻrganish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi:

1) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra rad etish toʻgʻrisida;

2) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ushbu Kodeks 257-moddasi birinchi qismining 1 — 6-bandlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra qaytarish toʻgʻrisida;

3) agar sud hujjatlarini taftish tartibida tekshirish asoslari mavjud boʻlmasa, taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida;

4) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun ish bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisida besh kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi, taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida yoki taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun ish bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida esa shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay ajrim chiqaradi.

Ajrimning koʻchirma nusxasi taftish tartibida shikoyat (protest) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ajrim chiqarilganidan keyingi kundan kechiktirmay, ushbu Kodeksning 171-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.