Ekspert: ekspertiza predmetiga taalluqli ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish; joyida koʻzdan kechirishda ishtirok etish va ekspertizani oʻtkazish uchun zarur qoʻshimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va guvohlarga sudning ruxsati bilan savollar berish; ashyoviy, yozma va raqamli dalillar va hujjatlarni koʻzdan kechirish; oʻz xulosasida nafaqat oʻz oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham xulosalarini bayon etish; oʻz xulosasi yoki koʻrsatuvlari ishda ishtirok etuvchi shaxslar va guvohlar tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish; agar u maʼmuriy sud ishi yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan sudning hal qiluv qarorlari, sudyaning harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
Ekspert: ushbu Kodeksning 21 va 22-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, oʻzini oʻzi rad etishi haqida darhol arz qilishi; oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun sudning chaqiruviga binoan kelishi; oʻzi oʻtkazgan ekspertiza xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; ekspertiza oʻtkazilishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining but saqlanishini taʼminlashi; sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert bila turib notoʻgʻri xulosa berganlik, yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgar boʻladi.
Agar ekspert qoʻyilgan savollarni oʻzining maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin boʻlmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni toʻldirib boʻlmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qoʻyilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisida asoslantirilgan dalolatnoma tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan sudga yuboradi.