OK · 80-modda

80-modda. Ota-onalik huquqidan mahrum qilish tartibi

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlar ota (ona)ning (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) daʼvosiga binoan koʻriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida koʻrib chiqiladi.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda bolaning taʼminoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ularning biridan) aliment undirish masalasini hal qiladi.

Agar sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlarni koʻrishda ota-ona (ulardan biri)ning harakatida jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlasa, bu haqda prokurorga xabar berishi shart.

Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kun ichida ushbu qarorning koʻchirmasini bolaning tugʻilganligi davlat tomonidan roʻyxatga olingan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.