SHK · 20-modda

20-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Maxsus vakolatli davlat organi:

shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi ishlab chiqilishini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari va umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilishini taʼminlaydi;

shaharlarning, shaharchalarning bosh rejalarini, bundan tasdiqlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari jumlasiga kiritilgan shaharlarning bosh rejalari mustasno, hamda Toshkent shahrining markaziy qismlarini, viloyatlarning maʼmuriy markazlarini, shuningdek madaniy meros obyektlariga ega boʻlgan shaharlarni batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi;

umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun chegaralarni belgilash haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

shaharsozlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;

vazirliklar va idoralar tomonidan taqdim etilgan idoraviy qurilish normalarini kelishib oladi;

shaharsozlik, arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga, ixtisoslashgan davlat taʼlim muassasalarida hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayonining darajasi va sifatini oshirishga, qurilish sohasida, shu jumladan xorijdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilarni hamda mutaxassislarni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashadi;

shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, milliy standartlarga, qurilish ishlari texnologiyalariga, qurilish materiallari va buyumlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha yagona siyosatni amalga oshiradi va ekspertiza xulosalarining yagona reyestrini yuritadi;

qurilishda standartlashtirish ishlarini amalga oshiradi;

davlat shaharsozlik kadastri va shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringi yuritilishini amalga oshiradi;

aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqilishini tashkil etadi;

shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish tartibini belgilaydi;

shaharsozlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziyalar beradi;

shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan oʻtkazadi;

qonun hujjatlariga muvofiq malakasi boʻlishi majburiy boʻlgan, loyihalashtirish va qurilish sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlashtiradigan yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan oʻtkazadi;

shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar toʻgʻrisida aholini muntazam ravishda xabardor qiladi;

oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar yuzasidan shaharsozlik faoliyati subyektlari oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni koʻrib chiqadi;

shaharsozlik faoliyati obyektlarini roʻyxatga oladi;

texnik nazoratni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachining va mualliflik nazoratini amalga oshirish boʻyicha ishlab chiquvchining ishlarini tekshiradi, shuningdek texnik va mualliflik nazorati sifatsiz amalga oshirilgan taqdirda, ularga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllash toʻgʻrisida vakolatli organlarga takliflar kiritadi;

shaharsozlik sohasidagi normativ hujjatlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, qurilish materiallari va buyumlarining ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi hamda qoʻllanilishini, shaharsozlik normalari va qoidalari hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari talablari chidamlilik va puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab boʻlgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi boʻlgan, obyektlar oʻzboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni toʻxtatib turadi. Qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarishni, realizatsiya qilishni hamda qoʻllashni, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni tadbirkorlik subyektining faoliyatini toʻxtatib turishga olib keladigan tarzda toʻxtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish hollari mustasno;

shaharsozlik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqadi va jarima tarzidagi maʼmuriy jazo beradi;

qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilib olish boʻyicha komissiyalar ishida ishtirok etadi;

shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishda buyurtmachiga va loyiha tashkilotlariga loyihalashtirish uchun topshiriqlar beradi.

Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.