Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi maxsus vakolatli davlat organining ixtisoslashtirilgan tarkibiy boʻlinmalari, bunga vakolatli boʻlgan vazirliklar va idoralarning ixtisoslashtirilgan tarkibiy boʻlinmalari, ekspert komissiyalari va ekspert guruhlari, shuningdek akkreditatsiya qilingan yuridik shaxslar (bundan buyon matnda ekspert tashkilotlari deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi maxsus vakolatli davlat organining ixtisoslashtirilgan tarkibiy boʻlinmalari tomonidan oʻtkaziladi.
Shaharsozlik hujjatlari shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga, shu jumladan shaharsozlik, yongʻinga qarshi hamda ekologik normalar va qoidalarga, shuningdek sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyena normativlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazilishi lozim.
Shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish uchun shaharsozlik hujjatlari zilzilaga bardoshlilik va yongʻin xavfsizligi yuzasidan majburiy ekspertizadan oʻtkazilishi lozim.
Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar, shu jumladan chet el investitsiyalari hisobidan amalga oshiriladigan obyektlar boʻyicha shaharsozlik hujjatlarining smeta qismini ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi.
Quyidagi obyektlarning shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi majburiy emas:
mavsumiy ishlar uchun vaqtinchalik va maishiy binolar;
uch yuz kub metrdan ortiq boʻlmagan alohida qurilayotgan kichik hajmdagi obyektlar;
ikki qavatdan yuqori boʻlmagan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
I xavf-xatar toifasiga kiradigan obyektlar;
binolarni, inshootlarni va boshqa obyektlar joriy taʼmirlanganda.
Loyiha yechimlariga oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda, shu jumladan qurilayotgan yoki mavjud obyektlarning konstruksiyasi oʻzgarganda (qavatlar soni oʻzgarganda, yonma-yon qurilganda, ustiga qavat qurilganda) shaharsozlik hujjatlari kiritilayotgan oʻzgartirishlar qismida qayta ekspertizadan oʻtkaziladi.
Ilgari ekspertizaning ijobiy xulosalari berilgan yakka tartibdagi va namunaviy loyihalar takroran qoʻllanilganda ekspertiza ushbu loyihalarni aniq bir joyga va shartlarga bogʻlash qismida amalga oshiriladi.
Buyurtmachi zimmasiga shaharsozlik hujjatlarining toʻliq toʻplamini ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etish va ularning ishonchliligini taʼminlash majburiyati yuklanadi.
Shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasi buyurtmachilar va ekspert tashkilotlari tomonidan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi, bunda xarajatlar koʻrib chiqilayotgan loyihani ishlab chiqish qiymatiga kiritiladi.
Ekspertizaning ijobiy xulosalari (bundan davlat sirlari yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirlarni oʻz ichiga olgan shaharsozlik hujjatlariga doir xulosalar mustasno) ular ekspertiza xulosalarining yagona reyestriga kiritilgan taqdirdagina haqiqiy deb tan olinadi.
Ekspertizaning ijobiy xulosalari shaharsozlik hujjatlarini kelishib olish, tasdiqlash va kelgusida amalga oshirish uchun asos boʻladi.
Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish tartibi va muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.