Alohida tartibga solinishi lozim boʻlgan shaharsozlik faoliyati obyektlari umumdavlat yoki mahalliy ahamiyatga molik boʻlishi mumkin.
Shaharsozlik faoliyati quyidagi hollarda alohida tartibga solinishi lozim, agar:
hududlar hamda aholi punktlari tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiriga duchor boʻlgan boʻlsa;
hududlar yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar, yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha miqdorlarda radioaktiv moddalar bilan ifloslangan boʻlsa;
shaharsozlik faoliyati muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilayotgan boʻlsa.
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari jumlasiga quyidagilar ham kiritilishi mumkin:
muhofaza etiladigan noyob landshaftlarga ega hududlar;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar;
kurort uchun moʻljallangan hududlar;
rekreatsiya uchun moʻljallangan hududlar;
maxsus iqtisodiy zonalarning hududlari;
kichik sanoat zonalarining hududlari;
suv resurslarining muhofaza zonalari;
Toshkent shahri hududi;
Nukus shahri hududi;
viloyatlarning maʼmuriy markazlari boʻlgan shaharlar hududlari;
Toshkent va Nukus shaharlariga, viloyatlar va tumanlarning maʼmuriy markazlariga tutash zonalar;
madaniy meros obyektlari mavjud boʻlgan aholi punktlari;
kurort aholi punktlari;
qoʻriqxona aholi punktlari;
turistik salohiyatiga ega boʻlgan aholi punktlari;
alohida (ekstremal) tabiiy-iqlim sharoitlariga ega boʻlgan aholi punktlari;
hayot faoliyatining alohida rejimi belgilangan aholi punktlari (harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlar, davlat qoʻriqxonalarining hududida hamda boshqa qoʻriqlanadigan tabiiy hududlarda joylashgan aholi punktlari).