SHK · 76-modda

76-modda. Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini umumdavlat va mahalliy ahamiyatga molik obyektlar jumlasiga kiritish hamda ularning chegaralarini belgilash

Shaharsozlik kodeksi 10-bob. Shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish Rasmiy manba (lex.uz)

Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlar jumlasiga kiritish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan:

tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiriga duchor boʻlgan hududlarda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining manfaatdor vazirliklar va idoralar maʼlumotlari asosidagi taqdimnomalariga koʻra;

yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va (yoki) biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar bilan, yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha radioaktiv moddalar bilan ifloslangan hududlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining taqdimnomalariga koʻra;

Toshkent shahri hududida — Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining taqdimnomalariga koʻra;

moddiy madaniy meros obyektlari mavjud boʻlgan shaharlar hududlarida — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining taqdimnomalariga koʻra;

kurort shaharlar hududlarida — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining taqdimnomalariga koʻra;

qoʻriqxona shaharlar hududlarida — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining taqdimnomalariga koʻra;

hayot faoliyatining alohida rejimiga ega boʻlgan aholi punktlari (harbiy obyektlar, boshqa rejimli hududlar, davlat qoʻriqxonalaridagi va boshqa qoʻriqlanadigan tabiiy hududlardagi aholi punktlari) hududlarida — manfaatdor vazirliklarning, idoralarning taqdimnomalariga koʻra;

muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda — manfaatdor vazirliklarning va idoralarning taqdimnomasiga koʻra amalga oshiriladi.

Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini mahalliy ahamiyatga molik (umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlar jumlasiga kiritilmagan) obyektlar jumlasiga kiritish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan:

tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar taʼsiriga duchor boʻlgan hududlarda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda;

yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va (yoki) biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar bilan, yoʻl qoʻyiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha radioaktiv moddalar bilan ifloslangan hududlarda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalariga koʻra hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini mahalliy ahamiyatga molik (umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlar jumlasiga kiritilmagan) obyektlar jumlasiga kiritish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan:

muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda;

hayot faoliyatining alohida rejimiga ega boʻlgan aholi punktlari (harbiy obyektlar, boshqa rejimli hududlar, davlat qoʻriqxonalari hududlarida va qoʻriqlanadigan boshqa tabiiy hududlarda joylashgan aholi punktlari) hududlarida — manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda;

Nukus shahri hamda viloyatlarning maʼmuriy markazlari boʻlgan shaharlar hududlarida, shuningdek madaniy meros obyektlari mavjud boʻlgan shaharlar hududlarida — tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining taqdimnomasiga koʻra amalga oshiriladi.

Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralari aholi punktlarining hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish va qurish toʻgʻrisidagi tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida belgilanadi hamda maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralari bilan mos kelmasligi mumkin.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.