Agar ushbu Kodeksning 260-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagilarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma soliq solishdan ozod etiladi:
1) maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga qarash boʻyicha xizmatlarni;
2) bemorlar va keksalarni parvarish qilish boʻyicha xizmatlarni;
3) dafn etish byurolari va qabristonlarning marosim xizmatlarini, diniy ashyolarni, diniy tashkilotlar hamda birlashmalar tomonidan udumlarni va marosimlarni oʻtkazishga doir xizmatlarni;
4) protez-ortopediya buyumlarini, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun inventarni, shu jumladan ushbu buyumlar va inventarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinadigan buyumlar va inventarni, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarga ortopedik protezlash, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan protez-ortopediya buyumlarini va inventarni taʼmirlash hamda ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarni;
5) davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalarining mahsulotlarini ushbu muassasalar tomonidan realizatsiya qilish;
6) ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi boʻlgan shaxslardan iborat boʻlgan hamda nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan, yagona ishtirokchisi nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan ishlab chiqarilgan tovarlarni, koʻrsatilgan xizmatlarni;
8) pensiyalar va nafaqalar toʻlashga doir xizmatlarni;
10) oʻqitish (taʼlim) sohasidagi xizmatlarni, shu jumladan test sinovlari va imtihonlar oʻtkazishni tashkil etish xizmatlarini, xususan:
boshlangʻich, oʻrta, oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasidagi taʼlim xizmatlarini;
taʼlim muassasalari (tashkilotlari), shuningdek kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradigan tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan qoʻshimcha taʼlim berish boʻyicha xizmatlarni;
maktabgacha taʼlim va tarbiya dasturlari doirasida taʼlim va tarbiyalash faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarda bolalarga qarash va ularni parvarishlash boʻyicha xizmatlarni, toʻgaraklarda, seksiyalarda (shu jumladan sport seksiyalarida) va studiyalarda voyaga yetmagan bolalar bilan mashgʻulotlar oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni;
14) sanatoriy-kurort, sogʻlomlashtirish xizmatlarini, shuningdek budjet tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni. Ushbu bandning maqsadida:
a) sanatoriy-kurort va sogʻlomlashtirish xizmatlari jumlasiga sanatoriylar, shifoxonalar, profilaktoriylar, kurortlar, pansionatlar, dam olish uylari va zonalari, bolalar dam olish oromgohlari hamda boshqa dam olish tashkilotlari tomonidan ularning asosiy faoliyati doirasida koʻrsatiladigan, ular yuridik shaxslar yoki yuridik shaxslarning tarkibiy boʻlinmalari tomonidan koʻrsatilishidan qatʼi nazar, yoʻllanmalar yoki joysiz davolanish uchun beriladigan hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan xizmatlar kiradi;
b) budjet tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan jismoniy tarbiya va sport xizmatlari jumlasiga, xususan, sport inshootlarida, maktablarda, klublarda sport turlari boʻyicha oʻquv guruhlari hamda jamoalarida sogʻlomlashtirish yoʻnalishidagi jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlarini oʻtkazishga oid xizmatlar, umumjismoniy tayyorgarlik xizmatlari, sport musobaqalarini yoki bayramlarini, sport-tomosha tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha xizmatlar, shuningdek mazkur tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish uchun sport inshootlarini ijaraga berish kiradi;
16) uy-joy fondini saqlash va taʼmirlash yuzasidan aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar. Uy-joy fondini saqlash va taʼmirlash yuzasidan koʻrsatiladigan xizmatlar jumlasiga lift xoʻjaliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari va boʻlimlari, uy-joy fondidan foydalanish, uni saqlash va taʼmirlash boshqarmalari hamda boʻlimlarining bevosita aholi tomonidan haq toʻlanadigan xizmatlari, shu jumladan ushbu xizmatlarga uy-joy mulkdorlari shirkatlari orqali haq toʻlash kiradi;
16-1) boshqaruvchi tashkilotlar yoki koʻp kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, shuningdek koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar hamda bajarilayotgan ishlar;
17) tovarlarni (xizmatlarni), agar tovarlarni berish (xizmatlar koʻrsatish) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bepul amalga oshirilsa;
18) qimmatbaho metallardan ishlangan bank va oʻlchovli quymalarini, qimmatbaho metallardan ishlangan quyma (investitsiya) tangalarni (numizmatika maqsadlari uchun foydalaniladigan tangalardan, shuningdek qimmatbaho metallardan ishlangan chet el tangalaridan tashqari), qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan parchalarni va chiqindilarni, qimmatbaho metallarning oʻlchov plastinalari va granulalarini, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni;
19) bojsiz savdo bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni;
20) yuridik va jismoniy shaxslarga muayyan huquqlar berilganda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va vakolatli organlar, tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarni, agar bunday xizmatlar koʻrsatish shart ekanligi qonunchilikda belgilangan boʻlsa, faoliyatning muayyan sohasida ushbu organlar va tashkilotlarning zimmasiga yuklatilgan alohida vakolatlarni bajarish doirasida davlat boji yoki boshqa toʻlovlar undiriladi;
21) budjet mablagʻlari hisobidan bajariladigan yer-kadastr, yer tuzish, tuproqqa oid va geobotanika ishlarini;
23) xalqaro moliyaviy institutlarning qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan olinadigan tovarlarni (xizmatlarni), agar ularni soliqdan ozod etish qonunda nazarda tutilgan boʻlsa;
25) telekommunikatsiya tarmoqlarida operativ-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari, shuningdek mazkur vositalardan foydalanishga hamda ularga xizmat koʻrsatishga doir xizmatlar;
26) metsenatlik koʻmagi tarzida beriladigan (koʻrsatiladigan) tovarlarni (xizmatlarni);
26-1) davlat mol-mulkini, shu jumladan mulk huquqi asosida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini;
27) ushbu Kodeksning 244-moddasida nazarda tutilgan moliyaviy xizmatlarni;
28) ushbu Kodeksning 245-moddasida nazarda tutilgan hayotni sugʻurta qilish xizmatlarini va boshqa sugʻurta xizmatlarini.
Ushbu moddada sanab oʻtilgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanma soliq toʻlovchilarda bunday faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalar va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, agar uning amalga oshirilishini litsenziyalash lozim boʻlsa yoki ruxsat etuvchi hujjatlar talab etsa, qonunchilikka muvofiq soliq solishdan ozod etiladi.
Soliq solinadigan aylanmalarni va ushbu moddaning qoidalariga muvofiq soliq solishdan ozod etiladigan aylanmalarni amalga oshiradigan soliq toʻlovchilar ushbu Kodeksning 268-moddasiga muvofiq aylanmalarning alohida hisobini yuritishi shart.