Sugʻurta qilish, birgalikda sugʻurta qilish va qayta sugʻurta qilish xizmatlari boʻyicha sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladigan sugʻurta qilish boʻyicha xizmatlar bu xizmatlar natijasida:
1) sugʻurta bozorining professional ishtirokchisi quyidagilarni olsa, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:
sugʻurta qilish, birgalikda sugʻurta qilish va qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha sugʻurta mukofotlari;
qayta sugʻurta qilishga topshirilgan shartnomalar boʻyicha vositachilik haqi va tantyemalar;
sugʻurta agenti, sugʻurta va qayta sugʻurta brokeri, syurveyer hamda sugʻurta bozorining boshqa professional ishtirokchilarining xizmatlari uchun vositachilik haqi;
sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari (aktuariylar, ajasterlar, syurveyerlar, assistans xizmatlari va shu singarilar) koʻrsatgan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
qonunchilikka muvofiq sugʻurtalovchiga oʻtgan, sugʻurta qildiruvchining (naf oluvchining) yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslardan talab qilish huquqini realizatsiya qilishdan olinadigan mablagʻlar;
qayta sugʻurta qilish shartnomalari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, ular boʻyicha sugʻurta mukofotlarining qaytarib berilgan qismi summalari;
bevosita sugʻurta faoliyatini amalga oshirishdan olinadigan boshqa daromadlar;
2) sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) quyidagilarni olsa, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:
sugʻurta toʻlovi (sugʻurta tovoni);
preventiv tadbirlar oʻtkazish uchun beriladigan mablagʻlar;
sugʻurta qilish shartnomasi zararsiz amal qilishi uchun sugʻurtalovchi toʻlaydigan mablagʻlar;
sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq boshqa mablagʻlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu modda qoidalarining qoʻllanilish tartibi yuzasidan, ayrim aylanmalarni batafsillashtirgan holda, tushuntirishlar berishga haqli.