SK · 354-modda

354-modda. Soliq agentlari tomonidan soliqni hisoblab chiqarish tartibi

Soliq bazasi soliq toʻlovchiga har bir daromadni toʻlash chogʻida soliq agenti tomonidan alohida aniqlanadi.

Norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlariga solinadigan soliq summasi ushbu Kodeksning 356-moddasida nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda soliq bazasining soliq stavkasiga muvofiq boʻlgan foizdagi ulushi sifatida hisoblab chiqariladi.

Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi tomonidan norezidentga dividendlar toʻlash paytida ushlab qolinadigan norezident daromadidan olinadigan soliq summasi ushbu yuridik shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining boshqa yuridik shaxslaridan olingan dividendlaridan ilgari toʻlangan soliq summasiga quyidagi shartlar bajarilganda kamaytiriladi:

norezident dividendlar toʻlovchi Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsining ustav fondida (ustav kapitalida) kamida yigirma besh foizlik ishtirok ulushiga ega boʻlsa;

mazkur ulushga egalik qilish dividendlarning toʻlanish sanasidan oldingi kamida 365 kalendar kun davomida uzluksiz amalga oshirilgan boʻlsa;

olingan dividendlardan toʻlangan soliq summasi ilgari norezidentning dividendlar tarzidagi daromadidan olinadigan soliqni aniqlashda hisobga olinmagan boʻlsa;

soliq agenti Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi Oʻzbekiston Respublikasining boshqa yuridik shaxslaridan olingan dividendlardan soliq toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni olgan boʻlsa.

Soliq summasi Oʻzbekiston Respublikasining norezidentiga daromadni toʻlash sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs boʻyicha milliy valyutada, ushbu Kodeksning 356-moddasida nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda hisoblab chiqariladi va toʻlanadi.

Norezidentlarga toʻlanadigan daromadlardan olinadigan soliq summasini hisoblab chiqarish va ushlab qolish soliq agenti tomonidan daromadlarning barcha turlari boʻyicha amalga oshiriladi, bundan quyidagi hollar mustasno, agar:

1) soliq agenti norezident tomonidan toʻlanadigan daromad norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasiga taalluqli ekanligi va soliq agentining ixtiyorida norezident soliq organida norezidentning doimiy muassasasi sifatida hisobda turganligi toʻgʻrisida soliq organi tomonidan tasdiqlangan maʼlumotnoma borligi haqida xabardor qilingan boʻlsa;

2) norezidentga toʻlanadigan daromadga nisbatan ushbu Kodeksning 353-moddasida 0 foizli soliq stavkasi nazarda tutilgan boʻlsa;

3) mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitimlarni bajarishda olingan daromadlar toʻlanadigan boʻlsa, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida bunday daromadlarni soliq solishdan ozod etish nazarda tutilgan boʻlsa;

4) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻllaniladigan xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida soliq solinmaydigan daromadlar toʻlanadigan boʻlsa, basharti tegishli daromadni olish uchun haqiqiy huquqqa ega boʻlgan norezident tomonidan soliq agentiga ushbu Kodeksning 358-moddasida nazarda tutilgan tasdiqnoma taqdim etilgan boʻlsa.

Norezidentga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻllaniladigan xalqaro shartnomasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha soliq solinadigan daromadlar toʻlangan taqdirda, daromadlardan soliq summasini hisoblab chiqarish va ushlab qolish norezident tomonidan soliq agentiga ushbu Kodeksning 358-moddasida nazarda tutilgan tasdiqnoma taqdim etilishi sharti bilan tegishli kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha amalga oshiriladi. Ushbu qism qoidalari mazkur Kodeksning 6-moddasi qoidalari hisobga olingan holda qoʻllaniladi.

Daromadni toʻlash deganda, norezidentga bunday toʻlash amalga oshiriladigan joyidan qatʼi nazar, quyidagilar tushuniladi, xususan:

1) naqd pul va (yoki) naqd pulsiz shaklda pullarni, qimmatli qogʻozlarni, ishtirok etish ulushini, tovarlarni, mol-mulkni berish;

2) Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining daromadlariga nisbatan tuziladigan bitimlar (voz kechish haqi, bir turdagi qarama-qarshi talabnomani hisobga oʻtkazish, talab qilish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish chogʻida hisobga oʻtkazish, novatsiya, qarzdan kechib yuborish);

3) bajarishning imkoni boʻlmaganligi yoki qarzdor va kreditor ayni bir shaxs ekanligi tufayli daromadni toʻlash majburiyatining tugashi.

Agar daromad pulsiz shaklda yoki oʻzaro hisobga oʻtkazishlar orqali toʻlansa, shuningdek agar ushlab qolinishi lozim boʻlgan soliq summasi norezidentning pul shaklida olinadigan daromadi summasidan ortiq boʻlsa, agar ushbu moddaning oʻn uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq agenti soliqni norezidentning pulsiz shaklda olinadigan daromadini tegishli tarzda hisoblab chiqarilgan summada budjetga toʻlashi shart.

Norezidentning daromadlariga soliq solish mazkur norezident tomonidan oʻz daromadlarini uchinchi shaxslarning, boshqa davlatlardagi oʻz boʻlinmalarining foydasiga va boshqa maqsadlarda tasarruf etishdan qatʼi nazar, amalga oshiriladi.

Sugʻurta mukofotlaridan olingan daromadlar boʻyicha soliqlarning toʻlangan summalari sugʻurta hodisalari yuzaga kelganda qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

Sugʻurta hodisasi yuzaga kelganda sugʻurta toʻlovlari oʻzidan soliq agenti tomonidan soliq ushlab qolingan va toʻlangan sugʻurtalovchi boʻlgan norezidentning daromadlarini kamaytirish uchun hisobga oʻtkazishga qabul qilinadi. Mazkur qayta hisoblash norezidentga daromadni toʻlagan va daromadni toʻlash chogʻida soliqni ushlab qolgan soliq agenti tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Soliq summasi ushlab qolinmaganda yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalari gʻayriqonuniy ravishda qoʻllanilganda, bu soliqning ushlab qolinmasligiga yoki toʻliq ushlab qolinmasligiga sabab boʻlsa, soliq agenti ushlab qolinmagan soliq summasini va tegishli penya summasini budjetga kiritishi shart.

Soliq agenti tomonidan ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq norezidentning daromadlaridan hisoblab chiqarilgan soliq summasi oʻz mablagʻlari hisobidan uni ushlab qolmagan holda toʻlangan taqdirda, soliq agentining soliqni ushlab qolish va oʻtkazish boʻyicha majburiyati bajarilgan deb eʼtirof etiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.