SK · 356-modda

356-modda. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlariga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari

Agar ushbu Kodeksning 351-moddasi ikkinchi qismi 5-bandida koʻrsatilgan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalar, ulushlar (paylar), koʻchmas mulk, mol-mulk majmuasi tarzidagi korxonalar, payli investitsiya fondlari investitsiya paylari (bundan buyon ushbu moddada mol-mulk deb yuritiladi) norezident boʻlgan bir yuridik shaxs tomonidan norezident boʻlgan boshqa yuridik shaxsga yoki norezident boʻlgan jismoniy shaxsga yoxud Oʻzbekiston Respublikasi rezidentiga realizatsiya qilingan boʻlsa, ushbu modda qoidalari qoʻllaniladi.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalari yuridik shaxs tashkil etilmagan holdagi chet el tuzilmalariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ushbu Kodeksning 351-moddasi ikkinchi qismi 5-bandida koʻrsatilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar mol-mulkni realizatsiya qilish summasining uni hujjatlar bilan tasdiqlanadigan sotib olish qiymatidan oshgan summasi sifatida aniqlanadi. Mol-mulkni sotib olish qiymatini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud boʻlmaganda, soliq agenti tomonidan soliqni ushlab qolish mol-mulkni realizatsiya qilish qiymatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Mol-mulkni realizatsiya qiluvchi norezident soliq agentiga mol-mulkni sotib olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning (ular mavjud boʻlgan taqdirda) koʻchirma nusxalarini taqdim etishi shart. Soliq agenti taqdim etilgan hujjatlar asosida ushbu Kodeks 351-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga muvofiq aniqlanadigan soliq bazasidan hamda ushbu Kodeksning 353-moddasida belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda soliq summasini hisoblab chiqaradi va ushlab qoladi.

Soliq agenti sotib olinayotgan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazguniga (rasmiylashtirguniga) qadar norezidentning mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi soliqning hisob-kitobini quyidagilarni realizatsiya qilish chogʻida mustaqil ravishda yoki vakolatli shaxs orqali taqdim etishi shart:

1) Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni, ulushni (payni) realizatsiya qilishda — mazkur yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi soliq organiga;

2) Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan koʻchmas mulkni realizatsiya qilishda — koʻchmas mulk turgan joydagi soliq organiga;

3) Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan mol-mulk majmuasi tarzidagi korxonani realizatsiya qilishda — mazkur korxona roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi soliq organiga;

4) qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan payli investitsiya fondlarining investitsiya paylarini realizatsiya qilishda — ishonchli boshqaruvchi roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi soliq organiga.

Norezidentning mol-mulkni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari boʻyicha soliq hisoboti norezident daromadni oladigan valyutada tuziladi. Soliq hisobotiga mol-mulk oldi-sotdi shartnomasining koʻchirma nusxasi hamda sotuvchi tomonidan taqdim etilgan, mol-mulkni olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning (mavjud boʻlgan taqdirda) koʻchirma nusxalari ilova qilinadi. Agar mol-mulkni sotib olish qiymati soliq hisoboti tuziladigan valyutada ifodalanmagan boʻlsa, mazkur qiymat Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining mol-mulkni sotib olish sanasidagi kursi boʻyicha soliq hisoboti tuzilayotgan valyutaga qayta hisoblab chiqariladi. Soliq organlari soliq hisob-kitobi taqdim etilgan sanadan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida soliq agenti yoki uning vakolatli shaxsi nomiga soliq summasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining soliq hisobotini taqdim etish sanasidagi kursi boʻyicha milliy valyutadagi soliq summasini koʻrsatgan holda toʻlov xabarnomasini yoxud norezident tomonidan realizatsiya qilingan mol-mulkdan olingan soliq boʻyicha qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani yozib beradi.

Soliq sotib olingan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi roʻyxatdan oʻtkazilguniga (rasmiylashtirilguniga) qadar budjetga toʻlanishi lozim.

Soliq organi soliq toʻlanganligi faktini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgan sanadan eʼtiboran bir ish kuni ichida soliq agentiga yoki uning vakolatli shaxsiga soliq toʻlanganligi yoxud soliq boʻyicha qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beradi, maʼlumotnoma olingan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazuvchi (rasmiylashtiruvchi) organga taqdim etiladi.

Olinadigan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazuvchi (rasmiylashtiruvchi) organlar soliq organining maʼlumotnomasi taqdim etilgan taqdirdagina mulk huquqini roʻyxatdan oʻtkazishni (rasmiylashtirishni) amalga oshiradi.

Ushbu modda uchinchi — toʻqqizinchi qismlarining qoidalari aksiyalarni va investitsiya paylarini Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlarining birjadagi va birjadan tashqari uyushgan bozorlarida realizatsiya qilish chogʻida qoʻllanilmaydi.

Aksiyalar va investitsiya paylari qimmatli qogʻozlarning birjadagi va birjadan tashqari uyushgan bozorida realizatsiya qilinganda Oʻzbekiston Respublikasining qimmatli qogʻozlari bozoridagi hisob-kitob — kliring palatasi soliq agenti deb eʼtirof etiladi.

Soliq agenti aksiyalarning va investitsiya paylarining tuzilgan oldi-sotdi bitimlari boʻyicha savdolar yakunlari reyestri asosida hisob-kitob-kliring operatsiyalarini oʻtkazish vaqtida realizatsiya qilingan aksiyalar (investitsiya paylari) qiymatidan va ushbu Kodeksning 353-moddasida belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda sotuvchining pul mablagʻlaridan soliqni ushlab qoladi.

Soliq summasi pul mablagʻlarini aksiyalar va investitsiya paylari qiymatini toʻlash hisobiga bir vaqtning oʻzida sotuvchining hisobvaragʻiga pul mablagʻlari oʻtkazilgan holda toʻlov valyutasida budjetga toʻlanadi. Soliq agenti aksiyalar va investitsiya paylari sotuvchisining talabiga koʻra bitim va ushlab qolingan soliq summasi haqida maʼlumotnoma berishi shart.

Soliq agenti soliq hisobotini taqdim etish muddatlarida oʻzi soliq hisobiga qoʻyilgan joydagi soliq organiga soliq ushlab qolingan aksiyalar va investitsiya paylarining oldi-sotdisiga doir bitimlarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha reyestrini taqdim etadi.

Aksiyalar va investitsiya paylarini sotib olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, sotuvchi soliq agenti soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga ortiqcha toʻlangan soliqni qaytarish toʻgʻrisida ariza taqdim etish huquqiga ega. Arizaga aksiyalarni va investitsiya paylarini realizatsiya qilish va sotib olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari hamda soliq agenti tomonidan berilgan bitim va ushlab qolingan soliq summasi haqidagi maʼlumotnomaning koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.

Norezidentlarning daromadlari boʻyicha ortiqcha toʻlangan soliq summasini qaytarish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.