SK · 436-modda

436-modda. Soliq imtiyozlari

Soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:

1) “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar. Mazkur imtiyoz “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni va Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari boʻlimining maʼlumotnomasi asosida beriladi;

2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar. Ushbu imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning yoxud boshqa vakolatli organning maʼlumotnomasi asosida, nogironligi boʻlgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi boʻlgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomasi asosida beriladi;

3) I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi;

4) yolgʻiz pensionerlar. Yolgʻiz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogironligi boʻlgan bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolgʻiz pensionerlar deb tushuniladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining maʼlumotnomasi, shuningdek fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maʼlumotnomasi asosida beriladi;

5) boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan koʻp bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalardir. Ushbu imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining maʼlumotnomasi asosida beriladi;

6) Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar. Mazkur imtiyoz tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi, nogironligi boʻlgan shaxsning maxsus guvohnomasi, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatish ishtirokchisining guvohnomasi, shuningdek vakolatli organlar tomonidan berilgan va imtiyozlar berish uchun asos boʻladigan boshqa hujjatlar asosida beriladi;

Uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlarida umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uchun soliq summasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilgan oydan eʼtiboran uch yil davomida, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini toʻplash tizimi mavjud boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilganda esa mazkur panellar foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran oʻn yil davomida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmaydigan summaga kamaytiriladi. Ushbu imtiyoz energiya taʼminoti tashkiloti tomonidan jismoniy shaxsning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishi toʻgʻrisida berilgan maʼlumotnomaga asosan uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlari bilan band boʻlgan bitta yer uchastkasiga nisbatan faqat bir marotaba taqdim etiladi va jismoniy shaxs tomonidan umumiy quvvati 1 kVtdan ortiq boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari oʻrnatilgan taqdirda qoʻllaniladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari, bundan 5-bandda koʻrsatilgani mustasno, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organda roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslarga beriladi. Bunda mazkur soliq imtiyozlari soliq toʻlovchining tanlovi boʻyicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar mustasno.

Ushbu moddada koʻrsatilgan soliq imtiyozlariga ega boʻlgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.