Respublika hududlari kesimida bazaviy soliq stavkalari 1 kv. m uchun mutlaq oʻlchamda quyidagi miqdorlarda belgilanadi (bundan dehqon xoʻjaligini yuritish uchun, shuningdek jismoniy shaxslarga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari mustasno):
Soliq stavkalarini aniq miqdori quyidagi tartibda belgilanadi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari 0,5 dan 2,0 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda, ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan bazaviy soliq stavkalari asosida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, soliq stavkalarini belgilaydi;
tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida belgilangan soliq stavkalariga Toshkent shahri uchun esa — ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan bazaviy soliq stavkalariga 0,7 dan 3,0 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni ularning hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida kiritadi.
Tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan joriy soliq davri uchun soliq stavkalari qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari joylashgan joydagi soliq organlariga har yili 10-yanvarga qadar taqdim etiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga nisbatan 0,5 dan 1,2 gacha boʻlgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllashga haqli.
Issiqxona xoʻjaliklari egallagan yerlar uchun soliq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga nisbatan belgilangan stavkalarda toʻlanadi. Bunda mazkur yer uchastkalarining normativ qiymati qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
Jismoniy shaxslarga berilgan, shuningdek dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga soliq stavkasi qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining normativ qiymatiga nisbatan 0,95 foiz miqdorda belgilanadi. Bunda qishloq xoʻjaligi yerlarining sifati yomonlashganda yoki yaxshilanganda (ball boniteti pasayganda yoki oshganda) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga ega boʻlgan dehqon xoʻjaliklariga va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu Kodeks 429-moddasining oʻn uchinchi va oʻn toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan tartib tatbiq etiladi.
Tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yer uchastkalari uchun yoxud uylar, dala hovli imoratlari, yakka tartibdagi garajlar va boshqa imoratlar, inshootlar yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilganda, shuningdek jismoniy shaxslarning mulkida boʻlgan, yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlari egallagan yer uchastkalari uchun soliq jismoniy shaxslardan yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlash uchun belgilangan soliq stavkalari boʻyicha undiriladi hamda ushbu Kodeksning 436-moddasida koʻrsatilgan imtiyozlar ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona yer uchastkasidan unda joylashgan uyda istiqomat qilish bilan bir vaqtda tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) uchun foydalangan taqdirda, soliq jismoniy shaxslar uchun belgilangan soliq stavkasi boʻyicha toʻlanadi.
Yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish yoki uni obodonlashtirish amalga oshirilmagan taqdirda soliq uch baravar miqdorda toʻlanadi.
Yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida belgilanadi.
Jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi turar joy qurish va obodonlashtirishga berilgan tomorqa yer uchastkalariga yakka tartibdagi uy-joy qurishga berilgan yer uchastkalari uchun belgilangan stavka qoʻllaniladi.