Soliqlarni, soliqlar boʻyicha boʻnak toʻlovlari boʻyicha foizsiz kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati quyidagilar boʻyicha beriladi:
ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 6, 7 va 8-bandlarida koʻrsatilgan soliqlar boʻyicha — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan, agar ushbu qismning uchinchi xatboshisida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa. Koʻrsatilgan soliqlarga nisbatan kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati 2020-yil 31-dekabrga qadar soddalashtirilgan asosda, olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga berilishi mumkin;
ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 6 — 9-bandlarida koʻrsatilgan soliqlar va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha — oʻz faoliyatini toʻxtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumlar miqdori 2020-yilning birinchi choragida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi oʻrtacha oylik koʻrsatkichga nisbatan 50 foizdan koʻproqqa kamayadigan mikrofirmalar, kichik korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga. Bunday soliqlarga nisbatan ushbu moddaning beshinchi qismida belgilangan tartibda 2020-yil 31-dekabrga qadar kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyati berilib, kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyati berilgan soliqlar summalari keyinchalik toʻlanadi.
Ushbu Kodeksning 11-bobida nazarda tutilgan soliqlarni toʻlash boʻyicha kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish tartibi soliqlarni toʻlash boʻyicha foizsiz kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berishning ushbu moddada nazarda tutilgan tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Soliqlarni, soliqlar boʻyicha boʻnak toʻlovlarni toʻlash boʻyicha foizsiz kechiktirish va boʻlib-boʻlib toʻlashning:
1) ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan imkoniyati — soliq toʻlovchining arizasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining xulosalari asosida, boshqa hujjatlar talab qilib olinmagan holda beriladi;
2) ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan imkoniyati — mikrofirmalar, kichik korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan ular soliq organlariga quyidagilarni taqdim etgan taqdirda qoʻllaniladi:
soliq solish obyekti joylashgan joy boʻyicha — mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha kechiktirishni (boʻlib-boʻlib toʻlashni) qoʻllash toʻgʻrisidagi bildirishni ushbu Kodeks 417-moddasining oltinchi qismida, 432-moddasining birinchi qismida va 448-moddasining uchinchi qismida belgilangan soliqni, soliq boʻyicha boʻnak toʻlovini toʻlash muddatlaridan kechiktirmay, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan esa mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha kechiktirishni (boʻlib-boʻlib toʻlashni) qoʻllash toʻgʻrisidagi bildirishni;
soliqqa doir hisobga olish joyi boʻyicha — aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq boʻyicha kechiktirishni (boʻlib-boʻlib toʻlashni) qoʻllash toʻgʻrisidagi bildirishni soliq hisobotini taqdim etish uchun belgilangan muddat bilan bir vaqtda.
Soliq toʻlovchilar tomonidan ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan soliqlarni, soliqlar boʻyicha boʻnak toʻlovlarini toʻlash boʻyicha kechiktirishni (boʻlib-boʻlib toʻlashni) soliq organlarini xabardor qilmagan holda qoʻllanilganligiga soliqlarni, soliqlar boʻyicha boʻnak toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlamaganlik sifatida qaraladi. Mazkur hollarda bunday soliq toʻlovchilarni aniqlagan soliq organlari toʻlanmagan soliqlarning, soliqlar boʻyicha boʻnak toʻlovlarining summasiga ushbu Kodeksning 110-moddasida belgilangan tartibda penya hisoblaydi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan, kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyati berilgan soliqlarga nisbatan soliqning, soliqlar boʻyicha boʻnak toʻlovlarining summalarini toʻlash amalga oshiriladi:
1) ijtimoiy soliq boʻyicha — olti oy davomida teng ulushlarda, ushbu Kodeks 407-moddasining beshinchi qismida va 408-moddasining beshinchi qismida belgilangan soliqni toʻlash muddatlaridan kechiktirmay;
2) quyidagilar boʻyicha oʻn ikki oy davomida teng ulushlarda:
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha — ushbu Kodeks 417-moddasining oltinchi qismida belgilangan soliq boʻyicha boʻnak toʻlovlarini toʻlash muddatidan kechiktirmay, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa har oyning oʻn beshinchi kunidan kechiktirmay;
yuridik shaxslarning yer soligʻi boʻyicha — ushbu Kodeksning 432-moddasi birinchi qismida belgilangan soliqni toʻlash muddatidan kechiktirmay, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa — har oyning oʻn beshinchi sanasidan kechiktirmay;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha — ushbu Kodeks 448-moddasining uchinchi qismida belgilangan soliq boʻyicha boʻnak toʻlovlarini toʻlash muddatidan kechiktirmay;
aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha — har oyning oʻn beshinchi kunidan kechiktirmay.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq mol-mulk va yer soligʻining 2020-yil 31-dekabrdagi holatiga koʻra kechiktirilgan hamda toʻlanmagan summalarini toʻlash 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran amalga oshiriladi. Bunda mahalliy davlat hokimiyati organlari ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisiga muvofiq kechiktirilgan soliq summasi keyinchalik toʻlanadigan, biroq ikki yildan koʻp boʻlmagan muddatni mustaqil ravishda belgilashga haqli.
Soliqlarni, soliqlar boʻyicha boʻnak toʻlovlarini toʻlash boʻyicha kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan davrda soliq toʻlovchi tugatilgan taqdirda kechiktirilgan (boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilgan) toʻlov summasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda budjet tizimiga toʻlanadi.
2020-yil uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlash 2020-yil 15-oktabrga qadar amalga oshiriladi.
2020-yilda foyda soligʻining soliq toʻlovchisi joriy hisobot davri birinchi oyining yigirmanchi kunigacha joriy hisobot davri uchun foyda soligʻi boʻyicha har oylik boʻnak toʻlovlari summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi soliq organiga moʻljallanayotgan foydadan kelib chiqqan, foyda soligʻini oʻtgan chorak natijalari asosida hisoblab chiqarishning belgilangan talabi bekor qilingan holda taqdim etishga haqlidir. Foyda soligʻi boʻyicha boʻnak toʻlovlari summasini kamaytirish holatlari aniqlangan taqdirda, soliq organlari har oylik boʻnak toʻlovlari summasini qayta koʻrib chiqishga haqli.
Ushbu Kodeksning 393-moddasida koʻrsatilgan daromadlar boʻyicha soliq toʻlovchilar 2019-yil uchun jami yillik daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani doimiy yashash joyidagi soliq organiga 2020-yil 1-avgustga qadar taqdim etadi. 2019-yil uchun jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya maʼlumotlariga koʻra jismoniy shaxslardan olinadigan hisoblab chiqarilgan daromad soligʻini toʻlash bunday deklaratsiyani taqdim etish muddatidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga aylanmadan olinadigan soliq, foyda soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha 2021-yil 15-avgust holatiga koʻra yuzaga kelgan qarzdorlikni, shuningdek barcha soliqlar va yigʻimlar boʻyicha jarimalar hamda penyalarni 2022-yil 1-yanvardan 1-iyulga qadar boʻlgan davrda mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan, soliq organlarini xabardor qilgan holda foizlarni toʻlamasdan, teng ulushlarda kechiktirib (boʻlib-boʻlib) toʻlash huquqi beriladi.
“Hamkorlik shartnomalari”ga asosan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga (bundan Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari mustasno) ushbu Kodeks 17-moddasi birinchi qismining 2, 3 (bundan toʻlov manbaidan olinadigan foyda soligʻi mustasno) va 5 — 9-bandlarida koʻrsatilgan soliqlarni hamda aylanmadan olinadigan soliqni ushbu subyektlar yaratgan yangi ish oʻrinlari soniga qarab quyidagi muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi:
51 tadan 100 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda — uch oygacha;
101 tadan 200 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda — olti oygacha;
200 tadan ortiq yangi ish oʻrni yaratilganda — oʻn ikki oygacha.
Ushbu moddaning oʻn ikkinchi qismida koʻrsatilgan soliqlar boʻyicha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati:
“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlarining arizasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi tomonidan;
ushbu Kodeksning 13-bobida nazarda tutilgan mol-mulk garovi, kafillik yoxud bank kafolati taʼminotisiz ushbu Kodeksning 100-moddasida nazarda tutilgan foizlar hisoblanmagan holda, shuningdek moliyaviy holat tahlil qilinmagan va ushbu Kodeks 101-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilmagan holda (bundan ushbu Kodeks 98-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno) beriladi”;