SK · 483-modda

483-modda. Vaqtinchalik soliq imtiyozlari

2020-yil 1-oktabrgacha boʻlgan davr uchun foyda soligʻini hisoblab chiqarishda tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari boʻyicha toʻlovlarni kechiktirish imkoniyati berilgan davrda hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.

2020-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda:

1) turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi subyektlar, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibiy boʻlinmalari, “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibiga kiruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlar shaklidagi xalqaro aeroportlar, shuningdek “Oʻzaeronavigatsiya markazi” davlat unitar korxonasi:

yuridik shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi;

ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi;

2) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga bir milliard soʻmdan oshmaydigan, elektron hisob-fakturalarni qoʻllovchi qoʻshilgan qiymat soligʻi soliq toʻlovchilari qoʻshilgan qiymat soligʻini har choraklik asosda, ushbu Kodeksning 37-bobida belgilangan tartibda hisoblab chiqarishga va toʻlashga haqli;

3) foyda soligʻini hamda aylanmadan olinadigan soliqni hisoblab chiqarishda jami daromad tarkibiga ushbu Kodeks 299-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar kiritilmaydi;

4) qatʼiy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini va ijtimoiy soliqni hisoblashni hamda toʻlashni ushbu Kodeksning 408-moddasida koʻrsatilgan, karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini majburiy tarzda toʻxtatib turgan soliq toʻlovchilarga nisbatan toʻxtatib turish faoliyatni amalga oshirish joyidagi soliq organlariga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron hujjat tarzida yuboriladigan faoliyatning vaqtinchalik toʻxtatib turilishi toʻgʻrisidagi bildirish asosida amalga oshiriladi.

Soliq toʻlovchi faoliyati tiklangan taqdirda faoliyatni amalga oshirish boshlanguniga qadar bu haqida faoliyatni amalga oshirish joyidagi soliq organlarini shunga oʻxshash tartibda xabardor qilishi shart;

5) koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha tibbiyot va karantin obyektlarini qurish hamda ularning faoliyat koʻrsatishi uchun zarur boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan qurilish materiallari va boshqa tovarlar qoʻshilgan qiymat soligʻini va aksiz soligʻini toʻlashdan ozod etiladi;

6) ushbu Kodeks 415-moddasining uchinchi qismida, 422-moddasining oltinchi qismida, 429-moddasining oʻn uchinchi qismida va 437-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan, shu jumladan 2020-yil 1-aprelga qadar aniqlangan obyektlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha oshirilgan soliq stavkalari, shuningdek ular boʻyicha penya hisoblash va qarzdorlikni majburiy undirish choralari qoʻllanmaydi.

2021-yil 1-maydan 2022-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda quyidagilar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek soya danagini olib kirish;

oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma.

2022-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 2020-yil 31-dekabrdagi holatga koʻra soliq qarzini majburiy ravishda undirish, shuningdek quyidagilar boʻyicha penya hisoblash choralari koʻrilmaydi:

faoliyatni turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohasida amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha;

2020-yilda hisoblangan va vaqtincha qiyinchiliklar munosabati bilan yuridik shaxslar tomonidan toʻlanmagan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha;

2020-yil 15-maydagi holatga koʻra qarzdorligi mavjud boʻlgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga soliqlar, penyalar va soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun hisoblangan jarimalar boʻyicha.

2021-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davr uchun turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari:

foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;

ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi;

yuridik shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.

Quyidagilar mol-mulk soligʻini, yer soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalarini toʻlashdan ozod qilinadi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida Qoraqalpogʻiston Respublikasining har bir shahari va tumani uchun “oʻsish nuqtasi” deb belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari — 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga;

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Taxtakoʻpir, Boʻzatov va Shumanay tumanlarida joylashgan, yangidan tashkil etilgan sanoat sohasidagi tadbirkorlik subyektlari — 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga. Soliq toʻlovchilarning mazkur toifasi foyda soligʻini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan aniqlangan roʻyxat boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan va ogʻir sharoitlardagi 45 ta mahalla va ovullarda joylashgan, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari — 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga. Tadbirkorlik subyektlarining mazkur toifasi foyda soligʻidan ham ozod qilinadi.

2024-yil 1-sentabrdan 2027-yil 1-sentabrga qadar boʻlgan davrda:

“Hunarmand” uyushmasining aʼzolari uchun belgilangan soliq imtiyozlari zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan va “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining aʼzolari boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan ham tatbiq etiladi;

zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan va “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasining aʼzolari boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarishda foydalaniladigan koʻchmas mulk obyektlari hamda yer uchastkalari mol-mulk soligʻidan va yer soligʻidan ozod etiladi.

Orolboʻyida innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshashi ishlab chiqarilmaydigan ilmiy-laboratoriya asbob-uskunasi, reagentlar va sarflash materiallari 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.

2021-yilning 10-oktabridan 2022-yil 30-aprelga qadar boʻlgan davrda tovuq goʻshtini, muzlatilgan baliqni va tirik parrandani, 2021-yil 10-oktabrdan 2022-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda esa goʻshtni (mol goʻshtini, qoʻy goʻshtini), tirik hayvonlarni (molni va qoʻyni) hamda ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.

2021-yil 1-sentabrdan 2021-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod etiladi.

Respublika tumanlarida (bundan Toshkent shahri mustasno) faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-yanvarga qadar bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida qoʻllaniladi.

Surxondaryo viloyatining Bandixon, Qiziriq, Muzrabot, Sherobod tumanlarida, togʻli hududlarida va yer maydonlari shoʻrlangan hududlarida davlat roʻyxatidan oʻtib, yangidan tashkil etilgan va ushbu tumanlarda (hududlarda) oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari (bundan klasterlar mustasno) yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, aylanmadan olinadigan soliqni, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summasini toʻlashdan 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida va yer maydonlari shoʻrlangan hududlarida davlat roʻyxatidan oʻtib, yangidan tashkil etilgan va ushbu hududlarda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari (bundan klasterlar mustasno) 2021-yil 10-sentabrdan 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.

Ushbu moddaning oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi qismlarida koʻrsatilgan togʻli hududlarning hamda yer maydonlari shoʻrlangan hududlarning roʻyxati xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida favqulodda hodisa oqibatida zarar koʻrgan baliqchilik, chorvachilik hamda parrandachilik xoʻjaliklari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan 2020-yil 1-maydan 2022-yil 1-noyabrga qadar ozod qilinadi. Bunda zarar koʻrgan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik hoʻjaliklarining roʻyxati xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

2022-yil 1-yanvardan 2031-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik subyektlari:

foyda soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni, ijtimoiy soliqni va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 1 foiz miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;

yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni mazkur soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.

Boʻyalgan matoni, boʻyalgan gazlamani va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlari (shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali eksport qilgan tadbirkorlik subyektlari) 2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Ushbu moddaning oʻn yettinchi qismida nazarda tutilgan imtiyoz boʻyalgan mato, boʻyalgan gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qilishdan olingan tushumi barcha tovarlarni va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining kamida 80 foizini tashkil etadigan soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi.

Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari tomonidan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarning 2020-yil 1-yanvardan keyin foydalanilmay qolgan qismi 2020-yil 1-oktabrga qadar maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining reyestriga kiritilgan ishtirokchilarga nisbatan ular tomonidan kiritilgan, 2020-yil 1-yanvarga qadar amalda boʻlgan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan investitsiyalarning hajmiga qarab, mazkur ishtirokchilar reyestrga kiritilgan paytdan eʼtiboran 3 yildan 10 yilgacha boʻlgan muddatga toʻliq qoʻllaniladi. Ushbu qismning qoidalari ushbu Kodeks 473-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Oʻttiz yoshdan oshmagan xodimlarni ishga qabul qilgan chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), avtotransport vositasida yoʻlovchi va yuk tashish, avtotransport vositalarini taʼmirlash hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmatlarini, maishiy texnikani taʼmirlash, agro va veterinariya xizmatlari koʻrsatuvchi, shuningdek koʻngilochar markazlarda xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari — 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ularga toʻlanadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlardan ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Ushbu moddaning yigirmanchi qismida nazarda tutilgan imtiyoz quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning oʻzida javob beradigan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tatbiq etiladi:

har oyda xodimlarga oʻrtacha ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki yarim baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda;

belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirishdan olingan daromadlar joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etganda. Shuningdek xodimlar sonini yashirish faktlari aniqlangan taqdirda mazkur imtiyozning amal qilishi bekor qilinadi.

Mahallalararo savdo-xizmat koʻrsatish koʻchalari boʻylab joylashgan, uy-joy uchun moʻljallangan koʻchmas mulk obyektlari ushbu moddaning yigirmanchi qismida belgilangan xizmatlar turlarini koʻrsatish uchun yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk toifasiga oʻtkazilgan taqdirda, 2024-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻini hamda jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻini uy-joyga moʻljallangan koʻchmas mulk obyektlari, shuningdek ushbu obyektlar egallagan yer uchastkalari uchun belgilangan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.

Mahallalararo savdo-xizmat koʻrsatish koʻchalarining roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.

Tadbirkorlik subyektlari 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda maydoni besh ming kvadrat metrdan yuqori boʻlgan savdo komplekslari va mehmonxona (joylashtirish vositalari), shu jumladan, ular egallagan yer uchastkalari boʻyicha quyidagilarga haqli:

yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyentni qoʻllashga. Bunda 2027-yil 1-yanvarga qadar yangidan qurilgan ushbu koʻchmas mulk obyektlariga va ushbu obyektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan mazkur imtiyoz ular foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran besh yil mobaynida qoʻllaniladi;

foyda soligʻini hisoblab chiqarish chogʻida ikki yil davomida mazkur binolarning qiymatini amortizatsiya tarzida chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritishga.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida koʻrsatilgan tumanlar va shaharlarning belgilangan turizm zonalarida roʻyxatdan oʻtkazilgan hamda mazkur hududlarda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, koʻngilochar, turoperatorlik va turagent xizmatlarini koʻrsatadigan tadbirkorlik subyektlari — 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda:

aylanmadan olinadigan soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi;

ushbu hududlarda joylashgan obyektlarga, shuningdek mazkur obyektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini ushbu soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida toʻlaydi.

Tumanlar va shaharlar turizm zonalari chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hududiy bosh boshqarmalarining xulosalariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari tomonidan belgilanadi.

2022-yil 1-apreldan 2028-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda:

Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar boʻyicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;

Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalari boʻyicha dividendlar tarzidagi daromadlariga foyda soligʻi boʻyicha 5 foiz miqdorida soliq stavkasi qoʻllaniladi;

Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning xoʻjalik jamiyatlari obligatsiyalari boʻyicha foizlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan hamda foyda soligʻidan ozod etiladi.

Tadbirkorlik subyektlarining milliy musiqa cholgʻu asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etsa, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlanadi.

Xoʻjaliklarda baliq yetishtirishni kooperatsiya asosida yoʻlga qoʻygan soliq toʻlovchilar 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda barcha soliqlarni (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi va ijtimoiy soliq mustasno) toʻlashdan ozod etiladi.

Ushbu moddaning yigirma toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan imtiyoz joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning umumiy hajmida baliq yetishtirish faoliyatidan olingan daromadining ulushi 90 foizdan ortiqni tashkil etgan soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi.

Charm, moʻyna xom ashyosini va junni tayyorlash, saqlash hamda qayta ishlash, qoramolni avtomatlashtirilgan tarzda soʻyish, jun, qorakoʻl va sunʼiy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi soliq toʻlovchilar 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ushbu faoliyati boʻyicha foyda soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod etiladi.

Ushbu moddaning oʻttiz birinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

chorva mollarni soʻyishga ixtisoslashtirilgan, zamonaviy avtomatlashtirilgan komplekslar bilan jihozlangan soliq toʻlovchilarga;

hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining umumiy hajmida charm, moʻyna, qorakoʻl xom ashyosini va junni yigʻish hamda tayyorlash, ularni qayta ishlash (foydalanish) uchun keyinchalik sotish faoliyatidan olingan daromadining ulushi 80 foizdan kam boʻlmagan soliq toʻlovchilarga;

hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining umumiy hajmida charm, moʻyna, qorakoʻl xom ashyosini va junni qayta ishlash, shuningdek butlovchi buyumlarni, furnitura, aksessuarlar, poyabzal qoliplari, poyabzal tagliklari, ustki qismlari, jelatin, sunʼiy charm, poyabzal, charm-attorlik, moʻynachilik, qorakoʻl mahsulotini va jundan ishlangan buyumlarni ishlab chiqarishdan olingan daromadining ulushi 60 foizdan kam boʻlmagan soliq toʻlovchilarga.

Chorva mollarni soʻyish boʻyicha zamonaviy avtomatlashtirilgan komplekslarga ega boʻlgan, shuningdek terini qayta ishlovchi va charmdan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi soliq toʻlovchilar yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod etiladi.

Hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining umumiy hajmi quyidagi talablarga javob bersa, soliq toʻlovchilar ijtimoiy soliqni 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi:

bolalar, ayollar va sport poyabzallarini, sunʼiy (eko) charm, furnitura, poyabzal qoliplari hamda tagliklarini realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlarining ulushi kamida 60 foizni tashkil etsa;

poyabzallarni, charm-attorlik mahsulotlarini va moʻynadan tayyorlangan buyumlarni eksport qilishdan olinadigan daromadlarining ulushi kamida 80 foizni tashkil etsa.

Belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflov materiallarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi.

Mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylarning reyestriga kiritilgan hududlarda xodimlarining umumiy soni 10 nafardan kam boʻlmagan hamda u yerda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xotin-qizlar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining 50 foizidan kam boʻlmagan kichik tadbirkorlik subyektlari oʻzida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xotin-qizlarning mehnatiga haq toʻlash fondidan olinadigan ijtimoiy soliqni 2022-yil 1-sentabrdan 2025-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Chiqindilarni toʻplash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olgan daromadlari hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 90 foizini tashkil etgan soliq toʻlovchilar 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda mazkur faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻini (bundan foizlar tarzidagi daromadlar mustasno) va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Budjet tashkilotlari tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar boʻyicha barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan 2027-yil 1-yanvarga qadar ozod qilinadi, bundan ijtimoiy soliq mustasno.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan hamda mazkur hududda faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari (bundan yirik soliq toʻlovchilar, doimiy muassasalar, budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslar mustasno) 2023-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda:

foyda soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;

ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlaydi.

Agar soliq toʻlovchi ushbu moddaning oʻttiz toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari bilan bir qatorda bir vaqtning oʻzida boshqa asoslar boʻyicha soliq imtiyozlariga doir huquqqa ega boʻlsa, bunday soliq toʻlovchi oʻz ixtiyoriga qoʻra eng qulay soliq imtiyozini tanlashga haqli.

2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy boʻlinmalari, “Oʻzbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, Oʻzbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublari:

barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno);

oʻzi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini;

belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari, translyatsiya qilish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, inventar va texnika, farmakologiya tovarlari, sport oziq-ovqatlari, futbol (futzal) maydonlari uchun sunʼiy oʻtlar, shokpad, granulalar, maxsus yelimlar va maxsus professional sport kiyim-boshlari, transport vositalari, shu jumladan maxsus transport vositalari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.

Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi”da ishtirok etadigan tijorat banklarining loyihalar uchun ajratilgan bank kreditlari boʻyicha olingan foizlar tarzidagi daromadlari foyda soligʻini hisoblab chiqarish maqsadlarida 2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda chegiriladigan xarajatlar sifatida eʼtirof etiladi.

“Izlanish va rivojlanish” markazlari 2024-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda mazkur markazlarning obyektlari va ular egallagan yer uchastkalari boʻyicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini ushbu soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida, shuningdek ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Qimmatbaho, rangli va (yoki) radioaktiv metallarni, nodir elementlarni hamda nodir yer elementlarini qazib oluvchi va (yoki) ularni texnogen mineral hosilalardan (bundan buyon matnda metallar deb yuritiladi) ajratib oluvchi, shuningdek uglevodorod xom ashyosini qazib oluvchi yuridik shaxslarga nisbatan ushbu Kodeksning XVIII-1 boʻlimida nazarda tutilgan qoidalar 2024-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda tatbiq etilmaydi. Mazkur qoida qazib olish 2024-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda boshlangan yer qaʼri uchastkasiga nisbatan qoʻllaniladi va metallarni yoki uglevodorod xom ashyosini qazib olish (ajratib olish) boʻyicha faoliyatni amalga oshirishning butun davri uchun tatbiq etiladi.

Budjet tashkilotlari tomonidan xalqaro moliya institutlaridan va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan hamda jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi hisobidan toʻliq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida, shuningdek davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan infratuzilma loyihalari (elektr, gaz va issiqlik taʼminotiga, suv taʼminoti va kanalizatsiyaga, suv xoʻjaligiga, yoʻl-transport infratuzilmasiga, aloqa va telekommunikatsiyalarga, agrologistikaga, sanitariya jihatdan tozalashga, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishga doir loyihalar) uchun xalqaro moliya institutlaridan va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan hamda jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi (bundan Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari mustasno), texnik yordam koʻrsatish (grantlar) hisobidan toʻliq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan 2028-yil 1-yanvarga qadar ozod qilinadi. Bunda mazkur imtiyoz loyiha ishtirokchilariga nisbatan ham qoʻllaniladi.

“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagi miqdorda pasaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi:

51 tadan 100 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda — belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;

101 dan 200 tagacha yangi ish oʻrni yaratilganda — belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;

200 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilganda — ushbu soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi.

Ushbu moddaning qirq oltinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlar “hamkorlik shartnomalari”ga asosan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga (bundan Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari mustasno) ular bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga rioya etgan taqdirda beriladi:

“Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda va kamida bir yil davomida ularga har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir baravari miqdoridan kam boʻlmagan ish haqi toʻlangan holda, ularning bandligi taʼminlanganda;

ushbu fuqarolar jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda.

“Hamkorlik shartnomalari” boʻyicha majburiyatlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajarilmagan taqdirda, ushbu moddaning qirq oltinchi qismida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amal qilishi soliq imtiyozlarini qoʻllashning butun davri uchun bekor qilinib, ushbu soliqlarni toʻlashga doir majburiyatlar tiklanadi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan 2024-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yoʻnalishdagi xizmatlarni koʻrsatishdan olgan foydasi 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda foyda soligʻidan ozod qilinadi.

2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda:

jismoniy shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtirish faoliyatidan (kasanachilikdan) olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;

pilla yetishtiruvchi yuridik shaxslarning uy sharoitida tirik pilla yetishtiruvchi kasanachilar mehnatiga haq toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari, boʻshagan mablagʻlarni kasanachilarni moddiy ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish sharti bilan ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi;

pilla yetishtirish sohasida ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band boʻlgan yer uchastkalari uchun yer soligʻi xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari belgilagan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent qoʻllanilgan holda hisoblab chiqariladi.

2025-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ikki yil davomida teng ulushlarda tadbirkorlik subyektlari foyda soligʻini hisoblab chiqarish chogʻida oʻz mablagʻlari hisobidan nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari binolarini qurish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarini mazkur binolarning qiymatini amortizatsiya tarzida chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritishga haqli.

Nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlarini bepul asosda oʻqishga qabul qilish boʻyicha litsenziya talablari bajarilmagan taqdirda, ushbu moddaning ellik ikkinchi qismida nazarda tutilgan amortizatsiya chegirmalari ushbu Kodeksning 306-moddasida nazarda tutilgan amortizatsiya normalarini qoʻllash hisobidan bekor qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha protez moslamalarini va ularning butlovchi, ehtiyot qismlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan vagonlar (konteynerlar) operatorlarining temir yoʻl transportida tashish jarayonida vagonlarni (konteynerlarni) ijara shartnomasi asosida foydalanishga berish yuzasidan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha aylanmasi qoʻshilgan qiymat soligʻidan 2024-yil 1-noyabrdan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod etiladi.

Nashriyot-matbaa faoliyatidan olingan daromadlari hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 90 foizini tashkil etgan soliq toʻlovchilar mazkur faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻini toʻlashdan (bundan foizlar tarzidagi daromadlar mustasno) 2025-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod etiladi.

Mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam boʻlmagan oylik ish haqi toʻlangan holda, kambagʻal oila aʼzolarini ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlari kambagʻal oila aʼzolari boʻlgan xodimlarining mehnatiga haq toʻlashga doir xarajatlari boʻyicha ijtimoiy soliqni 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

2024-yil 1-sentabrdan 2027-yil 1-sentabrga qadar:

kasbga oʻrgatish uchun maktablar, kollejlar va texnikumlar oʻquvchilarini (oʻttiz yoshdan oshmagan) ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlari ularga toʻlanadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlardan ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi;

maktablar, kollejlar va texnikumlar oʻquvchilari kasb oʻrganish jarayonida tadbirkorlik subyektlaridan olingan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlardan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Magistral avtomobil yoʻllari boʻyida koʻchma savdo obyektlarini tashkil etgan yoshlar (oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar) faoliyatni amalga oshirish boshlangan sanadan eʼtiboran dastlabki olti oy davomida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar boʻyicha soliqlarni toʻlashdan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar (bundan Oʻzbekiston Respublikasi bilan ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisida bitim tuzgan davlatlarning soliq rezidentlari mustasno) eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSH dollaridan oshgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarni koʻrsatishdan olgan (shu jumladan royalti toʻlanadigan) daromadlari qismida foyda soligʻini toʻlashdan 2025-yil 1-fevraldan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Jami daromadi tarkibida eksport hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari taʼsischilarining (ishtirokchilarining) — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga nisbatan 2025-yil 1-fevraldan 2040-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hamda foyda soligʻi Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha hisoblanadi.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari barcha turdagi soliqlarni (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi mustasno) toʻlashdan 2028-yil 1-yanvardan 2040-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Ushbu moddaning oltmish ikkinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

kalendar yil davomida jami daromadi tarkibida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari tomonidan amalga oshirilishi uchun ruxsat etilgan faoliyat turlari boʻyicha eksporti hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga;

oʻn sakkiz yoshdan oshgan bitiruvchilarining 50 foizi kalendar yil davomida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari boʻlgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslarga.

Nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, shuningdek uch yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) toʻlashdan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Ushbu moddaning oltmish toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlar natijasida boʻshaydigan mablagʻlardan nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini zamonaviy oʻquv qoʻllanmalari bilan jihozlash, zarur tovarlar va asbob-uskunalarni sotib olish, binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash, shuningdek aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun maqsadli tarzda foydalaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini jihozlash hamda ularning faoliyatini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, zamonaviy oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnika resurslari qoʻshilgan qiymat soligʻidan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi chet el oʻqituvchilari va mutaxassislari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Chet el oʻqituvchilari va mutaxassislarini ishga qabul qilgan nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari chet el oʻqituvchilari va mutaxassislari boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlashga doir xarajatlari boʻyicha ijtimoiy soliqni toʻlashdan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod qilinadi.

Raqamli markirovkali mahsulotlarning chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi summalarini tadbirkorlik subyektlari uchun markirovkani oʻqish qurilmalarini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga, biroq bitta qurilma uchun bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytirish huquqi 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun beriladi.

Parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini (bundan ekin maydonlari mustasno) toʻlashdan 2030-yil 1-yanvarga qadar ozod etiladi.

Ushbu moddaning yetmishinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari parrandachilik mahsulotlarini realizatsiya qilishni amalga oshirmagan tadbirkorlik subyektlariga va (yoki) belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari:

binolar va inshootlarni, yer uchastkalarini ijaraga berishdan olingan daromadlari boʻyicha — foyda soligʻini;

ijaraga berilgan obyektlar va ular egallagan yer uchastkalari boʻyicha — yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod etiladi.

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarida tashkil etilgan charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari hamda ushbu sanoat zonalarida tashkil etilgan korxonalar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlashdan 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod etiladi.

2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yoʻnalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari foyda soligʻini 2 foiz va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.

Ushbu moddaning yetmish toʻrtinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning oʻzida javob beradigan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tatbiq etiladi:

har oyda xodimlarga oʻrtacha ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda;

hisobot davrida toʻquv (trikotaj mato, ip-gazlama va paypoq mahsulotlari), tikuv-trikotaj, poyabzal yoki charm-attorlik mahsulotlarini realizatsiya qilishdan tushgan hamda shartnomaga muvofiq qayta ishlash sharti bilan berilgan xom ashyoni qayta ishlash yuzasidan koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha olingan daromadning umumiy tushumi jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 70 foizini tashkil etganda.

Ushbu moddaning yetmish beshinchi qismida nazarda tutilgan shartlar tegishli chorakning har bir oyida bajarilgan taqdirda, soliq imtiyozlari ushbu chorak uchun qoʻllaniladi.

Ushbu moddaning yetmish beshinchi qismida nazarda tutilgan barcha shartlarga bir vaqtning oʻzida javob beradigan tadbirkorlik subyektlari soliq organlari tomonidan inson omilisiz avtomatik tarzda hisobot choragi yakunlari boʻyicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar aniqlanadi.

Ushbu moddaning yetmish toʻrtinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlaridan tadbirkorlik subyektlari tomonidan foydalanilganidan keyin soliq hisobotlarini qayta taqdim etish orqali belgilangan shartlarga rioya etmaganlik holati aniqlanganda soliq imtiyozi bekor qilinib, soliqlar penya hisoblangan holda hisoblab chiqariladi va budjetga undiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha tashabbuskorlar yangi bogʻlarni barpo etishda xorijiy davlatlardan (qoʻshni davlatlardan tashqari) payvandtagli mevali koʻchatlarni va payvandtaglarni, payvandustlarini, onalik materiallarini va texnika vositalarini olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod etiladi.

Ushbu Kodeks 289-3-moddasi birinchi qismining 2-bandida belgilangan polietilen granulalarni farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar aksiz soligʻidan ozod qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari hamda ular qoshidagi maxsus vakolatli tashkilotlar tomonidan emissiya qilingan obligatsiyalar boʻyicha daromadlari 2030-yil 1-yanvarga qadar foyda soligʻidan ozod qilinadi.

Ushbu moddaning sakson birinchi qismida nazarda tutilgan imtiyoz mazkur obligatsiyalar muomalada boʻlgan davrda hisoblangan foizlar tarzidagi daromadlarga nisbatan tatbiq etiladi.

2025-yil 1-maydan boshlab “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish doirasida auksion savdolarida yer uchastkasini koʻp kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar yer uchastkasi ijaraga olingan paytdan eʼtiboran ushbu yer uchastkasi boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan 12 oy davomida ozod qilinadi. Bunda, agar koʻp kvartirali uy-joy belgilangan muddatda qurilib, foydalanishga topshirilmasa, imtiyozdan foydalanilgan davr uchun yer soligʻi 2 baravar miqdorda undiriladi.

Yangi tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi va dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash kooperativlari uchun ijtimoiy soliq hamda ularga ishga qabul qilingan xodimlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 2025-yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlanadi.

Kreativ industriya parkining rezidentlari 2025-yil 1-maydan 2031-yil 1-yanvarga qadar:

xodimlarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hamda ijtimoiy soliqni belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;

tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi miqdoridan qatʼi nazar, aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchilar hisoblanadi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda realizatsiya qiluvchi quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning oʻzida javob beradigan tadbirkorlik subyektlari 2025-yil 1-maydan 2028-yil 1-yanvarga qadar foyda soligʻini va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi:

har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda;

hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining umumiy hajmida zamonaviy qadoqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini realizatsiya qilishdan olingan daromad ulushi 50 foizdan kam boʻlmagan soliq toʻlovchilarga. Bunda mazkur daromadlar ulushi tegishli vakolatli davlat organining fitosanitariya sertifikati va bojxona yuk deklaratsiyasi asosida aniqlanadi.

2025-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda:

bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratishdan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar, shuningdek Bolalar kontentini rivojlantirish markazi shunday kontentlarni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari boʻyicha foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi;

yuridik shaxslarga bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarini foyda soligʻini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi.

Paxta-toʻqimachilik klasterlari, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari 2025-yil 1-sentabrdan 2028-yil 1-sentabrga qadar boʻlgan davrda ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Ushbu Kodeks 289-3-modda birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan polietilen granulalari Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda aniq texnik parametrlar asosida shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kirilganda, 2025-yil 1-sentabrdan 2028-yil 1-yanvarga qadar aksiz soligʻidan ozod qilinadi.

Ilk marta aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan qoʻshilgan qiymat soligʻini va foyda soligʻini toʻlashga oʻtgan tadbirkorlik subyektlariga budjetga toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi yoki mol-mulk soligʻi summasini 2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar olti oy davomida buxgalteriya hisobini yuritish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga, biroq har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3,5 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi.

Ushbu moddaning toʻqsoninchi qismida belgilangan tartib tadbirkorlik subyekti buxgalteriyani tashkil etish uchun buxgalter bilan tuzilgan mehnat shartnomasi yoki buxgalteriya xizmatlari koʻrsatish boʻyicha autsorsing shartnomasi asosida qoʻllaniladi, bundan tadbirkorlik subyektining rahbari buxgalteriya hisobini yuritish vazifasini oʻz zimmasiga olgan hollar mustasno.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar 2028-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻi bazasini zargarlik buyumlarini va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ularning tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi oʻrtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqqan holda aniqlaydi.

Ushbu Kodeks 246-moddasining 6-bandiga muvofiq olib kirilgan, mebel sanoatida foydalaniladigan texnologik asbob-uskunalar distribyutorlar tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilingan taqdirda, 2030-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻi bazasi mazkur asbob-uskunalarni sotib olish narxi va realizatsiya qilish narxi oʻrtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

2028-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda:

avtotransport vositalarini elektr energiyasi bilan quvvatlantirish stansiyalari, shuningdek bunday obyektlar bilan band boʻlgan yer uchastkalari uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi ushbu soliqlardan hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida toʻlanadi;

soliq toʻlovchilar avtotransport vositalarini elektr energiyasi bilan quvvatlantirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan olgan daromadlar hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 50 foizini tashkil etgan taqdirda, ular shunday xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromad boʻyicha foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi;

avtotransport vositalarini elektr energiyasi bilan quvvatlantirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq bazasidan chegirib tashlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamgʻarmasining dividendlar tarzidagi daromadlari 2030-yil 1-yanvarga qadar foyda soligʻidan ozod qilinadi.

Milliy film va seriallar ishlab chiqarib, ularni realizatsiya qilishdan olingan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar shunday milliy film va seriallarni realizatsiya qilishdan olgan daromadlari boʻyicha 2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Oʻz ehtiyoji uchun gips xomashyosini qazib chiqaruvchi va undan tayyor qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga nisbatan gips xomashyosini qazib olganlik uchun belgilangan yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar 50 foiz miqdorda qoʻllaniladi.

Issiqxona faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan issiqxona xoʻjaliklari ijtimoiy soliqni 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha toʻlaydi.

Ishchilarining oʻrtacha ish haqi miqdori har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan mahalliy sanoat korxonalarining ishchilarni tashish va ovqatlantirish bilan bogʻliq xarajatlaridan har bir xodim uchun bir oyda bir bazaviy hisoblash miqdorigacha boʻlgan qismi 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy soliq bazasidan kamaytiriladi.

Ushbu moddaning toʻqson toʻqqizinchi qismida belgilangan soliq imtiyozi quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

ipakchilik, oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika, mebelchilik, kimyo, parfyumeriya, kosmetika, avtomobil, metallurgiya sanoati korxonalariga;

oʻzi ishlab chiqargan mahsulotini realizatsiya qilishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha olgan jami daromadining 60 foizidan koʻp boʻlgan soliq toʻlovchilarga.

2028-yil 1-yanvarga qadar:

issiqxona xoʻjaliklari tomonidan kredit majburiyatlari bajarilmaganligi sababli tijorat banklari balansiga oʻtgan issiqxonalar va ular bilan bogʻliq garov taʼminotida boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini tijorat banklari tomonidan realizatsiya qilish boʻyicha aylanmalar qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan;

tijorat banklari issiqxona xoʻjaliklarining kredit majburiyatlari bajarilmaganligi sababli oʻz balansiga qabul qilgan issiqxonalar va ular bilan bogʻliq boʻlgan garov taʼminotidagi koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.

2026-yil 1-yanvardan 2031-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda oʻrta va past orbitali yoʻldosh aloqa tarmoqlarini Oʻzbekiston hududida markaziy yer stansiyasi orqali tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan loyihalar doirasida:

qurilmalarni, dasturiy mahsulotlarni, ehtiyot qismlarini va butlovchi qismlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan;

yoʻldosh aloqa tizimi orqali koʻrsatilgan yoʻldosh aloqa tarmoqlari operatorlarining xizmatlar koʻrsatish boʻyicha aylanmasi qoʻshilgan qiymat soligʻidan;

markaziy yer stansiyalari, terminallar va yoʻldosh aloqa infratuzilmasining boshqa aktiv qurilmalari joylashtirilgan telekommunikatsiya inshootlari va ularning yer maydonlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻidan;

yoʻldosh aloqa tarmoqlari operatorlarining yaratilgan yoʻldosh aloqa tizimi orqali xizmatlar koʻrsatishdan olingan foydasi foyda soligʻidan ozod etiladi.

Ushbu Kodeks 437-moddasining oʻninchi qismida nazarda tutilgan qoidalar 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyunga qadar boʻlgan davrda jismoniy shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarga jalb qilingan chet el kontragentlari qoʻshilgan qiymat soligʻini, toʻlov manbaida foyda soligʻini va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi. Bunda ushbu imtiyoz chet el kontragentlari kreativ industriya sohasiga bevosita bogʻliq boʻlgan ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish uchun jalb etilganda qoʻllaniladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.