SYK · 14-modda

14-modda. Markaziy saylov komissiyasining vakolatlari

Markaziy saylov komissiyasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishni tashkil etadi;

saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi yuzasidan saylov kampaniyasi boshlanganligini eʼlon qiladi;

saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlashni amalga oshiradi, saylovni tashkil etish masalalari yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi, yoʻriqnomalar hamda nizomlarni tasdiqlaydi, tushuntirishlar beradi;

Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatidan (bundan buyon matnda Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati deb yuritiladi) foydalanish faoliyati boʻyicha umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun saylov okruglarini tuzadi;

Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarini tegishli hududga biriktirish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etadi;

hududiy saylov komissiyalarini tuzadi, ularga tegishli hududni (okrugni) biriktiradi hamda hududiy saylov komissiyalarining tarkibi va joylashgan manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi;

yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovini eʼlon qiladi;

yangi tashkil etilgan viloyatning xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzadi;

saylov komissiyalarining aʼzolari va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari uchun oʻqishlarni tashkil etadi;

qonunchilikda belgilangan asoslarga koʻra Qonunchilik palatasi deputatining hamda Senat aʼzosining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;

saylov komissiyalari tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish tartibini belgilaydi;

agar saylov komissiyalarining qarorlari ushbu Kodeksga zid boʻlsa, ushbu qarorlarni mustaqil ravishda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan bekor qiladi;

chet davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning saylovdagi kuzatuvchilariga mandatlar beradi;

saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, pul mablagʻlarini saylov komissiyalariga taqsimlaydi, shu jumladan siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun taqsimlaydi, saylov komissiyalarining binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlanishini nazorat qiladi, saylovni moddiy-texnik jihatdan taʼminlashga doir boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;

siyosiy partiyalarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilaydi;

taqdim etilgan hujjatlar asosida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyalardan tegishli hujjatlarni qabul qilib oladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga va Qonunchilik palatasi deputatligiga koʻrsatilgan nomzodlarni, shuningdek partiya roʻyxatini belgilangan tartibda roʻyxatga oladi va ular haqidagi maʼlumotlar matbuotda eʼlon qilinishini tashkil etadi;

roʻyxatga olingan nomzodlarga, shu jumladan partiya roʻyxati asosida nomzodlarga guvohnomalar beradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini roʻyxatga oladi hamda ularga guvohnomalar beradi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarga, shuningdek siyosiy partiyalarga saylovda ishtirok etishi uchun teng sharoitlarni taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga doir saylov byulletenlarining, saylovchilar roʻyxatlarining, imzo varaqalarining, saylov komissiyalari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning, saylov qutilarining va saylov komissiyalari muhrlarining namunalari hamda shakllarini, ularni saqlash tartibini belgilaydi;

saylov byulletenlarini tayyorlash va saylov uchastkalariga yetkazish tartibini belgilaydi;

saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat organlari hamda jamoat birlashmalari vakillarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitadi;

saylovning yakunlarini chiqaradi, Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha ovoz berishning umumiy natijalarini aniqlaydi hamda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar soni, har bir nomzod va siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlar soni toʻgʻrisidagi xabarni matbuotda eʼlon qiladi;

ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlarining yoki Senat aʼzolarining takroriy saylovi va boʻshab qolgan oʻrinlarga saylov oʻtkazilishini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida takroriy ovoz berish va takroriy saylov oʻtkazilishini tashkil etadi;

saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarini hamda Senat aʼzolarini roʻyxatga oladi, shuningdek ularning roʻyxatini matbuotda va boshqa manbalarda eʼlon qiladi;

saylovdan keyin Qonunchilik palatasining, Senatning birinchi majlisini chaqiradi;

saylangan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligi toʻgʻrisida guvohnoma topshiradi;

Qonunchilik palatasi deputatiga va Senat aʼzosiga tegishincha Qonunchilik palatasi deputatining hamda Senat aʼzosining guvohnomasini va koʻkrak nishonini beradi;

saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, bundan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar mustasno;

ushbu Kodeks talablari buzilganligi toʻgʻrisidagi materiallarni sudga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi;

boshqa mamlakatlarning saylov organlari, xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning vakillari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, uchrashuvlar tashkil etadi, bitimlar va memorandumlar tuzadi;

xorijiy mamlakatlardagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etadi, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning missiyalari tarkibida ishtirok etadi;

xalqaro tashkilotlarni, chet davlatlarning saylov organlarini va vakillarini saylovlarni kuzatish uchun taklif etadi;

saylovni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq hujjatlarning idoraviy arxivlarga topshirilishini taʼminlaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Reglamentini tasdiqlaydi;

jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni mustahkamlaydi va rivojlantiradi;

ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan oʻzga vakolatlarni amalga oshiradi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.