Yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasining, okrug va uchastka saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Quyidagilar hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas:
Qonunchilik palatasi deputati, mahalliy Kengash deputati, Senat aʼzosi;
boshqa saylov komissiyasining aʼzolari;
siyosiy partiyalarning aʼzolari va vakolatli vakillari;
viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari;
prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari;
nomzodlar, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari;
nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar;
ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar.
Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan hududiy saylov komissiyasining uch nafargacha aʼzosi komissiyada doimiy, qolgan aʼzolari jamoatchilik asosida ishlaydi.
Tuman va shahar saylov komissiyasining aʼzolari jamoatchilik asosida ishlaydi.
Hududiy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzolari ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Saylov komissiyasining oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan aʼzolari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan boʻshatilishi yoki ularning roziligisiz boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin emas.
Uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda hamda boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno.
Saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatligiga nomzod yoki ishonchli vakil etib roʻyxatga olingan aʼzosi saylov komissiyasi tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi.
Saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlari mazkur saylov komissiyasini tuzgan organ tomonidan bevosita yoxud uni aʼzolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida yozma ariza berganda;
u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
u oʻz vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelganda;
qonunga koʻra u saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlarini amalga oshirish bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan bedarak yoʻqolgan deb topilganda yoxud vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqanda;
u vafot etganda.
Zarur boʻlgan taqdirda, ushbu Kodeksda belgilangan tartibda saylov komissiyasining yangi aʼzosi saylanadi.