SYK · 64-modda

64-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatish tartibi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va qirq besh kun qolganida tugaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar koʻrsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Siyosiy partiyaning yuqori organi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga bitta nomzod koʻrsatishi mumkin.

Siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga faqat oʻz partiyasi aʼzolari orasidan yoki partiyasizni nomzod etib koʻrsatishga vakolatlidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.

Siyosiy partiyaning rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni roʻyxatga olishni iltimos qilib Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

siyosiy partiya yuqori organining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatish toʻgʻrisidagi qarori;

siyosiy partiya yuqori organi majlisining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatish toʻgʻrisidagi bayonnomasi, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaviyligi koʻrsatiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodning oʻz nomzodi ovozga qoʻyilishiga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi arizasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalari. Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarida Oʻzbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi boʻlishi kerak. Bunda siyosiy partiya bitta maʼmuriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) imzolar umumiy sonining koʻpi bilan sakkiz foizini toʻplashi mumkin.

Hujjatlarni taqdim etgan shaxsga Markaziy saylov komissiyasi hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni besh kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning ushbu Kodeks talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi.

Markaziy saylov komissiyasi roʻyxatga olish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va ushbu Kodeks talablaridan chetga chiqish hollari toʻgʻrisida tegishli siyosiy partiyalarning rahbarlariga maʼlum qiladi. Siyosiy partiya hujjatlardagi aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli.

Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni roʻyxatga olish uchun hujjatlarni qabul qilishni roʻyxatga olish muddati tugallanishiga yetti kun qolganida yakunlaydi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.