YK · 36-modda

36-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi

Butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:

1) yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;

2) yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda, bundan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini yangi muddatga uzaytirish hollari mustasno;

3) yuridik shaxs tugatilganda;

5) xizmatda foydalanish uchun chek yer berib qoʻyishga asos boʻlgan mehnatga oid munosabatlar bekor boʻlganda, agar qonunchilikda boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa;

6) yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga nomuvofiq foydalanilganida;

7) yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda;

8) yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda;

9) qonunchilikda belgilangan muddatlarda yer soligʻi, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam toʻlanmay kelinganda;

9-1) yer uchastkasini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda toʻlanmaganda — muddati oʻtgan qarzdorlik uning mavjudligi toʻgʻrisida vakolatli organlar tomonidan ogohlantirish berilgan sanadan eʼtiboran olti oy ichida bartaraf etilmaganda;

10) qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xoʻjaligi sohasiga taalluqli boʻlmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida;

13) yer uchastkasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda olib qoʻyilganda.

Yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi belgilangan tartibda quyidagi hollarda bekor qilinadi:

1) yer uchastkasiga, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda boshqa shaxsga oʻtkazilganda;

2) jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga qayta sotib olinganda;

3) qonunda belgilangan hollarda yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga musodara etilganda;

4) qonunda belgilangan hollarda yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar va boshqa koʻchmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga rekvizitsiya qilinganda;

5) ijro hujjatlari boʻyicha undiruv yer uchastkasiga qaratilganda.

Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 3 va 5-bandlarida koʻrsatilgan hollarda tugatish yerdan foydalanish hamda uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning taqdimnomasiga koʻra, huquqlar tugatilishining asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tegishincha viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining qarorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladi. Yer uchastkasiga egalik qilish huquqini yoki yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini ushbu modda birinchi qismining 6 — 11-bandlarida koʻrsatilgan hollarda tugatish ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan tartibda sud tomonidan amalga oshiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslar yer uchastkalariga egalik qilish huquqini, yer uchastkalaridan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini tugatish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda koʻrsatilgan mansabdor shaxslarning qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, ushbu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni ochiq tanlov va elektron onlayn-auksion yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomani bekor qilish yoki oʻzgartirish yoʻli bilan bekor qilishga haqli emas, bundan ushbu moddada nazarda tutilgan hollar mustasno.

Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini tugatish ijara shartnomasini bekor qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 6 — 10, 13-bandlarida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini tugatish ushbu Kodeksning 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda yer uchastkasining ijara shartnomasini bekor qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi hamda mulkdori yer uchastkasiga boʻlgan huquqlardan voz kechishidan yaqqol dalolat beruvchi xatti-harakatlar (chet elga joʻnab ketganlik, yer uchastkasidan belgilanganidan koʻproq muddat davomida foydalanmaslik) sodir etgan taqdirda, bu yer uchastkasi qonunchilik bilan belgilangan tartibda egasiz mol-mulk tariqasida hisobga olinadi.

Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlardan voz kechish mazkur yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi hamda mulkdori majburiyatlarining, yer uchastkasi boshqa shaxsga berilgunga qadar, biroq voz kechilgan paytdan yoki egasiz mol-mulk tariqasida davlat roʻyxatiga olingan kundan eʼtiboran uzogʻi bilan bir yil mobaynida, bekor qilinishiga sabab boʻlmaydi.

Yer uchastkasiga boʻlgan huquq bekor qilinganda, mazkur yer uchastkasi zaxira yerlar toifasiga oʻtkazilmaydi hamda tumanlar, shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlarining tasarrufida boʻlgan boʻsh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olinadi.

Tumanlar, shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlarining tasarrufida boʻlgan boʻsh turgan yer uchastkalari oʻn besh kunlik muddatda tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan davlat yer kadastrida hisobga olinishi hamda ushbu yerlarni boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berish (realizatsiya qilish) choralari koʻrilishi kerak.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.