[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-3709-Farmoni ijrosini taʼminlash hamda meva-sabzavotchilik va uzumchilik shirkatlarini fermer xoʻjaliklariga aylantirish, agrosanoat firmalarini tashkil qilish va meva-sabzavotchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-avgustdagi F-2306-son Farmoyishiga asosan tashkil qilingan maxsus komissiyaning:
2006-yil birinchi choragida meva-sabzavotchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari)ni fermer xoʻjaliklariga aylantirish haqidagi takliflari 1-ilovaga muvofiq;
tugatilayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari) hududida bozor va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini tashkil etish boʻyicha takliflari 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 1-ilovada qayd etilgan tugatilayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari) negizida fermer xoʻjaliklarini tashkil qilishda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
a) yer uchastkasi ijarasi haqidagi shartnomada belgilab qoʻyilgan mavjud ixtisoslashuvni saqlab qolish;
b) fermerlarning shartnomaga asosan bogʻ va uzumzorlardan, shuningdek, ajratilgan limit boʻyicha suv resurslaridan oqilona foydalanish majburiyatini olish;
v) bogʻ va uzumzorlarni sotish tugatilayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativining umumiy yigʻilishi qarori bilan faqat shirkat paychilari va aʼzolari oʻrtasida oʻtkaziladigan yopiq kimoshdi savdosida amalga oshirilishi mumkin.
3. Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi (Mirziyoyev), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” XK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari:
a) 1-ilovaga muvofiq 2006-yil 20-martgacha boʻlgan muddatda fermer xoʻjaliklarini tashkil qilishga daʼvogarlar oʻrtasida xolis va oshkora tanlov, kimoshdi savdolari oʻtkazishda jamoatchilik hamda fuqarolar yigʻini vakillarini jalb etib, haqqoniylik, ochiqlik va ijtimoiy adolat talablariga qatʼiy rioya qilgan holda gʻoliblarning aniqlanishini taʼminlasin;
b) 2006-yil 15-aprelgacha yangi tashkil qilinadigan fermer xoʻjaliklari bilan qayta ishlash korxonalari oʻrtasida meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini yetkazib berish toʻgʻrisida shartnomalar tuzishni tashkil qilsin va ularda ishlab chiqarishni kamida 30 foizgacha avans bilan taʼminlash koʻzda tutilsin;
v) 2-ilovaga muvofiq oʻn kunlik muddatda tugatilayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari) hududida tuziladigan ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlarining joyi va ularni tashkil etish muddatlari belgilansin;
g) shirkatlarni fermer xoʻjaliklariga aylantirish natijasida tugatilayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativlarining boʻshaydigan aʼzolarini ish bilan taʼminlash masalasini hal qilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi hamda “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” XK muassislarining mazkur kompaniyani “Oʻzvinosanoat-xolding” xolding kompaniyasiga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
(4-bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3398-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2017-y., 07/17/3398/0282-son)
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3398-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2017-y., 07/17/3398/0282-son)
5. “Oʻzvinosanoat-xolding” XK “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” XKning shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi deb belgilansin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga:
a) aholi zich yashaydigan turar joy mavzelarida hamda dehqon bozorlarida “dala-doʻkon” tamoyili boʻyicha ixtisoslashgan savdo shoxobchalari va doʻkonlari;
b) “Oʻzvinosanoat-xolding” XK hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda fermer xoʻjaliklarini tara idishlar va qadoqlash materiallari bilan taʼminlash tarmogʻi;
v) Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan birgalikda tugatilayotgan meva-sabzavotchilik va uzumchilik shirkat xoʻjaliklari negizida tashkil etilayotgan fermer xoʻjaliklariga transport xizmati koʻrsatish tarmogʻini tashkil qilish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
Ushbu bandning bajarilishi haqida 2006-yil 1-aprelgacha Vazirlar Mahkamasiga hisobot berilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
a) konserva sanoati korxonalari oʻz faoliyatini mustaqil xoʻjalik subyektlari sifatida amalga oshiradi va ixtiyoriy ravishda agrosanoat firmasi tarkibiga kirishi mumkin;
b) agrosanoat firmalari va mustaqil qayta ishlash korxonalari oʻz faoliyatini muvofiqlashtirish, texnik qayta jihozlashga investitsiyalar jalb etish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ichki va tashqi bozorda marketing tadqiqotlari oʻtkazish, oʻz mahsulotini eksport qilish uchun viloyat darajasida ixtiyoriy ravishda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchilar uyushmalariga birlashishi mumkin;
v) tugatilayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari)ning vinochilik punktlari, mol-mulk qiymati belgilangan tartibda qoplangan va tushgan mablagʻlar tugatilayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkati)ning kreditorlik qarzlarini toʻlashga yoʻnaltirilgan holda, “Oʻzvinosanoat-xolding” XK vinochilik korxonalari ixtiyoriga oʻtkaziladi.
8. 2010-yilgacha boʻlgan davrda qayta ishlash korxonalarining eksport salohiyatini mustahkamlashni hisobga olgan holda, ularni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash boʻyicha investitsiya loyihalari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda, meva-sabzavot mahsulotlari va uzum yetishtirish, ularni eksport qilish borasida katta imkoniyatga ega boʻlgan eng istiqbolli hududlarni qamrab olgan holda, Meva-sabzavot mahsulotlari va uzumni qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish dasturini tayyorlasin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 52-son, 561-modda)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Oʻzvinosanoat-xolding” XK va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar taqdim etsin.
13. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 11-yanvar,
PQ-255-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 11-yanvardagi PQ-255-son qaroriga 1-ILOVA
2006-yilda fermer xoʻjaliklariga qayta tashkil etiladigan meva-sabzavotchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 11-yanvardagi PQ-255-son qaroriga 2-ILOVA
2006-yilda qaytadan tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan meva-sabzavotchilik va uzumchilik qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari) hududida tashkil etilayotgan bozor va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari
Izoh: tashkil etilayotgan infratuzilma obyektlari soni Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha respublika komissiyasining qarori bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 11-yanvardagi PQ-255-son qaroriga 5-ILOVA
2010-yilgacha boʻlgan davrda qayta ishlash korxonalarining eksport salohiyatini mustahkamlashni hisobga olgan holda, ularni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash boʻyicha investitsiya loyihalari