PF-3406-son Farmon · 11.03.2004

Qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonunlar ijrosini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3406
  • Qabul qilingan sana:11.03.2004
  • Kuchga kirgan sana:11.03.2004
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 10

Qishloqda agrar va iqtisodiy munosabatlarni isloh qilishga qaratilgan qonunlar va ular asosida qabul qilingan meʼyoriy hujjatlarning ogʻishmay ijro etilishini taʼminlash, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda davlat manfaatlarini himoya qilish borasida prokuratura organlari faoliyatini kuchaytirish maqsadida:

1. Bosh prokuratura, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar prokuraturalari tuzilmalarida qishloq xoʻjaligi sohasida qonuniylikni taʼminlash va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlarini himoya qilish boʻlimlari tashkil qilinsin hamda ularga 48 ta qoʻshimcha shtat birligi, shu jumladan markaziy mahkama uchun 3 ta shtat birligi ajratilsin.

2. Hududiy prokuraturalarning qishloq xoʻjaligi sohasida qonuniylikni taʼminlash va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlarini himoya qilish boʻlimlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga oid qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari hamda hukumat qarorlarida bayon etilgan talab va qoidalar oʻz vaqtida, toʻliq ijro etilishini nazorat qilish;

asosiy qishloq xoʻjalik ekinlari (paxta va gʻalla) ekiladigan maydonlar monitoringini muntazam oʻtkazib turish, ekin maydonlari mahsulot ishlab chiqaruvchilar — fermer va shirkat xoʻjaliklari, tuman va viloyatlar tomonidan qabul qilingan hamda tasdiqlangan shartnoma majburiyatlariga muvofiqligini tanlab tekshirishlar oʻtkazish;

fermer va dehqon xoʻjaliklariga yer ajratish borasida qonunchilik hamda meʼyoriy hujjatlarda oʻrnatilgan tartib buzilishining oldini olish kompleks chora-tadbirlarini amalga oshirish, bunda masʼul shaxslar tomonidan xizmat mavqeyi suiisteʼmol qilinishiga, qarindosh-urugʻchilik va oshna-ogʻaynigarchilik munosabatlaridan foydalanish hollariga yoʻl qoʻymaslik;

yerlardan qatʼiy ravishda maqsadli foydalanish, sugʻoriladigan ekin maydonlari muomaladan chiqarilishiga yoʻl qoʻymaslik, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish boʻyicha qabul qilingan shartnoma majburiyatlariga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;

yerlardan maqsadli va asrab-avaylab foydalanishni, ularning unumdorligi saqlanishi hamda ekologiya normalariga rioya etilishini taʼminlab kelayotgan fermer hamda dehqon xoʻjaliklarining huquq va manfaatlarini himoya qilish;

suv resurslaridan isrofgarchilik bilan foydalanish, mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash materiallarini oʻgʻirlab talon-toroj qilish, gidrotexnika, melioratsiya inshootlari hamda qishloq xoʻjalik texnikasini ishlatishda xoʻjasizlik faktlarining oldini olish choralarini koʻrish;

qishloq xoʻjaligi sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi, shu jumladan qonunchilikni keng koʻlamda tushuntirish yoʻli bilan shunday huquqbuzarliklarning oldini olish.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-avgustdagi PF-4815-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 32-son, 387-modda)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori (R. Qodirov) va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri (M. Nurmurodov) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining shtatlar roʻyxatini mazkur Farmonga muvofiqlashtirsinlar.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

6. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2004-yil 11-mart,

PF-3406-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-iyuldagi PF-4636-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 32-son, 395-modda)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-iyuldagi PF-4636-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 32-son, 395-modda)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-iyuldagi PF-4636-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 32-son, 395-modda)

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-iyuldagi PF-4636-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 32-son, 395-modda)

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-avgustdagi PF-4815-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 32-son, 387-modda)

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 8-avgustdagi PF-4815-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 32-son, 387-modda)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.