PQ-551-son Qaror · 02.01.2007

Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Maktab taʼlimini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-551
  • Qabul qilingan sana:02.01.2007
  • Kuchga kirgan sana:02.01.2007
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 1

Maktab taʼlimini rivojlantirish Davlat umummilliy Dasturi amalga oshirilishini taʼminlash, uzluksiz taʼlimning yaxlit yagona tizimini kuchaytirish va umumtaʼlim maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

Jahon banki Direktorlar Kengashi Oʻzbekiston Respublikasiga “Maktab taʼlimini rivojlantirish” loyihasining birinchi bosqichini moliyalashtirish uchun Xalqaro Taraqqiyot Uyushmasining (XTU) ekvivalenti 15,0 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan 10,1 mln. QOMH (qarz olish maxsus huquqi) miqdorida, oʻn yillik imtiyozli davrni ham hisobga olgan holda uzish muddati 35 yil boʻlgan foizsiz kredit berishni maʼqulladi;

loyihaning birinchi bosqichini moliyalashtirish boʻyicha 1-ilovaga muvofiq chora-tadbirlar belgilandi;

loyihaning birinchi bosqichida nazarda tutilgan tadbirlar yakunlangach, loyihaning ikkinchi bosqichini moliyalashtirish uchun XTUning 25,0 mln. AQSH dollariga teng miqdordagi krediti beriladi;

XTUning krediti boʻyicha asosiy qarzni uzish bilan bogʻliq xarajatlar, komissiyalar va kredit boʻyicha boshqa sarf-xarajatlarni toʻlash davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

2. XTU kreditini uzish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi ushbu loyihaning ijro etuvchi agentligi etib belgilansin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:

XTU qarz mablagʻlaridan maqsadli va oʻz vaqtida foydalanish hamda loyihani samarali amalga oshirish ustidan qatʼiy nazoratni amalga oshirish;

loyihani amalga oshirish doirasida tovarlar, ishlar (xizmatlar)ni xarid qilish boʻyicha tender va baholash komissiyalarining tarkibini tasdiqlash.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri ushbu loyihani moliyalashtirish toʻgʻrisida XTU bilan tuzilgan Bitimni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolashga vakil etib tayinlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan XTU oʻrtasida moliyalashtirish toʻgʻrisidagi Bitim boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.

7. Loyiha amalga oshiriladigan davrda:

mazkur loyiha doirasida import boʻyicha olib kelinadigan tovarlar, ishlar (xizmatlar) bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan;

ushbu loyihani amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olinadigan tovarlar, ishlar (xizmatlar) — qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari konsullik yigʻimi undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

10. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va R.S. Qosimov zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2007-yil 2-yanvar,

PQ-551-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 2-yanvardagi PQ-551-son qaroriga 1-ILOVA

“Maktab taʼlimini rivojlantirish” loyihasini moliyalashtirish chora-tadbirlari

* Yakuniy koʻrsatkichlarga loyihaning TIHni ishlab chiqish mobaynida aniqlik kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 2-yanvardagi PQ-551-son qaroriga 2-ILOVA

XTUning “Maktab taʼlimini rivojlantirish” loyihasi boʻyicha kreditini toʻlash

* — toʻlov summasiga haqiqatda kredit olingan sanaga muvofiq aniqlik kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.