Agrar sohadagi iqtisodiy islohotlar jarayonini chuqurlashtirishni taʼminlash, qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlar)ni shakllantirish, mulkiy paylar va oilaviy pudrat tizimini joriy etish asosida qishloqda haqiqiy mulkdorlar sinfini shakllantirish, tuproq unumdorligini oshirish, yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, seleksiya va urugʻchilikni yaxshilash, raqobatbardosh qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida:
1. 1998 — 2000-yillardagi davrda Qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturi* maʼqullansin.
* Dastur berilmaydi.
2. Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga oid ushbu Dasturning bajarilishini nazorat qiluvchi Respublika komissiyasi tuzilsin.
Respublika komissiyasi har chorakda Dastur qanday bajarilayotganligi yakunlarini chiqarib, uning natijalari toʻgʻrisida respublika hukumatiga maʼlum qilib borsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Dasturni amalga oshirish yuzasidan tadbirlar ishlab chiqib, tasdiqlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddat ichida hududlar boʻyicha Dastur qoidalarini amalga oshirishga doir aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsinlar.
5. 1998 — 2000-yillardagi davrda Qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturi bajarilishini taʼminlash uchun vazirliklar va idoralarning rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi va viloyatlarning hokimlari shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
6. Dasturning bajarilishi har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama qilib borilsin.
7. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 18-mart,
PF-1978-son