Toshkent shahrini kompleks ravishda barpo etish, qurilish tashkilotlari va korxonalarining xoʻjalik sohasidagi mustaqilligini oshirish, shuningdek ularning bozor sharoitlarida ishlashga oʻtishlari uchun zarur iqtisodiy zamin hozirlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent shahridagi qurilishlar boʻyicha Bosh boshqarmasi (“Toshkentboshqurilish”) tugatilsin.
“Toshkentboshqurilish” tizimidagi birlashmalar, trestlar, tashkilot va korxonalarning Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi (“Toshkentqurilish”)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi:
binokorlik sanoatining qurilish, sanoat korxonalarini, tugatilgan “Toshkentboshqurilish”ning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari hamda boshqa boʻlinmalarini aksionerlik prinsiplari asosida ixtiyoriy ravishda birlashtiradi;
yuridik shaxs hisoblanadi hamda oʻz faoliyatini amaldagi qonunlar va korporatsiyaning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ustavi asosida amalga oshiradi.
3. Quyidagilar Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
davlat topshiriqlariga muvofiq hamda buyurtmachilar bilan toʻgʻridan toʻgʻrishartnomalar boʻyicha uy-joylar, sotsial-madaniy va ishlab chiqarish inshootlarini qurish va foydalanishga topshirish;
binokorlik materiallari, konstruksiyalari hamda boshqa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish, korxonalar, tashkilotlarga hamda aholiga taʼmirlash-qurilish xizmatlari va boshqa xizmat turlarini koʻrsatish;
kooperatsiya va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlashda korporatsiya qatnashchilariga koʻmaklashish, ularga tijorat, marketing xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlarni koʻrsatish;
moddiy-texnika resurslari bozorini oʻrganish, ular bilan markazlashtirilgan tarzda taʼminlanishni tashkil qilish, oʻzining moddiy-ishlab chiqarish bazasini kengaytirish va mustahkamlash;
ishlab chiqarishning texnikaviy darajasi va ishlarning sifatini oshirishni, ularning xarajatini kamaytirishni taʼminlaydigan loyiha-texnologiya hamda ilmiy-texnikaviy ishlanmalar va innovatsiya dasturlarini ishlab chiqishni tashkil qilish.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddat ichida Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasini tashkil etish va uning faoliyatiga oid qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-fevral,
PF-558-son