Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlarining moddiy-texnika negizini mustahkamlash, ular zimmasiga yuklangan vazifalar va yumushlarni bajarish uchun zarur shart-sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik sudlarini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat boji va respublikaning xoʻjalik sudlari koʻrib chiqadigan ishlar yuzasidan undirib olinadigan jarima mablagʻlarining 10 foizi mazkur jamgʻarmaga oʻtkaziladi;
jamgʻarma mablagʻlaridan xoʻjalik sudlarining moddiy texnika negizini mustahkamlash va ularning xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish uchun foydalaniladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik sudlarini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 17-fevral,
PF-564-son