Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining olti yilligi munosabati bilan, shuningdek insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 20-bandiga asosan, qaror qilaman:
1. Ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolardan quyidagi mahkumlar ozod qilinsin:
a) ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan, shuningdek Chernobil AESidagi halokat oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etgan shaxslar;
b) 60 yoshdan oshgan ayollar;
v) voyaga yetmagan yoshida jinoyat sodir etgan shaxslar;
g) birinchi va ikkinchi guruh nogironlari.
2. Uch yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, shuningdek ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
3. Besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va tayinlangan jazo muddatining kamida toʻrtdan bir qismini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
4. Ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan jinoyati uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va tayinlangan jazo muddatining kamida yarmini oʻtagan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
5. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, qonunda ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazolar tayinlash nazarda tutilmagan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari va sudda koʻrilmagan shu toifadagi ishlar harakatdan tugatilsin.
6. Mazkur Farmonga asosan jazodan ozod qilinmaydigan shaxslar jazo muddatining oʻtalmagan qismi quyidagicha qisqartirilsin:
a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganlar uchun — yarmiga;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilinganlar uchun — toʻrtdan bir qismiga.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 150 — 163, 247, 248-moddalarida, 270-moddasining 2 va 3-qismlarida, 271, 272, 273-moddalarida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etganlarga, oʻta ogʻir jinoyatlar uchun (Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismi “a” bandi bundan mustasno) hukm qilinganlarga, oʻta xavfli retsidivist deb topilganlarga, shuningdek uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etganlarga nisbatan Farmonning 1 — 3, 5, 6-moddalari qoʻllanilmasin.
Jazo oʻtash tartibini muntazam ravishda buzgan mahkumlarga, shuningdek ilgari amnistiya yoki afv etish qoʻllanilganidan soʻng jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan ushbu Farmon tadbiq etilmasin.
8. Farmon matbuotda eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi va toʻrt oy mobaynida ijro etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 1-dekabr,
PF-2150-son