Qayd etib oʻtilsinki, Bolalar musiqa va sanʼat maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha 2009 — 2014-yillarga moʻljallangan Davlat dasturining amalga oshirilishi natijasida respublika mintaqalarida zamonaviy oʻquv uskunalari va musiqa asboblari bilan jihozlangan 278 ta bolalar musiqa va sanʼat maktablari ishga tushirildi. Natijada 2008-yilga nisbatan bolalar musiqa va sanʼat maktablarining quvvati 1,2 barobarga, oʻqituvchilar tarkibi — 1,3 barobarga, oʻquvchilar soni 1,5 barobarga ortdi. Mazkur davr mobaynida respublikaning yosh isteʼdodli musiqachilari va ijrochilari tomonidan ijro mahorati boʻyicha nufuzli xalqaro tanlovlarda 441 sovrinli oʻrinlar qoʻlga kiritildi.
Bolalar musiqa va sanʼat maktablarini qurish va hududiy jihatdan maqbul joylashtirish boʻyicha boshlangan ishlarni mantiqiy davom ettirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodning umumiy oʻrta taʼlimi va ularni har tomonlama maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashning bir-biriga bogʻlangan yaxlit tizimini shakllantirish, bolalarning ijodiy salohiyatini yanada keng ochib berish, musiqa va sanʼatning boshqa turlarini chuqurroq tushunishi hamda ularga nisbatan mehr-muhabbat uygʻotish, musiqa va tasviriy sanʼat sohalarida jahon buyuk merosini oʻrganib bilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1 Quyidagilarni oʻz ichiga olgan Bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha 2016 — 2020-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi:
2016 — 2020-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bolalar musiqa va sanʼat maktablarini yangitdan qurish, mukammal rekonstruksiya qilish va jihozlashning asosiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
2016 — 2020-yillarda bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha 2016 — 2020-yillarga moʻljallangan Davlat dasturining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yangi sifatli mazmun bilan boyitish, ularni bolalarning umumiy oʻrta taʼlimi va maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi butun tizimining ajralmas tarkibiy qismi sifatida shakllantirish, maʼlum bir asbobni chalish texnikasini egallash bilan bir qatorda, jahon mumtoz musiqasini, dunyoga tanilgan buyuk bastakorlar va rassomlarning ijodini chuqur oʻrganish, oʻquvchilarning musiqiy va umumiy madaniyatini oshirish, bolalarda butun umri davomida hamroh boʻladigan musiqa hamda sanʼatning boshqa turlariga qiziqishni kuchaytirish va muhabbatni har tomonlama singdirish;
bolalar musiqa va sanʼat maktablarini namunaviy loyihalar boʻyicha yangitdan qurish va mukammal rekonstruksiya qilish orqali ularning tarmogʻini yanada rivojlantirish, umum taʼlim maktablari joylashuvini hisobga olgan holda aholi zich yashaydigan massiv va qishloqlarda oqilona va qulay joylashtirilishini nazarda tutgan holda respublikaning barcha mintaqalarida, shu jumladan qishloq joylarda ularni maqbul hududiy joylashtirish va buning asosida musiqa hamda sanʼatning boshqa turlari bilan shugʻullanishni istayotgan bolalarni yanada toʻliq qamrab olishni taʼminlash;
bolalar musiqa va sanʼat maktablarida butun oʻquv-tarbiya jarayonini tubdan yaxshilash, ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda yangi oʻquv dasturlari va oʻqitish metodikalarini ishlab chiqish hamda joriy etish, mukammal oʻquv-pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish;
bolalar musiqa va sanʼat maktablarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash hamda foydalanish samaradorligini oshirish, ularni yangi avlod zamonaviy oʻquv uskunalari va anjomlari, shu jumladan multimediya shaklidagi oʻquv adabiyoti va metodik qoʻllanmalar, mahalliy va xorijiy kompozitorlar ijodiga doir nota toʻplamlari va klavirlar, shuningdek sifatli koʻrgazmali materiallar bilan taʼminlash;
Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi, Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi hamda mintaqalardagi musiqa va sanʼat kasb-hunar kollejlari imkoniyatlaridan keng foydalangan holda bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻqituvchilari, konsertmeysterlari va sozlovchilarini tayyorlash va malakasini uzluksiz oshirish tizimini takomillashtirish.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
4. Bolalar musiqa va sanʼat maktablarini qurish, mukammal rekonstruksiya qilish va jihozlashni moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-maydagi PF–5043-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 354-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-avgustdagi PQ-3242-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 35-son, 923-modda)
imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya qoʻyilmalari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Belgilansinki:
mintaqalarda yangi bolalar musiqa va sanʼat maktablarini qurish faqat ularni hududiy joylashtirishning ishlab chiqilgan sxemalariga muvofiq, tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha amalga oshiriladi;
bolalar musiqa va sanʼat maktablarini qurish va mukammal rekonstruksiya qilishni tashkillashtirish boʻyicha buyurtmachi vazifasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi zimmasiga yuklatiladi;
bolalar musiqa va sanʼat maktablarini jihozlash boʻyicha buyurtmachi vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklatiladi;
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-maydagi PF–5043-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 354-modda)
bolalar musiqa va sanʼat maktablarini yangitdan qurish uchun shaharlar va tumanlarda yer uchastkalarini tanlash umumtaʼlim maktablari yaqin boʻlgan aholi zich yashaydigan massiv va qishloqlarda oqilona va qulay joylashtirilishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi;
yangi qurilgan va mukammal rekonstruksiya qilingan bolalar musiqa va sanʼat maktablari obyektlarini foydalanish uchun qabul qilish 4-ilovaga muvofiq tarkibdagi Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bolalar musiqa va sanʼat maktablarining yangi qurilishi va mukammal rekonstruksiya qilinishini tasdiqlangan namunaviy loyihalar va loyiha yechimlariga qatʼiy muvofiq holda amalga oshirish talablarining soʻzsiz bajarilishi, shuningdek bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifati, qurilish meʼyorlari va qoidalariga rioya qilinishi ustidan arxitektura- qurilish nazoratini oʻrnatsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bir oy muddatda 2016-yil uchun bolalar musiqa va sanʼat maktablarini yangitdan qurish va mukammal rekonstruksiya qilish obyektlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, Qurilish-pudrat tashkilotlari roʻyxatiga kirgan tashkilotlarni jalb qilgan holda pudratchilarni saralab olish boʻyicha tanlov tender savdolarini oʻtkazish, tanlov savdolari gʻoliblari bilan pudrat shartnomalari tuzishni taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili Investitsiya dasturi loyihasi va qurilishning manzilli roʻyxatini shakllantirishda Davlat dasturida nazarda tutilgan 2016 — 2020-yillarda bolalar musiqa va sanʼat maktablarini yangitdan qurish va mukammal rekonstruksiya qilishning asosiy parametrlarini hisobga olsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-maydagi PF–5043-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 354-modda)
9. Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha Bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha 2016 — 2020-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi doirasida bolalar musiqa va sanʼat maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun olib kiriladigan musiqa asboblari va maxsus uskunalar 2021-yilning 1-yanvarigacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 20-noyabr,
PQ-2435-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 20-noyabrdagi PQ-2435-son qaroriga 1-ILOVA
2016 — 2020-yillarda bolalar musiqa va sanʼat maktablarini yangitdan qurish, mukammal rekonstruksiya qilish va jihozlashning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 20-noyabrdagi PQ-2435-son qaroriga2-ILOVA
2016 — 2020-yillarda bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-avgustdagi PF-5158-sonli Farmoni tahririda)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 20-noyabrdagi PQ-2435-son qaroriga4-ILOVA
Yangi qurilgan va mukammal rekonstruksiya qilingan bolalar musiqa va sanʼat maktablari obyektlarini foydalanish uchun qabul qilish Davlat komissiyasi
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.